Putin: “Rossiya AQSH bilan strategik barqarorlik bo‘yicha muzokaralarga tayyor”
Prezident Vladimir Putin Rossiya strategik barqarorlik masalasida ham, Ukraina bo‘yicha ham tinch muloqotdan hech qachon voz kechmaganini taʼkidladi.
“Qo‘shma Shtatlar va G‘arb, bir tomondan, Rossiyani strategik mag‘lubiyatga chaqirmoqda, ikkinchi tomondan, ular go‘yo biz bilan strategik barqarorlik haqida gaplashmoqchi. Chunki ular bir masala boshqasi bilan bog‘liq emas deb hisoblashadi. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Agar ular bizni strategik mag‘lubiyatga uchratishmoqchi bo‘lsa, unda strategik barqarorlik mamlakatimiz uchun nimani anglatishi haqida o‘ylashimiz kerak”, — dedi prezident.
Shu bilan birga, Vladimir Putin Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi orqali Qo‘shma Shtatlar bilan strategik barqarorlik bo‘yicha aloqalar “albatta mumkin” ekanligini ta’kidladi.
“Biz hech narsani rad etmaymiz, hech narsadan voz kechmaymiz, lekin ular nimani xohlashlarini aniqlashimiz kerak. Ular odatda bir tomonlama afzalliklarga erishmoqchi. Bunday bo‘lmaydi”, — deya xulosa qildi davlat rahbari.
2023-yil iyun oyida AQSH Rossiya bilan yadroviy xavflarni kamaytirish va 2026-yildan keyingi davr uchun, ya‘ni Strategik hujum qurollari bo‘yicha shartnoma muddati tugaganidan keyin kelishuvlar ishlab chiqish bo‘yicha muloqotni tiklash niyatida ekanligini e‘lon qilgandi.
Sentyabr oyida AQSH Rossiya rahbariyatini muloqotni qayta boshlashga tayyorligi haqida rasman xabardor qilgan edi. Rossiya tomoni Amerika tashabbusini hozirgi geosiyosiy sharoitda nomaqbul deb hisoblab, rad etgandi.