Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Riannaning kapitali 1,4 milliard dollarni tashkil etadi, bu uning dunyodagi eng boy musiqachi va Opra Uinfridan keyin shou-biznesdagi ikkinchi eng boy ayol ekanligini ko‘rsatadi.

Rianna Robin Fenti — quyoshli Barbadosda tug‘ilgan, u yer ko‘pchilik yashashni orzu qiladigan, o‘zining binafsha rang plyajlari, xushchaqchaq va hayotsevar odamlari hamda doim reggi ritmlari jarang sochadigan shovqinli bazmlari bilan mashhur. Bu orolni “Yer yuzidagi jannat” deb atashadi, biroq bo‘lajak pop yulduzining bolaligi tashvishsiz va shodlikka to‘la o‘tmagan. Chunki bolaligida u shunday oilaviy muammolarga duch kelganki, bu uning xotirjamlikni unutishga majbur qilib, erta ulg‘ayishiga olib kelgan.

Riannaning otasi, oddiy omborxona ishchisi bo‘lgan. U tez-tez mast bo‘lar, uyiga kelib, xotinini bolalar ko‘z o‘ngida kaltaklardi. Rolling Stone bilan suhbatda qo‘shiqchi bir marta ota-onasini tinchlantirish uchun butilkani sindirib, tomirini kesmoqchi bo‘lganini aytadi. Bu yordam beradi — janjal to‘xtaydi. Lekin ertasi kuni otasi yana mast holatda uyga qaytadi va dahshat davom etadi. Riannaning onasi kaltaklanishga chidardi, boshqalar bilishini xohlamasdi. “Maishiy zo‘ravonlik bu — odamlar boshqalar bilan baham ko‘rishni istamaydigan narsa. Shuning uchun onam buni hammadan yashirardi”, — deb eslaydi Rianna.

Ulg‘ayganda ham Rianna onasi haqida doimo “eng kuchli ayollar”dan biri sifatida gapiradi. Ehtimol, bu onasi keyinchalik dadil qadam tashlab, ajrashishga ariza bergani uchundir. Otasi narkotik iste’mol qilishni boshlagach, onasining sabr kosasi to‘ladi. Shunda ayol hozir ajrashmasa, bu erkak bir kun kelib o‘zi yoki farzandlarini o‘ldirishi mumkinligini tushunib yetadi. Rianna 14 yoshga to‘lganda oila parchalanadi. Bir tomondan, ota-onasining ajrashuvi uning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir qiladi. Ammo boshqa tomondan, endi o‘spirin qizning yelkasiga ukalarini tarbiyalash vazifasi tushadi, chunki onasi ishlagani sabab ular bilan shug‘ullanishga ulgurmasdi.

“Men tez ulg‘aydim, — deydi Rianna The Guardian nashriga bergan intervyusida. — Aslida ikkinchi onaga aylangandim”

Uning yagona ovunchog‘i musiqa bo‘lgan. Rianna reggini yaxshi ko‘rgan — Merayya Keri, Uitni Xyuston va Selin Dionga havas qilgan. Musiqaga butkul berilgan qiz barcha oilaviy muammolardan qochib, o‘zini erkin va baxtli his qilardi. Vaqt o‘tib, Rianna o‘zi ham kuylay boshlaydi. 2003-yilda u ikki dugonasi bilan birlashib, mashhur xitlarga koverlar ijro etadigan musiqiy guruh tashkil qiladi. Ular maktabda tez mashhur bo‘lishadi, lekin ularni yanada shov-shuvli muvaffaqiyat kutardi — ular Barbadosda dam olayotgan prodyuser Evan Rojers bilan shaxsan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prodyuser guruhning ijodi va energiyasini yuqori baholaydi, ammo uning e’tiborini solist qiz — jarangdor ovoz tembriga ega iqtidorli Rianna ko‘proq tortadi. “Rianna xonaga kirganida, narigi ikki qiz uning fonida ko‘rinmay qolgandi”, — deb eslaydi u. Evan darhol Riannaga uni buyuk kelajak kutayotganini aytadi va unga o‘z prodyuserlik kompaniyasi hisobidan demo-albom yozishni taklif qiladi.

Qiz o‘ylab ham o‘tirmay, rozi bo‘ladi. Onasi ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday qilib 16 yoshida Rianna maktabni tashlab, musiqiy karyerasini qurish uchun Konnektikutga ko‘chib ketadi. Evan Rojers Riannaga uning birinchi to‘rt qo‘shig‘ini (ular orasida uning birinchi xiti bo‘lgan Pon de Replay treki ham bor edi) yozishda yordam beradi va ularni musiqiy sanoatdagi nufuzli odamlarga yuboradi. Tez orada qizning mini-albomi mashhur reper Jay-Z qo‘liga tushadi. Reper qizning iqtidoridan shunchalik ta’sirlanadiki, uning ovozini birinchi marta eshitgan kuniyoq birga ishlashni taklif qiladi. Sakkiz oy o‘tgach, Rianna o‘zining birinchi albomi Music of the Sun’ni chiqaradi.

Uning keyingi albomi A Girl Like Me 2006-yilda chiqadi. Bir yil o‘tgach, Good Girl Gone Bad albomi dunyo reytinglarini portlatadi. Ushbu albom tufayli Rianna barcha kontinentlarda tan olingan xonanda bo‘lib, Umbrella qo‘shig‘i pop-yulduzning tashrif qog‘oziga aylanadi. Kompozitsiya shunchalik mashhur bo‘ladiki, UK Singles Chartda ketma-ket 10 hafta davomida eng yuqori o‘rinni egallaydi, 2000-yillarning rekordi bo‘ladi. Umbrella shuningdek, Rolling Stone jurnali tomonidan barcha vaqtlarning 500 eng yaxshi qo‘shiqlari ro‘yxatiga kiritiladi va Riannaga uning birinchi “Gremmi”sini keltiradi.

Shundan beri u son-sanoqsiz mukofotlar g‘olibiga aylanadi, Kanye Uest va Kelvin Harris kabi afsonalar bilan hamkorlik qiladi. Hozirgi paytda Rianna dunyodagi albomlari eng ko‘p sotilgan ikkinchi san’atkor (Madonnadan keyin) va uning boyligi Forbes ma’lumotiga ko‘ra 1,7 milliard dollardan ortiq. Biroq uning daromadlarining asosiy qismi musiqiy karyeradan emas, balki 2010-yillarda o‘zida kashf etgan tadbirkorlik qobiliyatidan kelgan. Rianna moda sanoatiga befarq emasligini ham sahnadagi kostyumlari, ham kundalik obrazlari orqali namoyish etar edi.

Rianna moda inflyuenserlar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qiladi, ularning mahsulotlarini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo asosiy yulduz va savdo harakatchisi baribir o‘zi bo‘lib qolmoqda. So‘nggi paytlarda qo‘shiqchi kamdan-kam hollarda qizil gilamda ko‘rinish beradi yoki klipda suratga tushadi, shuning uchun uning har bir ko‘rinishi asosiy voqeaga aylanmoqda.

Rianna ishtirokidagi har bir voqeani o‘z brendini rivojlantirish yo‘lida maqsadli ishlatishini biladi. Masalan, uning Savage X Fenty shousidagi raqsi 2019-yil sentyabrda YouTube’da deyarli 1,5 million marta ko‘riladi, brendning siyoh rang kiyimida tushgan surati Instagram uchun rekord darajada 10,3 millionta layk to‘playdi. 

Rianna auditoriyasini ushlab turish va yildan-yilga daromadini oshirishda qaysi qoidalarga amal qiladi? Bu haqda qo‘shiqchi T Magazine nashriga bergan intervyuda ochiqchasiga so‘zlab berdi.

Shoshilmang, o‘rganing

Riannaning tan olishicha, moda sanoatida baland ovoz bilan debyut qilishdan bir necha yil oldin uni o‘rganish bilan shug‘ullangan. Avval u oddiy iste’molchi edi, lekin vaqt o‘tishi bilan inklyuzivlik chegaralarini kengaytiruvchi ilg‘or inflyuenserlarga aylanib bordi. Shundan keyingina u boshqa ayollar uchun kiyim yaratishda yetarli tajriba to‘plaganini his qiladi. Bu jarayonda u shoshilmadi va darhol o‘z nomi bilan “chiqib ketish”ga intilmadi. U uchun eng muhimi mahsulotning sifati va uning dunyoga yuborayotgan g‘oyasi edi. “Men juda sabrliman, shu sababli dizayner sifatida hurmat qozonish uchun sekin va ehtiyotkorlik bilan ishladim”, — deya tushuntiradi Rianna.

Muvaffaqiyatsizlikka uchrasangiz ham qo‘rqmang

Riannaning ko‘plab shiorlari va hayotiy tamoyillari bor. Ammo ulardan biri pop-ijrochi uchun shunchalik muhimki, hatto uni tanasiga tatuirovka qildirgan. “Hech qachon xato bo‘lmaydi. Doim dars”. Boshlangan har qanday yangi ish muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkin. Lekin shu bilan birga, bu hayotiy dars bo‘ladi, uning yordamida o‘z ustingizda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz. “Xatolar qilmay turib qanday o‘rganmoqchisiz?” — deya jilmayib so‘raydi Rianna.

Shaxsiy brend va tijoriy loyihalaringizni ajratib oling

Ko‘plab mashhurlar o‘zlarining nomlari bilan brendlar yaratishadi — Xilari Daff parfyumeriya ishlab chiqqanidan tortib to Mayli Sayrus kiyim-kechak va zeb-ziynatlar yaratguniga qadar. Bozor ularning yaratuvchilari nomi bilan ataluvchi turli xil narsalar bilan to‘lib-toshgan bir paytda Rianna boshqa yo‘lni tanlaydi. “Musiqaga aloqador bo‘lmagan har qanday yangi loyihani boshlaganimda Fenty nomidan foydalanganman. Biror narsa ko‘rganingizda har safar Rianna so‘zini eshitishingizga to‘g‘ri kelmasligi uchun, — deydi u. — Rianna odam, u musiqachi. Ammo boshqa barcha brendlar Fenty nomi bilan ataladi”.

Hech qachon kimligingiz uchun uzr so‘ramang

Albatta, Rianna inklyuzivlik tarafdori. U har bir odam o‘z ovozini eshita olishi kerak deb hisoblaydi. Har bir kishi — jinsidan, ijtimoiy maqomidan va avvalgi hayot tajribasidan qat’i nazar — sevimli ishi bilan shug‘ullanish huquqiga ega. Lekin moda sanoatida biznesini boshlaganda hamma ham uning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini tushungan. Ba’zilar uchun u faqatgina qora tanli, maktabni tamomlamagan qo‘shiqchi edi xolos.

“Ushbu omillar haqiqatan ham muhim, lekin men hech qachon o‘z fikriga ega qora tanli ayol bo‘lganim uchun uzr so‘ramaganman”, — deydi Rianna. Uning ishi — o‘z kompaniyasini boshqarish. “Men biror irqqa mansubligim uchun bu yerda emasman. Men bu yerdaman, chunki bu dunyoga taklif qila oladigan fikrlarim bor,” — deydi u ishonch bilan.

Unutmang: pul faqat vosita, maqsad emas

Pul muvaffaqiyatga erishishda motivatsion omil bo‘lishi mumkin, lekin Rianna uchun emas. “Men hech qachon katta pul topishni orzu qilmaganman. Shu sababli daromadim ish qobiliyatimga ta’sir qilmaydi, — deydi u. — Men uchun pul oilamni qo‘llab-quvvatlash, men qiziqqan biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali boshqalarga yordam berish imkoniyatidir”.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »