Zelenskiy shiddatli janglar ketayotgan Kupyanskka bordi
19-fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Xarkov viloyatining Kupyansk hududidagi front mudofaa pozitsiyalariga tashrif buyurdi va jang maydonidagi vaziyat bilan tanishdi. Bu haqda Ukraina nashrlari tarqatgan xabarlarga asoslanib, CNN xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Ukraina rahbari Kupyanskda hududni himoya qilayotgan 14-alohida mexanizatsiyalashtirilgan brigada komandiri podpolkovnik Oleksiy Trubnikov bilan uchrashgan. Uchrashuvda front chizig‘idagi operativ vaziyat, qo‘shni bo‘linmalar bilan o‘zaro aloqalar, dronlardan foydalanish tajribasi, Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari hamda elektron urush tizimlariga qarshi kurashish bo‘yicha tafsilotlar muhokama qilingan.
Ukraina yetakchisi, shuningdek, qo‘shinlardagi texnika holati, o‘q-dori va boshqa shoshilinch ehtiyojlar bo‘yicha vaziyat haqida generallardan maʼlumot so‘ragan. Suhbat so‘ngida Zelenskiy askarlarga Ukrainani himoya qilayotganlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Rossiya ayni damda Ukraina harbiylariga boy berilgan hududlarni qaytarib olish uchun Kupyansk tomon intilmoqda. Kupyansk shahri va Xarkov viloyatining sharqiy zonalari 2022-yil fevralidan 2022-yil sentyabriga qadar Rossiya kuchlari tomonidan ishg‘ol qilingan. Keyinchalik Ukraina harbiylari qarshi hujum uyushtirib, hududni qaytarib olgan edi.