Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Kichkina tabib” filmidagi Doniyor roli bilan tomoshabinlar mehrini qozongan ijodkor Dilshodbek Kattabekov bu yil 34 yoshni qarshiladi. Ishonish qiyin, ammo u kinodagi faoliyatini boshlaganiga 26 yil bo‘ldi. Bu yillar orasida u “Muhabbat sinovlari”, “Xavfli burilish”, “Vijdon” va “Fidoyilar” kabi qator filmlarda ham muvaffaqiyatli rollarni ijro etgan. Xo‘sh, u nega aktyorlik sohasini tanladi va kino olamida yutuqlarga erishish uchun qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tdi.

“Kichkina tabib”dagi yashirilgan sir…

Bolaligidan qo‘shiqchi bo‘lishni niyat qilgan Dilshodbek Kattabekov kutilmaganda aktyorlik sohasiga qadam qo‘ygan. Besh yoshidan boshlab davlat tadbirlarida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Dilshodning yaqinlariga “Kichkina tabib” filmining kastingida ishtirok etishni taklif qilishadi. Doniyor roliga talabgorlar nihoyatda ko‘p bo‘lgan. Yuzdan ortiq ishtirokchilar orasidan tanlab olingan Dilshodbek Kattabekov kino olamiga dadil qadamlar bilan kirib keldi.

Foto: Kinokadr

— Buvim 1998-yilda “O‘zbekfilm”ga olib borgan, yuzta bola qatnashgan kasting bo‘lgan. Oxirida shu rol menga nasib qilgan. Qarasam, hammasi o‘zim bir yil oldin televizorda ko‘rgan aktyorlarim bo‘lgan. Murod Rajabovni “Temir xotin”da, Rajab Adashevni “Abdullajon”da, Karim Mirhodiyevni “Charxpalak”da ko‘rganman. Bundan tashqari, Fotima Rejametova, Zikir Muhammadjonov, Munavvara Abdullayeva bor edi, borsam aktyorlar ansambli yig‘ilgan, bu ham bir baxt edi. Bu ham o‘zimni erkin his qilishimga turtki bo‘lgan, ular menga rolni ijro etishimga yordam bergan. O‘sha paytda kinolar lentada olingan, xato qilishga haqqimiz yo‘q edi. Hozirgidek emas edi, bir kun oldin yaxshilab matnni yodlab, ertasi kuni suratga olish jarayonlariga borib, holatga kirib o‘ynalgan. “Kichkina tabib”ning ham bir yutug‘i aktyorlar ansamblining jam bo‘lganidadir, jamoa zo‘r yig‘ilgan edi. Shundan keyin menga “Kichkina tabib”da chiqqan bola deb ta’rif berishadigan bo‘ldi. Kimdir ismimni bilmasa ham, Doniyor deb chaqirar edi, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

“Murod Rajabov otib yuborgan”

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

— “Kichkina tabib” filmida juda qiziqarli voqealar bo‘lgan. Birinchi voqea — Murod aka Rajabov meni ko‘tarib olib, mashinaga otib yuboradigan joylari bor. Rolga shu darajada berilib ketganlarki, ozg‘in, yengil bo‘lganim uchun otib yuborganlar, bu eshikdan kirib narigi eshikka borib urilganman. Keyin suratga olish jarayoni tugagandan keyin qattiq otmadimmi, deb so‘raganlar.

Yana bir qiziqarli voqealardan biri tepalikka chiqib, Allohga iltijo qilayotgan vaqtda itning zanjirini qo‘limga ikki-uch marta bog‘lab olganman. Bu it ham o‘rgatilmagan edi, qishloqdagi bir xonadonning iti bo‘lgan. Unga bir hafta davomida go‘sht berib o‘zimizga o‘rgatib olganmiz. Shu it bilan tepalikka chiqib ketgan vaqtimda suratga olish ishlari boshlangan, keyin esa zanjirni yechmasimdan oldin, it pastga qarab yugurib ketgan. Oxiri oyog‘im qoqilib, tikanaklarga burkanib pastga tushib borganman. O‘sha payt sovuq edi, keyin rejissyorlar yugurib kelib, avtobusga olib kirib, hamma yerimga spirt surtishgan, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

“Qancha gonorar olgansiz?”

“Kichkina tabib” filmidagi roli uchun aktyor qancha gonorar olgan, umuman, yosh aktyorga haq to‘langanmi? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi aniq.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

— “Kichkina tabib” filmidan 1998-yilda 50 ming so‘m gonorar olganman. O‘sha payt o‘zimni olib borishgan, kichkina edim. “O‘zbekfilm”ga borganman, adashmasam, buxgalter rus ayol bo‘lgan, meni ko‘tarishgan. Qog‘ozni berib, qo‘l qo‘y deyishgan, shu payt qo‘limni qog‘ozning ustiga qo‘ygan ekanman, keyin ular imzo qo‘yishim kerakligini tushuntirishgan. O‘sha payti birinchi filmimdan 50 ming so‘m olganman.

“Mening ikkita onam bor”

Dilshodbek Kattabekov yutuqlarida buvisining hissasi katta ekanligini, u ko‘plab tadbirlarga olib borganini yaxshi eslaydi.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

—  Buvim  30 yildan ortiq “O‘zbekiston” teleradiokompaniyasida boshlovchi bo‘lib ishlagan, to 2016-yilgacha shu insonning xonadonida yashab, maktabga, tadbirlarga, suratga olish jarayonlariga ham o‘sha yerdan borib yurganman. Erinmay kastinglarga olib borar, san’atkorlar bilan tanishtirardi. Shuning uchun ikki onam bor, biri Sirdaryoda, biri Toshkentda menga tarbiya bergan, deyman.

Keyin Farrux Zokirovning haydovchisi bilan ham tanishib qolganim omadim bo‘lgan. U inson bilan qarindoshdek bo‘lib ketgan edik. Shu inson “Turkiston” saroyida qo‘shiq aytib turgan paytimda yoqtirib qolib, o‘zlarining oilasiga qabul qilgan va dadamga o‘g‘lingizni o‘z o‘g‘limdek ko‘raman, degan, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

Meni mazax qilishardi

Aktyor bo‘yi pastligi uchun mazax qilingani va u ba’zi paytlari ota-onasidan ranjiganidan afsuslanishini eslab o‘tdi.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

— Ota-onamizga qancha qilsak kam. Otamning ismi Ravshan, onamning ismi Dilorom. Dadam 1961-yilda, onam 1964-yilda tug‘ilgan. Bola bir marta kuyunsa, ota-ona o‘n marta kuyunadi, boshida qiyin bo‘lgan, chunki ota-onamning har doim oldida yuradigan farzandi tanlagan sohasi sabab uzoqda yurishi kerak bo‘lgan. Ba’zan ota-onamga og‘ir gaplarni aytib, ranjitgan paytlarim ham bo‘lgan. Bunga bo‘yimning pastligi sabab bo‘lgan. Chunki ayrim insonlar qo‘lini  bigiz qilib, shaxsiyatga tegish holatlari bo‘lgan. Kamchiligimni, tashqi ko‘rinishimni aytib kulganlar ham bo‘lgan. Ko‘nglimga og‘ir botgan, uydagilarga ko‘chaga chiqmayman, ustimdan kulishyapti, san’atni ham tashlayman, deb yig‘lab aytganman. Ota-onam boshimni silab, “Ular kulsa kulaversin, sen xursand bo‘l, Alloh seni shunaqa kichkina qilib, aziz qilib qo‘yibdi”, der edi.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

Hozirgi kunda bundan afsuslanmayman, sog‘lomman, oq-qorani ajratib bilaman, tengdoshlarimdek bo‘yim uzun bo‘lganda, balki bu darajada mashhurlikka erishmagan bo‘lar edim. Qaysidir ma’noda shu jussam bilan boshqa hamkasblarimning orasida ajralib turaman. Yoshimiz ulg‘aygan bo‘lsa ham, insonlar haligi bola, deb ko‘rsatadi. Hamma o‘ksinishlar, xafa bo‘lish bolalikda qolib ketgan, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

Pulga olingan unvon kerak emas” 

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

—  2008-yilda ham “Nihol” mukofotiga, ham san’at oliygohiga topshirganman. O‘sha payti tuman, viloyat bosqichlaridan o‘tib respublika bosqichiga yetib borganman. Hozir u odamlar lavozimida bormi yoki yo‘qmi, bilmayman. Keyin menga kelib, “Bu bosqich qiyin bo‘ladi”, deyishgan. Qaysi tomonlama desam, mablag‘ bilan bog‘liqligini aytishgan. Pul talab qilishgan, 2008-yilda 500 dollar so‘rashgan. Iste’dodimni sotib shu unvonni oladigan bo‘lsam, kerak emas, deganman. Haqiqiy unvon — xalqning mehri, e’tibori. Menga pulga olingan unvon kerak emas, deganman, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

33 yoshda oila qurgan aktyor

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

— O‘zbek shou-biznesida uylanmagan men qolgandim. Shuning uchun hamkasblar, ustozlar 4-5 yildan beri qachon uylanasan, deb so‘rashayotgan edi. Shu yilga nasib qilgan ekan. Bizda ko‘pchilikda bo‘lganidek sevgi tarixi bo‘lmadi. Onam va xolalarim anchadan beri menga qiz izlashardi. Yillar davomida rosa ko‘p uchrashuvga chiqaverib, tajribam oshib qoldi. Yosh o‘taverganidan keyin injiq, odam tanlaydigan bo‘lib qolarkansiz. Avgust oyida xolam qo‘shnisining qizi bilan uchrashib ko‘rishni tavsiya qildi. Borib, qiz bilan ko‘rishib, 10 daqiqacha gaplashib o‘tirib, bir-birimizga ma’qul bo‘ldik. Shunday qilib to‘yimiz bo‘lib ketdi.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

Rafiqam ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydi. Faqat Telegram messenjeriga ruxsat berganman. Uchrashuvga chiqqanimda Zuhraning yerga qarab, uyalib o‘tirishi e’tiborimni tortgan. Chunki ayol kishi erkak kishi bilan gaplashganida ko‘ziga tik qarab turmasligi kerak. U xolavachchamning qo‘shnisi, Sirdaryoga borganimda 10 daqiqacha ko‘rishib suhbatlashdik. Bir-birimizga ma’qul bo‘ldik. Qaynonam mening muxlisim ekanliklari qo‘l keldi, — deydi aktyor.

“San’atdan biroz uzilib qoldim”

Dilshodbek Kattabekov oxirgi paytlarda film va seriallarda suratga tushmayotgani sababi haqida ham gapirib o‘tdi.

Foto: Dilshodbek Kattabekovning shaxsiy arxividan

— Film va seriallarda ancha bo‘ldi, suratga tushmayapman. Oxirgi rol ijro etgan filmim “Mahallada duv-duv gap-2” bo‘ldi. Hozir ham takliflar bo‘lyapti. Uyda ham 2-3 ta ssenariy turibdi. Lekin hozir avvalgidek yaxshi loyihalar yo‘q. “Kichkina tabib”, “Muhabbat sinovlari”ga o‘xshagan ssenariylar yo‘q. Shuning uchun ekranlarda ko‘rinmay turibman. Bundan tashqari, shaxsiy hayotimga vaqt ajratganim uchun san’atdan biroz uzilib qoldim, — deydi Dilshodbek Kattabekov.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »