Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari oltin zaxiralari bo‘yicha yuqori 100 talik davlatlar qatoriga kiradi. Shuningdek, barqaror o‘sishi tufayli yuqori baholanadigan oltin ko‘pincha Markaziy Osiyo mamlakatlarida “xavfsizlik yostig‘i” sifatida qo‘llanadi. Bunga sabab qilib ko‘plab omillarni keltirish mumkin. Misol uchun, ba’zilar oltin zaxiralarini to‘ldirish sanksiyalar bilan bog‘liq deb hisoblaydi, chunki ko‘plab mamlakatlar o‘z oltin-valyuta zaxiralari tarkibini diversifikatsiya qilmoqda va borgan sari dollardan voz kechmoqda.

“Daryo” tahririyati Markaziy Osiyo mamlakatlarining oltin zaxiralarida qancha qimmatbaho metall saqlanayotganini aniqladi.

Markaziy Osiyo davlatlarida oltin zaxiralarining miqdori. Raqamlar tonnada ko‘rsatilgan.
Manba: World Gold Council

Qozog‘iston

Oltin zaxiralari bo‘yicha Qozog‘iston Buyuk Britaniya (310,3 tonna) va Polsha (299,5 tonna) o‘rtasida 17-o‘ringa tushib ketgan. Qozog‘iston Respublikasi Milliy banki mamlakat oltin zaxiralarini yil oxirigacha qisqartirishda davom etishini prognoz qilmoqda. Qayd etish joizki, 2010—2021-yillarda respublikada qimmatbaho metallar miqdori barqaror o‘sib, 67,32 tonnadan 402,38 tonnagacha oshgan. Ammo o‘tgan yildan boshlab Qozog‘iston banki oltin hajmini faol ravishda qisqartirmoqda.

Qirg‘iziston

Avgust oyida Qirg‘iziston Milliy bankining xalqaro valyuta (oltin-valyuta) zaxiralari 8,1 million dollarga oshdi.

Qirg‘iziston Milliy bankining zaxiralar to‘g‘risidagi ma’lumotlariga ko‘ra:

iyul oyi oxirida — 2 milliard 529 million 140 ming dollar;

avgust oyi oxirida — 2 milliard 537 million 210 ming dollar;

Iyul oyida Qirg‘iziston Milliy banki faqat bir marta xorijiy valyutani sotdi — qariyb 35,9 million dollar. Ko‘p millionli intervensiyaga qaramay, zaxiralarning ko‘payishi sababiga aniqlik kiritilmagan. 2023-yilning yanvar-iyul oylarida Qirg‘iziston 463,5 million dollarlik 7,4 tonna oltin eksport qildi.

Oxirgi oyda bu ko‘rsatkich jami 1,5 barobarga yoki 2,6 tonnaga oshdi. Shu bilan birga, 2022-yilning xuddi shu davrida 609,6 ming dollarga atigi 64,4 kilogramm oltin yetkazib berilgan.

Oltin eksporti hajmi bo‘yicha joriy ma’lumotlar 2022-yilgi darajadan 115 baravar yuqori.

O‘zbekiston

Avgust oyi davomida xalqaro aktivlar qariyb 1 milliard dollarga qisqardi. Mart oyi bilan solishtirganda oltin-valyuta zaxiralari 2,7 milliard dollardan ko‘proq kamayib, so‘nggi yillardagi eng past darajaga yetdi.

Valyuta aktivlari miqdori 8,7 milliard dollarni tashkil etdi — bu statistika e’lon qilinishni boshlagan davrdagi rekord darajada pasayish. Oxirgi bir oy ichida valyuta zaxiralari 860 million dollarga qisqardi va to‘rt oy davomida ketma-ket 10 milliard dollardan pastligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, respublika oltin zaxiralari sezilarli darajada oshib, sentabr oyi boshida 23,43 milliard dollarni tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan uning qiymati 410,5 million dollarga oshdi.

Turkmaniston

Amerika fond birjasi Nasdaq Turkmanistonda oltin zaxiralari yo‘qligini xabar qilmoqda.

Butunjahon Oltin Kengashining 2021-yilgi maʼlumotlariga ko‘ra, 13 ta davlatda oltin zaxiralari yo‘q, ularning 14 tasida esa 1 foizdan kam oltin bor.

Oltin zaxiralariga ega bo‘lmagan boshqa davlatlar qatoriga Nikaragua, Kamerun, Armaniston, Gabon, Kongo, Chad, Kanada, Kosta-Rika, Ozarbayjon, Norvegiya, Xorvatiya va Eritreya kiradi.

Tojikiston

Tojikistonda oltin zaxiralari hajmi o‘zgarishsiz qolib, 2023-yilning ikkinchi choragida 8,4 tonnani tashkil etdi. Maksimal zaxira hajmi 22,33 tonnaga, minimali esa 0 tonnaga yetdi.

Avgust oyida Tojikiston Milliy banki o‘rinbosari oltin-valyuta zaxiralari hajmi 6,9 oylik importga teng ekanini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika milliy valyutasi kursini barqaror ushlab turish uchun mamlakatga xalqaro zaxiralar kerak.

Afg‘oniston

Take-profit veb-saytiga ko‘ra, Afg‘onistonda oltin zaxiralari kamida uch yil davomida 21,8 tonnani tashkil etgan.

Oltin — qalqon

Oltin — “mudofaa aktivi” bo‘lib qolmoqda, deydi Portfolio Investments sarmoyaviy tahlilchisi Timur Normatov.

Markaziy Osiyo davlatlarida oltin zaxiralarining o‘sishi/pasayishi. Raqamlar tonnada ko‘rsatilgan
Manba: World Gold Council

Bugungi kunda oltindan, asosan, markaziy banklar tomonidan zaxira aktivi, pul-kredit siyosati quroli sifatida, baʼzan esa xalqaro hisob-kitoblarda foydalaniladi, deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu iqtisodiy tanazzul, geosiyosiy mojarolar va boshqa noaniqliklar davrida foydali. Bugungi kunda Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush, dunyoning boshqa qismlarida yuqori inflyatsiya, global iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, energetika va logistika muammolari kuzatilmoqda.

Ushbu noaniqliklar fonida butun dunyo bo‘ylab ko‘plab markaziy banklar oltinni ushbu xavflardan himoya qilish va portfelini diversifikatsiya qilish maqsadida sotib olmoqda, deydi investitsiya tahlilchisi.

Qimmatbaho metallning yirik jamg‘armalariga kelsak, oltin O‘zbekiston va Qozog‘iston markaziy banklari tomonidan milliy valyuta kursini barqarorlashtirish maqsadida valyuta bozoridagi intervensiyalar uchun foydalaniladi. Katta oltin zaxiralari mamlakatning kredit qobiliyatini oshiradi, bu esa xalqaro kreditlar olish jarayonini soddalashtiradi va ularning tannarxini pasaytiradi. Bularning barchasi bugungi kunda xalqaro kapital bozorida faol qarz oluvchi bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun muhim hisoblanadi.

Shu bilan birga, eng yirik oltin zaxiralariga ega davlatlarda ularning zaxirasi kamayib borayotgani haqida xulosa qilish mumkin. 2022-yildan 2023-yilning 2-choragigacha Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘z zaxiralaridagi qimmatbaho metallarni kamaytirdi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning qolgan davlatlarida oltinning mavqeyi o‘zgarishsiz darajada qolmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »