Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Joriy yilning 14-fevralida hukumat tomonidan O‘zbekistonning 2024-yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirishga doir qaror qabul qilingan. Hujjatda yanvar–mart oylarida o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan xorijiy investitsiyalar hajmi sohalar kesimida belgilangan.

Infografika: “Daryo” / Dilbek To‘rayev

Qarorda shu yilning I choragida mamlakat hududlari va tarmoqlar kesimida jami 7 156,5 mlrd dollar qiymatidagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.

Bunda 41 ta tarmoq 4 066,1 dollarlik, jumladan, 3 449,1 mlrd dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni, 617 mln dollarlik davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlarni o‘zlashtirishi ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, mamlakatning 14 ta hududi 3 oy davomida 3 090,4 mlrd dollarlik (shundan 3 077,1 mlrd dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 13,3 mln dollari davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar) xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi kerak.

Tarmoqlar kesimida Energetika vazirligi eng ko‘p — 1 685 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi prognoz qilingan. Mazkur mablag‘larning barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Keyingi o‘rinlarda investitsiyalarning nisbatan yuqori ulushi “Olmaliq kon–metallurgiya kombinati” AJ (331 mln dollar), “O‘zbekneftgaz” AJ (254 mln dollar), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (220 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qiymati 100 mln dollardan ortiq bo‘lgan investitsiyalarni o‘zlashtirish “O‘zkimyosanoat” AJ (195,7 mln dollar), Mudofaa vazirligi (147,2 mln dollar), Raqamli texnologiyalar vazirligi (131,1 mln dollar), “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ (120,1 mln dollar), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (120 mln dollar) hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga (100,5 mln dollar) yuklatilgan.

Qarorda investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha energetika sohasidagi kompaniyalar ko‘proq o‘rin egallagan. Yaʼni yuqorida keltirilgan energetika tashkilotlari va kompaniyalariga qo‘shimcha ravishda “Hududgaztaʼminot” AJ (3,1 mln dollar), “O‘ztransgaz” AJ (12,5 mln dollar), “O‘zbekgidroenergo” AJ (11,5 mln dollar), “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ (73 mln dollar) hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (15,3 mln dollar) xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi belgilangan.

Infografika: “Daryo” / Dilbek To‘rayev

Hududlar kesimida eng ko‘p investitsiyalarni Toshkent shahar hokimligi o‘zlashtirishi prognoz qilingan — 428,3 mln dollar.

Shu bilan birga, nisbatan yuqori ulush Toshkent viloyati hokimligi (307,7 mln dollar), Farg‘ona viloyati hokimligi (327 mln dollar) va Namangan viloyati hokimligi 329,4 (mln dollar) hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, yanvar–mart oylari davomida Andijon viloyati hokimligi 253,8 mln dollarlik, Samarqand viloyati hokimligi 241,8 mln dollarlik, Buxoro viloyati hokimligi 211 mln dollarlik, Jizzax viloyati hokimligi 221,3 mln dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi lozim.

Investitsiya dasturi doirasida Sirdaryo viloyati hokimligi 160,4 mln dollar, Surxondaryo viloyati hokimligi 156,7 mln dollar, Qashqadaryo viloyati hokimligi 149,6 mln dollar, Navoiy viloyati hokimligi 136,5 mln dollar, Xorazm viloyati hokimligi 117,3 mln dollar qiymatidagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi prognoz qilingan.

O‘zbekiston hududlari bo‘yicha eng kam xorijiy investitsiyalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (49,8 mln dollar) o‘zlashtirishi kutilmoqda.

Hukumatning mazkur qaroridagi investitsiya dasturida barcha loyihalarning umumiy qiymati qariyb 104 541,6 mlrd dollarni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Shundan yildan-yilga o‘tuvchi loyihalar qiymati 72 215,3 mlrd dollarni, yangidan boshlanuvchi loyihalar qiymati 32 326,3 mlrd dollar ekani aks etgan.

Qarorga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha eng yirik qiymatdagi loyihalar yonilg‘i-energetika va kimyo sohasida amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada joriy etilayotgan loyihalarning umumiy qiymati 41 507,4 mlrd dollar bo‘lib, shundan o‘zlashtirilmagan miqdori (2024-yil 1-yanvar holatiga) 25 414,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Hujjatda soha bo‘yicha 2024-yilning I choragida mazkur mablag‘lardan 2 510,1 mlrd dollari o‘zlashtirilishi prognoz qilingan.

Qarorda amalga oshiriladigan barcha loyihalar qiymati keltirib o‘tilgan. Xususan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish va mahsulotni taqsimlashga oid bitim asosida konni o‘zlashtirish, gaz-kimyo kompleksini barpo etish loyihasi 2017–2052-yillarda amalga oshirilishi belgilangan. Bunda 5 mlrd kub metrli tabiiy gaz qayta ishlash zavodi barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihaga yo‘naltiriladigan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 2,9 mlrd dollarni tashkil etadi. Shundan o‘zlashtirilmagan qismi 1,8 mlrd dollar bo‘lib (2024-yil 1-yanvar holatiga), joriy yilning I choragida ushbu mablag‘lardan 160 mln dollari o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Yana biri — Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida MTO (methanol to olefin) texnologiyasi bo‘yicha gaz-kimyo majmuasini qurish loyihasi bo‘lib, u yiliga 2 mlrd kub metr tabiiy gaz polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 2,7 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 2,1 mlrd dollari (2024-yil 1-yanvar holatiga) o‘zlashtirilmagan. Joriy yilning I choragida mazkur mablag‘lardan 120 mln dollari o‘zlashtirilishi belgilangan.

I chorak yakunlanishiga bir oy muddat qoldi. Qaror bilan belgilangan prognozlar o‘zini oqlaydimi? Jarayonni kuzatamiz va bu mavzuga yana qaytamiz.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »