Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Armaniston Ozarbayjon bilan chegaradagi voqealarni tekshirish uchun Xalqaro jinoyat sudi (XJS) ta’sis hujjati – Rim statutini ratifikatsiya qilishni boshladi, dedi bosh vazir Nikol Pashinyan Jamoat televideniyesiga bergan intervyusida.

Foto: “TASS”

Uning aniqlik kiritishicha, gap 2021-yil may va 2022-yil sentabr oylarida chegarada sodir bo‘lgan voqealar haqida ketmoqda; ratifikatsiya jarayonining o‘zi o‘tgan yilning dekabrida boshlangan. XJS ishtiroki “Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti o‘z majburiyatlarini bajarmagan va bajarmayotgan” sharoitda Armaniston xavfsizligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Pashinyanning taʼkidlashicha, Yerevan sodir bo‘layotgan voqealarni eʼtiborsiz qoldira olmaydi, hukumat qo‘shimcha xalqaro xavfsizlik vositalarini olishga urinmoqda.

“Afsuski, Rossiya va Gaaga jinoyat sudi o‘rtasidagi munosabatlar kontekstida bu yomon tasodif bo‘ldi. Ratifikatsiya jarayonining arman-rus munosabatlariga mutlaqo aloqasi yo‘q, chegaradagi taranglik bilan bog‘liq”, — deya tushuntirdi Pashinyan

Pashinyan Yerevan nizomni nega ilgari ratifikatsiya qilmaganiga izoh berar ekan, o‘shanda respublika Konstitutsiyaviy sudi ushbu hujjat va Asosiy qonun o‘rtasidagi zidlikni aniqlaganini aytdi.

“2015-yildan beri Armanistonda yangi konstitutsiya mavjud, bu zidlik yo‘q bo‘lib ketdi va biz o‘z yo‘limizda olg‘a ketyapmiz, chunki biz bu hujjatni imzolaganmiz”, — dedi bosh vazir.

AQSH bilan harbiy mashg‘ulotlar va Pashinyan rafiqasining Ukrainaga borishi

Rossiya tomonining boshqa daʼvolariga javoban Pashinyan arman va amerikalik harbiylar o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar birinchi marta o‘tkazilmayotganini eslatib, rafiqasining Ukrainaga tashrifini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi. U rafiqasi anchadan beri boshqa davlatlar birinchi xonimlari bilan xalqaro hamkorlik doirasidagi yordam tadbirlarda ishtirok etib kelayotganini alohida ta’kidladi.

Armaniston 1999-yilda Rim statutini imzolagan, ammo uni ratifikatsiya qilmagan. 2022-yil oxirida hukumat Armaniston Konstitutsiyaviy sudidan Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘dagi xatti-harakatlarini ko‘rib chiqish uchun XJS yurisdiksiyasini tan olishni so‘radi. 1-sentabr kuni Armaniston hukumati parlamentga XJSning Rim statutini ratifikatsiya qilish loyihasini yubordi. Bunga javoban Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistondan tushuntirish so‘radi.

Ratifikatsiyadan keyin Armaniston Putinni hibsga olishga majbur bo‘ladi

Eslatib o‘tamiz, 17-mart kuni XJS Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi. Ular Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan Ukraina hududidan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblanmoqda. Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar agar Putin ularning hududiga qadam bossa, Rossiya prezidentini hibsga olishga majbur bo‘ladi.

11-sentabr kuni Armanistonda AQSH kontingenti bilan harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Yil boshidan beri Yerevan KXSHT bilan ikkita mashg‘ulotda qatnashishdan bosh tortgandi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »