Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

37 yoshli Fahriye Evjen nafaqat mashhur turk aktyori Burak O‘zchivitning rafiqasi, eridan kam bo‘lmagan qiziqarli shaxs hamdir. Oqila va chiroyli Fahriye bolaligidanoq o‘zining mehnatkashligi bilan ajralib turgan.

Fahriye Evjen: biografiya

Aktrisa 1986-yil 4-iyunda tug‘ilgan. Ota-onasi Hatiche va Ramazan Evjen Germaniyaning g‘arbida joylashgan Zollingen shahrida yashagan. Onasi — cherkes, otasi esa Saloniki shahridan qochgan turk muhojiri edi.

Fahriye ularning to‘rtinchi, eng kichik qizi bo‘lgan: opalari Ayshe, Demet va Neshe doim singlisini qo‘llab-quvvatlagan, uni hech kimga xafa qildirishmagan.

“Meni hech qachon ortiqcha erkalatishmagan. Bolaligimda ertakdagi malika kabi hayot kechirganman deb ayta olmayman. Albatta, eng kichigi bo‘lganim sababli ko‘plab narsalarga ruxsat berishgan. Opalarimni juda yaxshi ko‘raman, ular uchta! Har biri bilan alohida munosabatda bo‘lganman, lekin hech qachon erkatoy, tantiq bola bo‘lmaganman”, — deydi turk aktrisasi yengil tabassum bilan.

Ammo uning bolalik yillarida qayg‘u bilan eslaydigan voqealar ham bor. 90-yillar boshlarida Germaniyada muhojirlarning keskin ko‘payishi sababli neonatsionalistik harakatlar avj oladi. Qizning aytishicha, 7 yoshida oila hayotini saqlab qolish uchun yerto‘lada yashirinishga majbur bo‘lgan. Hatto hozir ham bu mavzu tilga olinishi bilan aktrisaning ko‘z oldiga turk oilalarining yonayotgan uylari keladi. Ulardan besh nafari halok bo‘lgan, o‘n to‘rt nafari jarohatlangan.

Tez orada namoyishlar to‘xtaydi, jinoyatchilar qamoqqa tashlanadi, hayot o‘z iziga tushadi. Fahriye maktabga boradi, bilimlarni zavq bilan o‘zlashtiradi. U til o‘rganishni yoqtirardi (hozirgi paytda aktrisa nemis, ispan va ingliz tillarida erkin gaplasha oladi), bundan tashqari otasi qizlari ildizlarini bilishlari kerak deb hisoblagani uchun dastlabki to‘rt yil puxta tarzda turk tilini o‘rganish uchun sarflanadi.

O‘sha paytda Fahriye hayotini aktrisalik bilan bog‘lash haqida o‘ylamagan ham. Ammo qizaloq uyda kartondan yasalgan mikrofonda qo‘shiq kuylab, o‘zi yozgan qo‘shiqlari bilan sahnada chiqishni tasavvur qilishni yoqtirardi.

O‘rta va katta sinflarda o‘qiyotganda maktab spektakllarida qatnashishni boshlaydi, u bu narsalarga hobbi sifatida munosabatda bo‘ladi. Basketbol, raqs, kikboksing va adabiyot klubiga ham qatnashishni kanda qilmasdi — klubda har hafta o‘qilgan kitoblar muhokama qilinardi.

Evjen falsafa va sotsiologiyani alohida qiziqish bilan o‘rgana boshlaydi: 19 yoshida u Geyne nomidagi Dusseldorf universitetining sotsiologiya fakulteti talabasi bo‘ladi.

Yozgi ta’tillarining birini qizlar onasi bilan birga Istanbulda o‘tkazishga qaror qiladi. Aynan shu yerda talaba qizning taqdiri o‘zgaradi: Fahriye televideniye xodimlarining e’tiborini tortadi, ular qizning yoqimtoy tashqi ko‘rinishiga maftun bo‘lib, uni “Hech qachon unutma” kinokartinasi ustida ish olib borayotgan rejissyor O‘zer Kiziltanga tavsiya qilishadi.

Kino sinovlardan o‘tgan qizning oldida ikki yo‘l bor edi: universitetdagi o‘qishini to‘xtatish yoki bunday kutilmagan takliflardan voz kechish. U o‘zi to‘g‘ri deb hisoblagan yo‘lni tanlaydi va o‘zini o‘qishni har qanday yoshda davom ettirishi mumkinligiga ishontiradi (natijada Evjen 2014-yilda Bosfor universitetining tarix fakultetini tamomlaydi).

Serial mashhur bo‘lmagan bo‘lsa-da, Fahriye uchun bu yangi hayotga chipta bo‘ladi. Mashhur prodyuserlar unga rad etishning iloji bo‘lmagan jozibali takliflar yuborishni boshlaydi.

Yorqin rollari

“To‘kilgan yaproqlar”

2006-yildan 2011-yilgacha namoyish etilgan ushbu serial Evjenning filmografiyasidagi birinchi muhim loyiha hisoblanadi. Unda oilaviy qadriyatlar, farzandlar haqida qayg‘urish va qiyin tanlovlar haqida so‘z boradi.

“To‘kilgan yaproqlar”da umrining ko‘p qismini halol mehnat qilib, munosib mansabga ega bo‘lgan yetuk inson, oila boshlig‘i Ali Rizoni uchratamiz. Biroq bu o‘zini baxtli inson sifatida his qilish uchun yetarli emas. Xotini Xayriye va besh nafar farzandi – Ayshe, Nejla (Fahriye o‘ynagan), Fikret, Leyla va Shevket bo‘lishiga qaramay, qahramon o‘z avlodlariga hayotning asl ma’nosini tushuntirish, ish joyini o‘zgartirish va mashaqqatni boshidan kechirishda qiynaladi.

Bu to‘siqlar oila o‘z uyi joylashgan Trabzonni tashlab, boshqa bir yovvoyi hayot qaynayotgan ulkan Istanbulga yo‘l olishga majbur bo‘lgandan keyin paydo bo‘ladi.

“Choliqushi”

Aynan mana shu serialda haqiqiy yulduzli aktyorlar tarkibi to‘planadi. Unda Fahriye Evjen, Burak O‘zchivit, Hande Erchel, Deniz Chakir, Pinar Chag‘lar Genchturk va boshqalar asosiy rollarni ijro etgan. Rashot Nuri Guntekin romanining ekranizatsiyasida ota-onasidan erta ayrilgan bosh qahramon Feridening murakkab hayoti hikoya qilinadi.

“Kurt Seyit va Aleksandra”

Mazkur filmda balda rus zodagon ayoli Aleksandra Yulianovna Verjenskayani sevib qolgan chor armiyasining ofitseri Kurt Seyit Eminov (Kivanch Tatlitug‘) haqida hikoya qilinadi.

Filmda Fahriye ajoyib ijrosi bilan tomoshabinlarni maftun qiladi, u Seyitga pinhona oshiq bo‘lgan Myurvet (Murka) ismli qiz rolini o‘ynaydi.

“Sevgi senga o‘xshaydi”



Ushbu serialda aktrisa kelajakdagi turmush o‘rtog‘i Burak O‘zchivit bilan birga suratga tushgan. U dengiz kengliklari va baliq ovlashni sevuvchi Ali rolini ijro etgan. Erkak uchun sevimli ishidan muhimi yo‘q — qishloqdagi go‘zal Deniz paydo bo‘lmagunga qadar. Qiz kichik kafeda muzqaymoq sotuvchi bo‘lib ishga kiradi. Qahramonlarning taqdir taqozosi bilan uchrashuvi oldindan belgilangandi.

Faqatgina Alining bunday his-tuyg‘ularni hech qachon boshdan kechirmagani sababli u ko‘plab muammolar bilan to‘qnash keladi.

Yangi loyihalar

“Alp Arslon: Buyuk Saljuqiy”

2020-yildan 2023-yilgacha turk seriali muxlislar Saljuqiylar imperiyasini (1063—1072-yillar) boshqargan sarkarda Alp Arslon haqida hikoya qiluvchi harbiy-tarixiy serialni zavq bilan tomosha qildi.

Unda asosiy rollarni Barish Arduch va Leyla Lidiya Tuutlu o‘ynagan. Fahriye ikkinchi darajali xarakterga ega bo‘lgan — Akcha rolini ijro etgan.

Fahriye Evjen haqida qiziqarli faktlar

  • Aktrisa “Mening uyim sensan” filmining suratga olish vaqtida o‘zidan 14 yosh katta bo‘lgan mashhur aktyor O‘zjan Deniz bilan tanishib, bir yil davomida u bilan uchrashib yurgan. Sevishganlar deyarli turmush quray deganida Deniz aktrisaga model Buse Narji bilan xiyonat qilgan.
  • Fahriye bir necha marta moda nashrlarining birinchi sahifalarida chiqqan bo‘lib, eng chiroyli turk aktrisalaridan biri deb e’tirof etilgan. Shuningdek, muxlislar aktrisa Monika Belluchchiga tashqi ko‘rinish jihatidan juda o‘xshashligini ta’kidlashgan.
  • Yulduz o‘zining eng yomon sifati sabrsizligini aytadi, biroq ozgina dam olish va hayot ritmini ushlash uchun u erta tongda yoki kechqurun sayrga chiqadi — u yolg‘iz qolganida xatti-harakatlari haqida yaxshilab o‘ylab olish mumkin deb hisoblaydi.

  • Fahriye o‘qishni yaxshi ko‘radi. Sevimli asari sifatida u Paulo Koeloning “Yorug‘lik jangchisi kitobi” romanini tilga oladi va parvoz vaqtida ilmiy maqolalar yozilgan jurnallarni varaqlashni afzal ko‘radi.
  • Aktrisa “Qullik uchun qasos” serialining har bir qismi uchun taxminan 40 ming lira (1300 dollar) gonorar olgan. Shu tariqa turk kino sanoatida turk aktrisalari orasida birinchi bo‘lib erkak hamkasblaridan yuqori gonorar olgan aktrisaga aylanadi.

  • Aktrisa o‘zi katta bo‘lgani kabi ko‘p bolali oilasi bo‘lishini xohlaydi.
  • Evjen o‘zini qat’iy parhezlar bilan cheklamaydi. U go‘shtdan voz kechgan, asosan sabzavotlar iste’mol qiladi va kuniga kamida ikki litr oddiy suv ichadi.
  • Plastik jarrohlarning ta’kidlashicha, kino yulduzi rinoplastika qildirgan — burnining orqa qismi avvalgiga nisbatan toraytirilgan.
  • Aktrisa “Elvin va burundiqlar 2” filmidagi burundiq Janetga ovoz bergan.
  • Turk aktrisasi “Carpe diem” shioriga amal qilgan holda yashaydi, bu lotin tilidan tarjima qilinganda “Ayni lahzadan lazzatlan” degan ma’noni anglatadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »