Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yorqin aktrisa ellikdan ortiq film va teleko‘rsatuvlarda o‘ynagan. Nina Maslovani epizodlar malikasi deb atashlari bejiz emas. Ko‘pincha tomoshabinlar aktrisani betakror Marfa Vasilyevna roli orqali tanishadi.

Foto: AdMe
  • Nina Konstantinovna Maslova 1946-yil 27-noyabrda Riga shahrida tug‘ilgan. Otasi oilasini tashlab ketganida qizcha 5 yoshda edi.
  • Onasi va o‘gay otasi bilan kelishmovchiliklar tufayli kichkina Nina tez-tez uydan qochib, do‘stlari va qarindoshlarinikida tunab yuradi. Oilada u o‘zini keraksiz his qila boshlaydi. Maktab yoshida esa qiz ko‘chadagi yigitlar bilan ko‘p vaqt o‘tkazadi. Aynan ular qizni giyohvandlikka o‘rgatadilar.
  • 1964-yilda Nina maktabni tugatgach, irrigatsiya institutiga muhandislik yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. Ammo bu kasb uning uchun emasligini tezda anglab, universitetni tashlab ketadi.
Foto: AdMe
  • Bir yil o‘tgach, Nina Moskva badiiy teatr maktabining talabasi bo‘ladi. Biroq ma’lum bir turmush tarziga o‘rganib qolgan qiz o‘z odatlaridan voz kechishi qiyin edi. 2 yildan keyin u yomon xulq-atvori uchun o‘qishdan haydaladi.
  • Ammo shundan keyin ham u aktrisa bo‘lish orzusidan voz kechmaydi. Natijada VGIKga o‘qishga kiradi va uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. 1971-yildan boshlab u Kinoaktyorlar teatr-studiyasi truppasida ishlay boshlaydi.
  • Nina Maslovaning birinchi eri bolgar edi, ular VGIKda talaba bo‘lganida tanishgan. Avvaliga juftlik Bolgariyada yashashga qaror qiladi. Ammo Nina turmush o‘rtog‘ining vataniga kelganida, u o‘ziga boshqa ayol topib olgani ma’lum bo‘ladi.
  • Talabalik yillaridayoq Nina filmlarda rol o‘ynay boshlaydi. U “Omad tilaymiz” nomli yangi qisqa metrajli filmida, keyinchalik “Qotillikda ayblanmoqda” dramasida ham ishtirok etadi. O‘sha paytda o‘qituvchisi Sergey Gerasimov talabasini “Ko‘l bo‘yida” filmidagi epizodik rolga chaqiradi.
Foto: AdMe
  • 1971-yilda Maslova va Vladimir Tixonov o‘rtasida munosabatlar boshlanadi. Nina hatto Vladimirning jahldor onasi Nonna Mordyukova bilan ham til topishadi. Ammo keyin aktyorning homilador xotini — Natalya Varley (“Kavkaz asirasi” filmidagi Nina) uning oldiga keladi. Aktrisa hayratda qoladi, chunki aktyor xotini borligi haqida hech narsa demagandi. 
    “Albatta, o‘shanda u bilan munosabatlarimni davom ettirishim mumkin edi. Ammo bolani otasidan mahrum qilish men tomonimdan pastkashlik bo‘ladi deb o‘yladim”, — deb eslaydi aktrisa.
  • Maslova Tixonov bilan munosabatlarni uzganida ham Nonna Mordyukova u bilan yaqin bo‘lib qoladi. Nonna hatto bu haqda shunday deydi:
    “Ninochka mening kelinim bo‘lmagani juda achinarli. U Volodyaga yaxshi xotin bo‘lardi!”
Foto: AdMe
  • Haqiqiy shon-shuhrat aktrisaga 26 yoshida “Katta tanaffus” filmining premyerasidan keyin keladi. Filmda uyda ishyoqmas, maktabda esa hamma narsani biladigan go‘zal Vika Korovyanskaya rolini o‘ynaydi.
  • Filmni suratga olish jarayonida Nina ikkinchi marta turmushga chiqadi. Ularni Nonna Mordyukova tanishtirib qo‘ygandi. Ammo bu nikoh 6 oyga ham bormaydi. Aktrisa erining qo‘pol tabiatiga chiday olmaydi.
  • Maslova sog‘lig‘i tufayli farzand ko‘ra olmasdi. Bundan tashqari, u shaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatsizliklarini onasining kuchli ta’siri bilan bog‘laydi.
    “Men hayotimdagi voqealarni qayta-qayta takrorlayman, nega hammasi shunday, nega boshqacha emas. So‘nggi ikki yil ichida onamga butunlay bog‘lanib qolganimni angladim, men doimo onamning zanjirida edim”, deb tan oladi u.
Foto: AdMe
  • Karyerasining cho‘qqisi 1973-yilda, taniqli rejissor Leonid Gayday uni “Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” komediyasida rol o‘ynashga taklif qilganida keladi. Aktrisa filmda haqiqiy tarixiy shaxs — shoh Ivan Grozniyning xotini Marfa Vasilyevna Sobakinani o‘ynaydi.
  • Ikki yil o‘tgach Nina “Tabassum qil, tengdosh” musiqiy komediyasida ishtirok etadi. U bir vaqtning o‘zida ikkita asosiy — bir-biriga ikki tomchi suv kabi o‘xshash qizlar Masha va Mariya rollarini o‘ynaydi.
Foto: AdMe
  • 1975-yilda esa Nina Georgiy Daneliy tomonidan suratga olingan “Afonya” tragikomediyasida o‘ynab, millionlab tomoshabinlarning sevimlisiga aylanadi. Uning qahramoni santexnik Afonyaning mijozi Yelena Orlova shu qadar maftunkor ediki, u baxtsiz dangasani oilaviy hayotga qaytaradi. Ninaning filmdagi partnyori Leonid Kuravlyov edi.
  • Aytgancha, 10 yil o‘tgach, bu ikki aktyor yana suratga olish maydonchasida uchrashadi. Bu safar Leonid Gaydayning “Hayot uchun xavfli” komediyasida. Maslova bu safar epizodda o‘ynoqi itning egasi rolini o‘ynaydi.
Foto: AdMe
  • 1970-yillarning oxiri va 80-yillardagi filmlarda bir nechta kichik rollardan so‘ng, Nina film va televideniyedagi rollarga kamroq taklif qilinadi. Moliyaviy muammolar, shaxsiy hayotdagi qiyinchiliklar, sog‘lig‘ida jiddiy muammolar boshlanadi. Shifokorlar hatto uning davolab bo‘lmaydigan kasalligi borligini va uzoq umr ko‘rolmasligini aytishadi. O‘shanda aktrisa endigina 50 yoshda edi. Biroq bir muncha vaqt o‘tgach, aktrisa zararli odatlardan voz kechib, sog‘lig‘ini tiklashga muvaffaq bo‘ladi.
Foto: AdMe
  • Ayni paytda Nina Maslovaning ekrandagi so‘nggi roli 2017-yilda suratga olingan “Qizlar bazmi” teleserialidagi zargarlik do‘konining sotuvchisi. Premyera vaqtida aktrisa 71 yoshda edi.
Foto: AdMe
  • Bugungi kunda yulduz filmlarda rol o‘ynamaydi, lekin u bajonidil intervyu beradi, shaxsiy hayotidagi xotiralari va hikoyalari bilan o‘rtoqlashadigan dasturlar va tok-shoularda qatnashadi.
  • Nina Konstantinovnaning tan olishicha, tomoshabinlar uni yorqin epizodik rollari tufayli hali ham eslashadi, hozirgacha uni ko‘chada va do‘konlarda taniydilar. Ayniqsa, odamlar uni betakror Marfa Vasilyevna roli bilan yodga olishadi.
Foto: AdMe

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »