Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘qish davomiyligi: 8-9 daqiqa

Sharq ruhi bilan tarbiyalangan Santyago

“Alkimyogar” kitobini akam olib kelganmidi yoki dadam, aniq esimda yo‘q. Shuni bilamanki, bu kitobni Rumiyga oz-moz tishim o‘tishni boshlagunga qadar naqd o‘n bir marta qayta mutolaa qilib chiqqanman. Sariq, kitob dizaynda ulkan ko‘z va undan sizib chiqayotgan yosh, kichkina qilib yozilgan muallif ismi: Paulo Koelo. Bilaman, hozir bu asar o‘quvchilarni hayratlantirmaydi, u yerdagi gaplar ham biroz “eskirgandek”. Ammo men bolaligimning shonli kunlarini bu kitobsiz tasavvur qilolmayman. Aynan shu kitob jiddiy asarlarga o‘tishimda etalon vazifasini a’lo darajada bajargan. Cho‘pon yigit Santyago bilan esa deyarli ruhdosh edik: yo‘l yurayotgan-u, qayerga otlanganini bilmaydigan, juda ko‘p ikkilanadigan, biroq ozgina jur’at bilan hayoti butunlay o‘zgarib ketgan bu yigit men o‘sha paytlar pinhon havas qiladigan yagona odam edi. Hatto unga o‘xshab qo‘y boqishni, qo‘ylarni o‘zimga o‘rgatib olishni qattiq xohlardim. Qani cheksiz qir-adir bo‘lsa-yu, hayyo-huyt, deb tabiat qo‘yniga singib ketsang, deb orzu qilardim.

Foto: Google Images

Kitobdagi uslub eskirgani bilan, undagi g‘oya menimcha hali-beri o‘lmaydi. Odamlar hozir ham Olam kuchi borligiga, nimaga shahd bilan kirishsang, butun olam shuni ro‘yobga chiqarish uchun harakatlanishini inkor etib bo‘lmaydi. Men esa mana shunday nafis, Sharq rivoyatlaridan ruhlangan Koeloning tahlil qilinaverib, rangi uniqib ketgan asari haqida sal boshqacharoq, sal erkinroq fikr bildirib ko‘raman.

So‘z magiyasi va Chin Alkimyogar yo‘li

Badiiy adabiyotning ijtimoiy o‘rni haqida ikki xil bo‘ladi. Umumiy olib qaraganda, albatta:

  • badiiy asar omma uchun yaratiladi;
  • alohida xos shaxslar uchun yaratiladi.

Shunaqa yozilmagan, hech qayerda ko‘rsatilmagan, balki kitobxonlarning o‘zlari yaratib olgan qarashlar mavjud. Lekin muhim qarash. Jahon adabiyotining ko‘p yillik tarixida bitilgan asarlar mana shu ikki tamoyilni o‘zida namoyon etadi. Deylik, Kamyuning “Begona” asarini oddiy o‘quvchi bir necha sahifa o‘qigach, idrok etolmay chetga surib qo‘yishi hech gap emas — bu chetga surib qo‘yishning, albatta, “Begona”ning san’at asari sifatidagi qimmatiga zarracha daxli yo‘q. Paulo Koeloning asarlari esa har ikkala toifadagi kitobxonning talabiga javob beradi. U na xoslarga va na omma saviyasiga “yotadi”. To‘g‘ri, roman matnining ichki qavatlaridagi ramz va belgilarini idrok etish uchun alohida tayyorgarlik kerak, lekin Injil, Tavrot va Qur’oniy haqiqatlardan boxabar odam uchun bu tayyorgarlik ko‘p vaqtni olmaydi. Ammo Nuriddin Ismoilovning “O‘limga mahkum qilinganlar” degan na roman, na qissa, umuman, hech narsani o‘qigan har qanday o‘quvchining dabdurustdan bu falsafiy asarga “tishi o‘tishi”, tabiiyki, qiyin.

Asarlarning umumiy pafosidan “Ming bir kecha” ta’sirini, Ya’qub, Yusuf, Iso Masih haqidagi haqiqat — rivoyatlar ruhini, ayniqsa, kolumbiyalik adib G.G.Markes adabiy-falsafiy maktabi ohang va uslubini ilg‘ash qiyin emas. Buni aytmasam ham Sharq rivoyatlaridan xabardor odam biladi.

Foto: DV

Va keyinchalik tanqidchilardan o‘qib bildimki, chindan Koeloning ushbu asarida bir mustahkam tizim yo‘q, ya’ni tartib yo‘q. Juda ko‘p chalkashasiz. Ammo Koelo har bir qahramonining ruhiy olamiga chuqur kirib borishini aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Undan tashqari, maroqli sujet sizni, albatta, o‘ziga rom etadi. To‘g‘ri, bu mutaassirlik ancha og‘ir kechadi. Negaki roman diqqatni mudom bir joyga jamlashni talab etadi, rulda o‘tirgan kishiday bir lahzalik chalg‘ish ham qimmatga tushishi mumkin: biror detal, tafsilot yoki ramzga e’tiborsiz qarash shu joyni qayta o‘qishga majbur qiladi. Romandagi ramz, belgi va matn ostiga yashirin fikrlarni bir o‘qishda ilg‘ab olish mushkul.

Muallif gohida sujetni atay chigallashtiradi. Bu romandagi real va sehrli hodisalarning o‘ziga xos badiiy sintezidan kelib chiqadi.

“Ishoralardan iborat asar — topishmoqni xushlamaydiganlar uchun qiyin tanlov”.

Paulo Koelo “Alkimyogar”ning maqsad-muddaosi, falsafiy asosini shunday ifodalaydi: “Bizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat bor: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga, albatta, erishasiz. Zotan bu orzu olam qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingizning tasdig‘i, sizning taqdiringizdir”. Bu g‘oyaviy mazmun taqdir yo‘lidan borayotgan, kurashayotgan, orzusi — ramziy xazina tomon intilib, o‘zligini, o‘z qalbini anglayotgan shaxsning ruhiy evrilishlari, botiniy va zohiriy olami, Santyago va Alkimyogar obrazlari prizmasida o‘z ifodasini topgan.

Asar sujeti haqida o‘qimagan odam ham biladi hozir. Chunki unga atab yozilgan taqrizlarda deyarli hamma narsa yozilgan. Keling, biz undan ko‘ra bu ajoyib asarning mag‘zini chaqishga harakat qilib ko‘ramiz. Dunyoning ko‘p mutafakkirlari qatori Paulo Koelo ham insonning qanday taqdir egasi bo‘lishi uning o‘z qo‘lida, degan qarash tarafdori. Shu fikr “Alkimyogar” romanida boshdan-oxir Santyagoning sayohat-riyozatlari orqali sehrli realizm uslubi asosida ochib berilgan. Bu taqdir Haq tomonidan ato etilgan oliy haqiqat, shu haqiqat, mohiyatga yetish uchun inson aniq maqsad — ideal yo‘lidan chekinmasligi kerak, degan mag‘zi to‘q ulug‘ g‘oya. Lekin mohiyat, baxt, komillikka o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Maqsad yo‘lidagi shaxs kim bo‘lmasin, qanday ishni bajarmasin, adolatli, haqgo‘y, ko‘ngli yorug‘, niyati toza, e’tiqodi bukilmas, irodasi sinmas bo‘lishi darkor. Oliy maqsad va unga eltuvchi yo‘l aniq bo‘lmog‘i, unga yetish uchun har qanday riyozatga ruhan, ma’nan, jismonan tayyor turmog‘i zarur.

Ayni paytda bu yo‘lda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy shart-sharoitlar va to‘siqlarni yengib o‘tish ham muhim. Oliy niyatga rahnamo Pir (Alkimyogar)ning yo‘lboshchiligi, sinovlarisiz yetish mushkul. Uning o‘gitlari bilan murid har qanday qiyinchilikni yengishi mumkin. Pirning ruhiy-ma’naviy qudratni xuddi yoglardek bir joyga — bir maqsadga yo‘naltirish tajribasini egallash, bu yo‘lda aldov, chalg‘ish, adashish, yengilishdan qo‘rqmaslik, muvaffaqiyatsizlik va omadsizlikdan cho‘chimaslik psixologiyasi, irodasini tarbiya toptirish katta ahamiyatga ega. Oliy maqsad – Haq – Xazinaga erishish uchun butun imkoniyat va vositalarni ishga solish ham muhimdir.

Mana shu sa’y-harakat aniq maqsadga yo‘naltirilsa, Paulo Koelo aytmoqchi, butun olam ruhi sizga yordamga keladi. Yanayam, soddaroq qilib aytsak, sendan harakat, Haqdan barokat.

Maqsad, orzu, ishonch degan narsalar bilan boshni qotirma, bu hozir ensani qotiradi xolos, deydiganlarda yana bir o‘rinli savol tug‘iladi: “Xo‘p, maqsad ham bor deylik. Butun olam ruhi ham shunga harakat qilar ekan. Unda nega hamma o‘zi istagan narsaga erishmaydi, mayli qiynalsin, azob cheksin, lekin shunday baxtiqarolar borki, shuncha chiranib, oqibatda hech narsaga eishmaydi. Ularga nima deysan?

Foto: Google Images

Javob uchun yana Koeloning o‘ziga murojaat qilamiz: “Xo‘sh, nima uchun hammaning ham istak-orzulari ushalavermaydi? Bunga to‘rtta to‘siq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, go‘daklik paytdayoq hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yo‘q, bularga erishib bo‘lmaydi, degan gapni quloqqa quyib qo‘yishadi. Bola harchand urinmay, baribir o‘zim xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulg‘ayadi. Shu tariqa yillar mobaynida qalbida turli shubha-gumonlar, qo‘rquvlar ildiz otadi, umidsizlik va aybdorlik hissi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, o‘z taqdirini yashash istagi shu og‘ir yuk ostida qolganini anglaganida, o‘ziga in’om etilgan oliy imkonni yo‘qotib qo‘yganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan bo‘ladi”.

Foto: The Guardian

Xulosa o‘rnida rivoyat

Xullas, shunday. Miyadagi millionlab shubha-yu, axborot axlatlaridan qutulib, xotirjam holatda mutolaa qilinsa, kitobning o‘zi sizga xazinani ochuvchi kalitni tutqazadi. Xulosa o‘rnida asardagi go‘zal rivoyatni keltiraman. Asarning bir joyida Maliksiddiq Santyagoga baxt haqida bir hikoya aytib beradi. Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng taniqli donishmand huzuriga yuboribdi. O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan donishmand yashar ekan. Lekin u istiqomat qiladigan qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq, bu yoqqa chopqillashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida bu o‘lkada topsa bo‘ladigan jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan. Yigit avliyoning oldiga kiradi. Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, keyin yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi.

“Darvoqe, sendan yana bir so‘rovim bor, — deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choy qoshiqni uzatib. — Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin”. Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so‘ng yana Donishmand qoshida hozir bo‘ladi. “Xo‘sh, — deydi Donishmand, — oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo‘lyozmalar-chi?”. O‘sal bo‘lgan yigitcha bularni ko‘rmaganini tan oladi, zotan qal’ani aylanganda u butun diqqatini xo‘jayin qo‘liga ishonib topshirgan choy qoshiqdagi moydan uzmagan edi. “Izingga qayt va mening uyimdagi mo‘jizalarni tomosha qil, — deydi Donishmand. — Turish-turmushini ko‘rib bilmagan odamingga qanday ishonasan”. Yigitcha qo‘lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo‘lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko‘rib chiqadi. U bog‘larni va qal’ani o‘rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va surat-u haykallarning go‘zalligini o‘zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko‘rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi. “Ikki tomchi moy qani, men senga to‘kib qo‘yma deb tayinlagandim?” — so‘raydi Donishmand. Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to‘kilganini payqaydi. “Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat, — deydi unga donolar donosi. — Baxtning sir-u asrori dunyoning bor jozibasi-yu tarovatini ko‘ra bilishda va ayni paytda choy qoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda”.

Foto: Google Images

Asardan iqtiboslar

  • Xudo har bir bandaning yo‘lini alomatlar bilan belgilab qo‘ygan. Alomatlarning faqat sen uchun yozilganini o‘qiy olmog‘ing darkor.
  • O‘z taqdiring yo‘lidan yurishingga muhabbat hech qachon xalal bermaydi. Agar xalal bersa, demak, u umumbashar tilida gapira oladigan asl muhabbat bo‘lmaydi.
  • Inson sevgani uchun sevadi, vassalom! Muhabbat izohlarni tan olmaydi.
  • Har kimning orzusi boshqa, ko‘radigan tushi boshqa. Yodingda tut, nimani xohlaganingni doim aniq bilishing kerak!

Azizbek Yusupov

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »