Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Sevgi”, “Shukrona” va “Sensiz” nomli seriallar bilan tomoshabinlar nazariga tushgan aktrisa Odina To‘xtasinovaning 36 yoshni qarshilaganiga ishonish qiyin. Boisi u ancha yosh ko‘rinadi, shu sababli haligacha sevgi-muhabbat mavzusidagi seriallarda ham asosiy rollarni ijro etadi. Xo‘sh, sanʼat haqida hech qanday maʼlumotga ega bo‘lmagan tibbiyot xodimi qanday qilib kino olamiga kirib keldi? Keling, bu savollarga quyida batafsil javob izlaymiz.

“Bolalikdan tadbirkorlikni boshlaganman”

Foto: Instagram

— Oilada to‘ng‘ich farzandman. Singlim va ukam ham bor. Onam pedagog, dadam esa transport sohasi bo‘yicha tahsil olgan. Beshariqda ko‘p yashamaganmiz, bolaligimning asosiy yillari Toshkentda o‘tgan. Hovlimiz katta bo‘lgani uchun onam ikkimiz makkajo‘xori ekardik. Ularni o‘zim pishirib, mahalla boshida “dom”da yashaydigan rus millatiga mansub kishilarga sotib kelardim. Tadbirkorlikka qiziqishim juda yuqori bo‘lgan. Shu bois ham ulg‘ayib, kiyim-kechak biznesiga ham qiziqib qolgandim. Afsuski, karantin bilan bog‘liq muammolar sabab bu sohadan ketishga majbur bo‘ldim, — deydi aktrisa.

“Hamshiralikni eplay olmadim”

Foto: Instagram

— Oilamizga sanʼat begona, ammo buvim rahmatli bolaligimdan aktrisa bo‘lishimni orzu qilgan. Chunki maktab chog‘larida sanʼatga juda qiziqardim. Ammo ota-onam sanʼatkor bo‘lishimni istashmadi. Shu bois maktabni tamomlab, hamshiralik bo‘yicha tahsil oldim. Ammo mutaxassisligim bo‘yicha faoliyat yuritolmadim. Kollejni tamomlagach, bir muddat kasalxonada ishlaganman. Og‘ir ahvoldagi bemorlarni ko‘rib, ruhan qiynaldim. Shundan so‘ng tibbiyot sohasida ishlolmasligimni anglab yetdim, — deydi aktrisa.

“Kasallik meni til o‘rganishga undadi”

Foto: Instagram

— Erta turmushga chiqqanman, ammo bundan hech qachon afsuslanmayman. Hozir 16 yosh o‘g‘illarim bor desam ko‘pchilik ishonmaydi. Birinchi o‘g‘limni dunyoga keltirganimdan so‘ng menda o‘simta borligi aniqlandi. Birinchi marta bu haqida eshitganimda shokka tushganman. Birinchi operatsiyani hech qanday narkozlarsiz amalga oshirishgan. Buning sababini so‘rasam “O‘simtani tiriklayin olishimiz kerak, uni o‘stirib ko‘ramiz”, deyishgan. U og‘riqni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. Ketma-ket 11 marta operatsiya bo‘lganman, oxiri kimyo terapiya olishim kerakligini aytishgan. Kimyo terapiya o‘simtani quritgani bilan boshqa organlarga jiddiy shikast yetkazadi. Shu bois, rozi bo‘lmaganman. Xorijda davolanish istagi paydo bo‘lgan. Undan avval ham koreys tiliga qiziqardim, kasallik meni tilni yanada yaxshi o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Tavakkal qilib, klinika bilan 18 ming AQSH dollariga shartnoma tuzib, Janubiy Koreyaga ketganman. Ammo pulim ozligi sabab, operatsiyadan bir muddat avval ishlashimga ham to‘g‘ri kelgan. Eng qizig‘i, koreys shifokorlari tekshirib menda besamar operatsiya o‘tkazilganini aytgan. U yerdagi davolanishlarim samara bergan. Tilni bilganim qo‘l kelgan, qo‘shimchasiga tajriba ham orttirib kelganman, — deydi aktrisa.

“Tarjimonlik sohasidan aktrisalikka”

Foto: Instagram

— Jamiyatda o‘z o‘rnimni topish uchun jiddiy intilganman. Ikki yil davomida koreys tilini mukammal o‘rganib, tarjimonlik faoliyatimni boshladim. Turli xorij firmalarida tarjimon bo‘lib ishladim, ammo bolalikdagi sanʼatga bo‘lgan ishtiyoqim so‘nmadi. U paytlari yosh bo‘lganmanmi bilmadim, Tik-tok platformasiga videolar olib joylardim. Men boradigan stilist “Sizda qobiliyat bor, aktrisa bo‘lishingiz kerak”, deb ko‘p gapirardi. Tasodifni qarangki, seriallarda suratga tushadigan aktrisa ham uning mijozi ekan. O‘sha aktrisa sabab bo‘lib, kastinglarda ishtirok etib turdim. Ilk rolimni Davron Umarov rejissyorligidagi “Jangovar qaynona” filmida ijro etganman, undan keyin “Qadam” serialida suratga tushdim. Garchi rollarim u qadar katta bo‘lmasa-da, o‘zim uchun juda qadrli, — deydi aktrisa.

“Sevgi” seriali va rejissyor bilan munosabati

Foto: Instagram

— Rejissyor Durdona To‘laganova bilan tanishishimga Zarnigor G‘aniyeva sababchi bo‘lgan. O‘sha paytda Durdona opa “Jurnalist” serialini suratga olayotgandi. Zarnigor opa “Kichik epizod rol bor, o‘ynab berolasizmi?” degan. Tabiiyki, taklifni jon deb qabul qilganman va kichik rolim “Sevgi” serialiga taklif etilishimga sabab bo‘lgan. Undan keyin “Shukrona” serialida asosiy rolni ishonib topshirishdi. Rostini aytsam, ilgari rol o‘ynashni chiroyli kiyinib, kadr oldida turish deb tushungan ekanman. Maryam roli orqali uning naqadar qiyinligini angladim, — deydi aktrisa.

“Saratonni yengoldim”

Foto: Instagram

— Uydagilarga kasalligimni aytsam “Bu rak bo‘lib qoldi”, deb aza ochib yuborishadi, menga rahmlari keladi, deb aytmaganman. O‘n bir marotaba operatsiya bo‘lgandan keyin charchadim. Har safar kelaman, xo‘rozni so‘ygandek so‘yishadi, yana jo‘natib yuborishadi. Operatsiya qildiraman, yana uyga ketaman. Bu narsa o‘n bir marotaba takrorlandi. Narkozdan chiqar-chiqmas limon bilan qatiq olaman, limonni shundoqligicha shimaman va “bolalarimga qarashim kerak, ovqat qilishim kerak”, deb uyga ketaman. Doktorlar esa “qozon tepasiga borma, quyoshga chiqma” deyishardi.

Foto: Instagram

“Bola tug‘sang o‘zi so‘rilib ketadi”, deyishgani uchun ikkinchi farzandimni dunyoga keltirgandim. O‘sha so‘zlarni eshitib yig‘lab, Aziza opamni oldiga bordim. Ularga shifokorlar aytganidek “ikkinchi tomonga ham o‘tadi, tepaga chiqib ketibdi”, deb aytdim.

Aziza opa esa “men senga hujjatlarda yordam beraman, chet elda tekshirtirib ko‘r”, dedi. Keyin chet elda tekshirtirsam, mendan katta pul va vaqt so‘rashdi. Maʼlum bo‘lishicha, bizning shifokorlar qayta-qayta kesaverib, aʼzo ichini ham chandiq qilib tashlabdi. Xatoning ustiga xato bo‘lavergan ekan.

Foto: Instagram

Koreyada operatsiyam uchun ishlab, pul yig‘dim. Onam 3 yoki 4 marotaba operatsiya bo‘lganimni biladi, xolos, boshqalarini bilmaydi. Koreyada ham operatsiya kunim aniqlangan, ammo buni hech kim bilmaydi. Hech kimga aytolmayman. Qo‘rqmasdan 7-8 soatlik operatsiyaga kirganman.

Nimadirlar ulashdi, “narkozlar beramiz”, deyishdi, “kindigingni kesamiz”, deyishdi. Operatsiyadan chiqsam, pul faqat operatsiyaga yetibdi. Besh-olti kun yotishga yetmadi. Pulim faqat bir kunimga yetdi. U paytda esa men faqat uxlaganman. Ertasi kuni esa kasalxonada yotolmay uyimga chiqib ketdim. Endi og‘riqni aytmay qo‘yaqolay. Oldimda hech kim yo‘q, menga qaraydigan bir mehribon yo‘q. Og‘riqdan dod deb nafas ololmayman. Uyda hamma narsani turtib tashlayman, butun tanam kesib tashlangan. Yana oldimda hech kim yo‘q. Uning ustiga onam internetdan qo‘ng‘iroq qilaveradilar. Ko‘ngillari sezgan shekilli. Onam chidolmay “men hozir seni qidiruvga beraman, elchixonaga boraman”, dedilar. Keyin Imodan qo‘ng‘iroqni ko‘tardim. Onam esa “dod dedilar, meni Koreyaga olib ket, chidolmayman”, dedilar. “Ona viza qilolmaysiz, kelolmaysiz”, dedim. “Unda bu yoqqa kel dedilar”. “Men yurolmayman”, deb nafas ololmaydigan darajada og‘riqni his qildim.

Foto: Instagram

“Koreyada bir oy toshbaqa sho‘rva ichsang, yaxshi bo‘lib ketasan”, deyishdi. Doktorga pulim yo‘qligi uchun, dengiz bo‘yida bir oy yashab toshbaqa sho‘rva ichdim. U kuchli narsa bo‘lganiga qon bosimim ko‘tarilib ketdi, bosh og‘rig‘imga esa chidolmayman, suvning bo‘yiga chiqib “dod, dod” deb yig‘lardim. Keyin baribir doktorga bordim, toshbaqa taʼsir qilmabdi. Shundan keyin yana bir kichik operatsiya qildirdim va hozir yaxshiman, — deydi aktrisa.

Oilasi va farzandlari haqida

Foto: Instagram

— “Turmushga chiqqanmisiz? Biz sizni oila qurish ostonasidagi qiz deb o‘ylagandik?” degan gaplarni ko‘p eshitaman. Erta oila qurganim bois o‘g‘illarim ancha ulg‘ayib qolgan. Katta o‘g‘lim Amirxon 16 yoshda, Temurxon esa 15 yosh. Turmush o‘rtog‘im oilaviy rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashimni unchalik yoqtirmaydi. Ular sanʼatni tushungani bilan jahllari chiqadigan vaziyatlar ham bo‘lib turadi. Chunki oxirgi paytlarda “Shukrona” serialining syomka jarayonlari 13-14 soat davom etyapti. Ammo navbati bilan o‘g‘illarim men bilan birga syomka jarayonlarida ishtirok etishadi, — deydi aktrisa.

“Asosiy kasbimni davom ettiraman”

Foto: Instagram

— Albatta, asosiy kasbimni davom ettiraman. Ammo sanʼatga ham shunchaki hobbi deb qarash niyatim yo‘q. Hozir ham tarjimonlik bilan shug‘ullanaman. Har kuni syomka yo‘q, shu bois ikki eshkakni birdek boshqarishga harakat qilyapman, — deydi aktrisa.

 

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »