Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Aktrisa faqat beshta filmda suratga tushgan — hammasi yoshlik chog‘ida, keyin esa ekranlardan g‘oyib bo‘ladi. Bu yillar davomida u ikki marta turmushga chiqib, ona bo‘ladi va sevimli Alisa Seleznyovadan jiddiy olimaga aylanadi.

Natalya Gusyeva “Kelajakdan kelgan mehmon” filmida suratga tushganda atigi 12 yoshda edi. Alisa Seleznyova uning karyerasidagi ikkinchi rol bo‘ladi. Shu paytgacha hatto teatr studiyasiga ham bormagan qiz faqat Sovet Ittifoqining emas, balki boshqa mamlakat tomoshabinlarining ham sevimlisiga aylanadi. Filmdan keyin uzoq yillar davomida Gusyevaga muxlislardan uning ajoyib ko‘zlari va iste’dodi uchun minnatdorlik bildirilgan, uning buyuk aktrisa bo‘lishi bashorat qilingan minglab xatlar kelgan.

Lekin birdaniga qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday kutilmaganda Natalya ekranlardan yo‘qoladi: u suratga tushishni to‘xtatadi, intervyular bermay qo‘yadi va aktrisalik faoliyatini biokimyo sohasiga almashtiradi. O‘shandan beri u shaxsiy hayotini ommadan sir saqlaydi, ammo u haqida ba’zi narsalar ma’lum. 2024-yilning 15-fevralida Natalya Gusyeva 52 yoshini turmush o‘rtog‘i va ikki qizi davrasida nishonladi.

Natalya Gusyeva elektron sanoat operatori va terapevt oilasida tug‘ilgan. Oddiy turmush tarzida hamma qatori katta bo‘lgan: bog‘chaga borgan, o‘yinchoqlari bilan o‘ynagan va dugonalari bilan arg‘imchoq uchgan, 7 yoshga to‘lganida esa maktab formasida birinchi sinfga otlangan.

Maktabda u har doim a’lochi bo‘lgan, ko‘proq biologiyaga qiziqqan va ilm-fanga hayotini bag‘ishlashni orzu qilgan — aktrisa bo‘lishni xayoliga ham keltirmagan. Hammasi butunlay tasodifan sodir bo‘ladi: Natalya 5-sinfda o‘qiyotganida ularning maktabiga M.Gorkiy nomidagi kinostudiyadan yordamchi xodim keladi. Unga yangi loyihalarda qatnashish uchun yaxshi talaffuzga ega, she’rlarni ifodali o‘qiy oladigan bolalar kerak edi. Gusyeva osongina kastingdan o‘tadi: taxmin qilinganidek, u kichik epizodlarda suratga tushishi kerak edi, ammo qizga darhol asosiy rol — “Kelajakdan kelgan mehmon” filmidagi Alisa Seleznyova obrazini taklif qilishadi.

Gusyevaga kinoda suratga tushish juda yoqib qoladi, biroq film namoyish etilgach, unga yopirilgan shon-shuhratga qizcha tayyor emasdi. Keyinchalik u hayotiga bunchalik ko‘p e’tibor qaratilishi uni qo‘rqitganini tan olgan — axir u oddiy maktab o‘quvchisi edi, lekin ko‘plar uni kinodagi qahramoni, kosmik qaroqchilardan dunyoni qutqaruvchi Alisa Seleznyova sifatida ko‘rardi.

Natasha darhol qaror qiladi: u bo‘sh vaqtlarida suratga tushishi mumkin, ammo kelajakda aktrisa bo‘lmaydi. Gusyeva rejissyorlardan ko‘plab takliflar ola boshlaydi, u har bir ssenariyni diqqat bilan o‘qib chiqar va faqat obro‘siga hech qanday zarar yetkazmasligi mumkin bo‘lgan rollarga rozilik berardi. “Kelajakdan kelgan mehmon”dan keyin u yana uchta film — “Asr poygasi”, “Binafsharang shar” va “Taqdiri azal”da suratga tushgan, biroq ular tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolib ketgan.

Gusyeva 16 yoshga to‘lganda uni “Avariya — militsiya xodimining qizi” filmidagi asosiy rolga taklif qilishadi. Filmda zo‘ravonlik sahnalari ko‘p bo‘lgani uchun Natalya rad etadi. U kinodan ketganida ham Alisa Seleznyova bo‘lib qolishni istagandi. Muxlislar “Kelajakdan kelgan mehmon”ni sevib tomosha qilishar, filmdagi har bir jumlani yodlab olishardi. Bu vaqtda esa Gusyeva Moskva tashqarisida joylashgan Zvenigorod shahridagi o‘z xonasida bitiruv imtihonlariga tayyorgarlik ko‘radi.

Maktabni tamomlagach, Natasha Moskva davlat kimyo texnologiyalari institutining biotexnologiya kafedrasiga o‘qishga kiradi. Universitetni bitirgach, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy xodim sifatida darhol ishga olinadi.

Institutning so‘nggi kursida Gusyeva turmushga chiqadi. Turmush o‘rtog‘i bilan u maktab paytlarida Minskdagi gastrollarga borganida tanishib qolgandi. Denis Murashkevich uni birinchi marta televizor orqali ko‘rganida unga oshiq bo‘lgan va real hayotdagi Alisa Seleznyova bilan tanishishni maqsad qilgandi.

Tanishuvlarining g‘aroyib tarixiga qaramay, 7 yil o‘tgach ularning nikohlari ajrashish bilan yakunlanadi. Shu vaqt mobaynida Natalya va Denis ajoyib qizaloq — Alesiyaning ota-onasi bo‘ladi. Alesiya onasidan farqli ravishda kino sanoatini tanlaydi, lekin aktrisa emas, rejissyor bo‘ladi.

Ajrashgandan keyin Natalya erining familiyasida qoladi: o‘sha paytda u anchadan beri kinoda suratga tushmagan bo‘lsa-da, biroq baribir o‘ziga ortiqcha e’tibor jalb qilishni istamagan.

Shundan so‘ng Natalya Gusyeva qizini 12 yil yolg‘iz o‘zi tarbiyalaydi, biroq bu vaqtda karyerasi ustida tinimsiz ishlaydi. Kichik ilmiy xodimdan kompaniya rahbarligigacha ko‘tariladi. Hatto qisqa muddatga kino olamiga qaytib, “Alisaning tug‘ilgan kuni” multfilmining bir qahramoniga ovoz beradi va “Chugun” teleserialida epizodik rol o‘ynaydi.

40 yoshga to‘lganidan keyin u yangidan oilaviy baxtini topadi. Uning ikkinchi turmush o‘rtog‘i xayriya fondi bo‘lgan “Rusfond” rahbarining o‘g‘li dizayner Sergey Ambinder edi. Sergey “Rusfond”da otasi rahbarligida ishlar, saraton kasalligi bilan og‘rigan bolalarga yordam berish bilan shug‘ullanardi. Aktrisa uzoq vaqt o‘zining yangi munosabatini ommadan yashiradi, uch yil o‘tgach, sevimli kishisi bilan yashirin ravishda nikohdan o‘tadi.

Qizig‘i shundaki, Gusyevaning shaxsiy hayotidagi barcha sirlarini uning sobiq turmush o‘rtog‘i Denis Murashkevich aytib bergan. U rafiqasi bilan do‘stona munosabatlarini saqlab qolganini, baxtini topganidan quvonganini tan olgan. 2013-yilda Natalya va uning ikkinchi turmush o‘rtog‘idan Sofiya ismli qizi dunyoga keladi.

Qizi dunyoga kelganidan keyin Gusyeva ilmiy karyerasidan tanaffus olib, o‘zini kichkintoyni parvarish qilishga bag‘ishlaydi. U ishiga qaytganmi yoki yo‘qmi noma’lum, lekin tug‘uruq ta’tilida o‘tkazgan vaqtini Gusyeva juda ajoyib deb hisoblagan. U ko‘p vaqtini kichik qizi va turmush o‘rtog‘i bilan o‘tkazadi, sayr qiladi, do‘stlari bilan uchrashadi. Biroq avvalgidek jamoat tadbirlaridan chetda turadi va kelajakda ham shunday hayot tarzini, ortiqcha mish-mishlar, dramalar va g‘iybatlarsiz davom ettirish niyatida ekanligini ta’kidlaydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »