Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yorgos Lantimosning yangi “Sho‘rlik baxtsizlar” filmi qizg‘in kutib olindi. Film Venetsiya kinofestivalining asosiy mukofotini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, kartina BAFTA tomonidan 2024-yilning eng yaxshi grim va soch turmagi uchun e’tirof etilgan. Oldinda esa 11 ta nominatsiyada nomzod bo‘lgan “Oskar” turibdi. Bu tasodif emas, chunki tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgan Emma Stoundan ilk daqiqadan oxirigacha ko‘z uzolmaysiz

Yorgos Lantimos — kino ixlosmandlari sabrsizlik bilan kutadigan filmlari bilan tanilgan rejissyor va “Sho‘rlik baxtsizlar” ham bundan mustasno emas. “Ma’shuqa” filmidagi muvaffaqiyatli ishdan so‘ng, Lantimos Emma Stounga yangi filmida asosiy rolni taklif qiladi.

Viktorian davridagi Angliyadan kelgan 9 oylik homilador yosh ayol o‘z joniga qasd qiladi. Uni suvdan chiqarib olgan tibbiyot sohasida daho hisoblangan Godvin Baxter qizning hayotini saqlab qoladi va ayolning ongini hali tug‘ilmagan farzandining miyasiga transplantatsiya qiladi. Natijada bola ruhiyatiga ega katta yoshdagi ayol — Bella Baxter dunyoga keladi.

Ta’kidlash joizki, Emma Stoun obrazining tashqi ko‘rinishi diqqatga sazovor. Aktrisaning yorqin jigarrang sochlari roli sabab tim qora rangga aylangan. Bo‘yoq tegmagan oq terisi bilan kontrast yaratgan soch turmagi yangi hayratlanarli qiyofani taqdim etadi. Hikoya davomida qahramon dunyo bo‘ylab safarga chiqqani sari sochlari yanada uzunroq va itoatsizroq bo‘ladi. Bu tasodif emas, balki metafora — sochlar o‘sadi, qo‘zg‘olon qiladi, xuddi qahramonning o‘zi kabi: bola Belladan ayol Bellaga aylanadigan jarayon. Soch turmagi va grim bo‘yicha dizayner Nadya Steysi Stoun bilan “Kruella” va “Ma’shuqa” kabi filmlar ustida ham birga ishlagan.

Makiyajsiz qahramon

Bella makiyajsiz bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida qaror Lantimosning o‘zi tomonidan qabul qilingan. U “Frankenshteyn tarixi”ning mahsuloti, o‘lim panjasidan tortib olingan va onaning tanasida qayta tug‘ilgan bola. Hatto yengil makiyaj tomoshabinni film boshidagi sirlilik, dahshat va hayrat atmosferasidan mahrum qilishi mumkin edi. Shu sababli Nadya makiyaj qilish o‘rniga aktrisaning terisini parvarishlashga e’tibor qaratadi. Bosh qahramonning yuzi yangi va yosh ko‘rinishi uchun uning qalin qoshlarini soch rangiga moslab, gel bilan shakl beradi.

To‘liq makiyaj Bella Parijga kelgach, bordel egasi madam Suini bilan tanishib, uning qo‘l ostida ish boshlagach paydo bo‘ladi. Nadya Steysining so‘zlariga ko‘ra, grimyorlar makiyaj orqali qahramonning dunyoning qarama-qarshi tarafini ochishi, hayotiy tajriba orttirib, o‘zini tanib olishga yordam bergan transformatsiyasini ko‘rsatishlari kerak edi.

Bella sochlarini yaratish jarayoni

Stounning sochlari shunchaki qoraytirilmagan. Lantimos qahramonini irodasiz chinni qo‘g‘irchoq qilib ko‘rsatishni istardi. Ishning birinchi kuni Nadya Steysiga ko‘rsatmalar berilgan: Bellaning sochi uzun va qora bo‘lishi, ular belidan tushib turishi va film davomida o‘sib, tovonigacha yetishi kerak edi. Eng muhimi: hech qanday pariklarsiz — Lantimos ularni yomon ko‘rardi.

Sochlar Bellaning har bir sarguzashtida uzayib, ularning tez o‘sish tempi qahramonning shaxsiy evolyutsiyasini ramzi edi. Shuningdek, sochlar ataylab yoyilgan holda qoldiriladi. Bu esa Viktorian jamiyati qoidalarga mos kelmasligining belgisi edi, chunki o‘sha davrning barcha ayollari tartibli yig‘ilgan turmaklardan foydalangan.

Obraz yaratish jarayonida Nadya avstriyalik rassom Egon Shilening “Yubka kiygan qora sochli qiz” kartinasidan ilhomlangan. U Stounga suratga olish boshlanishidan oldin jigarrang sochlarni qoramtir kashtanrangga bo‘yashni maslahat beradi.

Lantimos Emmaning yangi obrazdagi fotosuratini ko‘rganida kerakli narsani topganini tushunadi: “G‘oya shunday ediki, Bella o‘z davrining reaksioneri, ammo bolalarcha beg‘ubor va sodda. Qora soch oppoq teri bilan kontrast yaratishi kerak edi”, — deb eslaydi Stoun.

Suratga olish ishlari boshlanganida aktrisaning sochiga tabiiy soch tutamlari qo‘shiladi. Ular kichik sochlarga mahkamlanib, Emmaning haqiqiy sochlariga aralashib ketardi. Voqea rivojlanib borgani sari Nadya yanada katta tutamlarni qo‘shib, soch uzunligini 76 santimetrdan deyarli ikki metrga uzaytiradi.

“Sochlar o‘ziga xos alohida personaj, — deydi Steysi Allure jurnaliga bergan intervyusida. — U Bella kim ekanligini eslatib turadi. Qahramon atrofidagilarga o‘xshamaydi. Chunki u bu narsalarga begona, u boshqacha”.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »