Finlyandiyada sobiq bosh vazir prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi
Finlyandiyada sobiq bosh vazir, o‘ng markazchi Milliy koalitsiya partiyasidan nomzod, konservator Aleksandr Stubb mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
11-fevral kuni Finlyandiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida Stubb g‘alaba qozondi. U 51,6 foiz ovoz oldi, raqibi sobiq tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto esa 48,4 foiz to‘pladi. U Stubbni Finlyandiyaning 13-prezidenti sifatida tabrikladi:
“Men Finlyandiya respublika uchun yaxshi prezidentni qabul qilganiga ishonaman. Aleksandr Stubb bu ish uchun tajribali, malakali shaxs”.
Finlyandiyada prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatning sobiq bosh vaziri 27,2 foiz, sobiq tashqi ishlar vaziri Haavisto 25,8 foiz ovoz olgan. Finlyandiyaning yangi prezidenti Aleksandr Stubb amaldagi prezident Sauli Niinisto o‘rniga rasman 1-martdan o‘z lavozimiga kirishadi.