AQSH Ukrainaga ATACMS raketalarining uzoq masofali modifikatsiyalarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda
AQSH rasmiylari Ukrainaga ATACMS ballistik raketalarining Kiyevga yuborilgan avvalgi o‘xshash raketalardan uzoqroq masofaga uchadigan zamonaviy versiyalarini taqdim etish ustida ishlamoqda. Bu haqda NBC News xabar bermoqda.
“Ukraina rasmiylaridan bir necha oylik so‘rovlarni olgandan so‘ng, AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati Ukrainani yangi kuchli ballistik raketalar bilan taʼminlash ustida ishlamoqda. AQSH hozirda Ukrainaga ATACMS raketalarining yangi versiyasini yuborishga intilmoqda”, — deb taʼkidladi telekanal nomi oshkor etilmagan AQSH rasmiylariga tayanib.
Ularga ko‘ra, Kongress Ukraina uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullasa, Qo‘shma Shtatlar joriy yilning birinchi harbiy yordam paketlaridan biriga yangi ATACMS’ni kiritishi mumkin. Ayni paytda Vashington Kiyevga o‘q-dorilar va artilleriya yuborishga tayyor.
Rasmiylar Vashington o‘z ittifoqchilaridan Ukrainaga raketalarini yetkazib berishni, shuningdek, Amerikaning ATACMS zaxiralarini to‘ldirishni so‘rashi mumkinligini istisno qilmadi.
Pentagon rasmiylari, o‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlarda ATACMS’ning cheklangan zaxirasi borligini va raketalar o‘z arsenallarini to‘ldirish imkoniyatisiz Ukrainaga yuborilishi dargumon ekanligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar chog‘ida Vashingtonni Kiyevga yangi qurollar, jumladan, 300 kilometrdan ortiq masofaga uchadigan ATACMS raketalarini yetkazib berishga chaqirgan edi.