Putin Kiyev bilan mojaroni muzlatishni taklif qilganmidi? Peskov javob berdi
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin Ukrainadagi mojaroni muzlatish taklifi bilan chiqqanini rad etdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Bir kun avval Reuters Rossiya AQSHga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bilan chiqqani, biroq AQSH bu taklifni rad etgani haqida xabar bergan edi.“Yo‘q, bu haqiqat emas”, dedi Kreml vakili agentlik nashriga izoh berish vaqtida. Reuters’ga ko‘ra, Putin mojaroni muzlatish taklifini ilgari surgan va Rossiya bosib olgan hududlardan hech birini qaytarishni istamagan.
Ismini oshkor etmagan rus manbasining agentlikka aytishicha, Vashington Kiyevga bosim o‘tkazishni istamagani uchun “amerikaliklar bilan muzokaralar natija bermagan”. Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar Ukrainada Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmaganini aytgan.
Fevral oyida amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Rossiya va Ukraina “ertami-kechmi, kelishuvga erisha olishini” aytgan. Uning fikricha, Ukraina AQSH ko‘rsatmasi bilan Rossiya bilan muzokara qilishdan bosh tortgan. Suhbatdan so‘ng Karlson Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha murosa qilishga tayyor, degan fikrni bildirgan edi.