Qorabog‘da Rossiya harbiylarining o‘ldirilishi: Ozarbayjon Bosh prokuraturasi tafsilotlarni oshkor qildi
Qorabog‘da 20-avgust kuni o‘tishma oqibatida olti nafar rossiyalik tinchlikparvar askar halok bo‘lgan. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga tayanib, “Report.az” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 20-sentabr kuni Janyatog‘ qishlog‘ida “antiterror tadbirlari”da ishtirok etayotgan Ozarbayjon harbiylari ichida Rossiya tinchlikparvar kuchlari bo‘lgan mashinaga qarata o‘q uzgan. Bosh prokuraturaning da’vo qilishicha, ular “og‘ir relyef hamda tumanli va yomg‘irli ob-havo sharoiti” tufayli avtomobilni “noqonuniy arman qurolli guruhlariga tegishli” deb o‘ylab “yanglishgan”.
Idora, shuningdek, Rossiya tinchlikparvar kuchlariga tegishli yana bir avtomashina o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi. Bu voqea ham 20-sentabr kuni Janyatog‘ hududida sodir bo‘lgan. Oqibatda bir rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, yana biri yaralangan. Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ularning o‘qqa tutilishi “Armaniston qurolli tuzilmalarining noma’lum a’zolari” tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, har ikki fakt bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, Ozarbayjon Bosh prokuraturasi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rossiya Telegram-kanallari Rossiya tinchlikparvar kuchlarining o‘qqa tutilgan mashinasi aks etgan suratlarni tarqatdi.
Qorabog‘da Rossiya harbiylarining o‘limi uchun Aliyev Putindan uzr so‘radi
Rossiya Mudofaa vazirligi 20-sentabr oqshomida Qorabog‘da rossiyalik tinchlikparvar kuchlari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Vazirlikning taʼkidlashicha, harbiylar bo‘lgan avtomobil “Janyatog‘ qishlog‘i hududidagi Rossiya tinchlikparvar kontingentining kuzatuv postidan qaytayotganda” o‘qqa tutilgan. Vazirlik mashinada qancha askar bo‘lgani va kim o‘q uzganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, idora faqat bitta avtomobil otishma ostida qolganini xabar qildi. Qurbonlar orasida Rossiyaning Qorabog‘dagi tinchlikparvar kontingenti qo‘mondoni o‘rinbosari Ivan Kovgan ham borligi ma’lum bo‘ldi.
“RIA Novosti”, “Interfaks” va “TASS” nashrlari Rossiya huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib, Qorabog‘da rossiyalik harbiylarni o‘ldirishda gumon qilingan birinchi shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Manbaning aytishicha, ushbu qotillikda qo‘l ostidagilari aybdor bo‘lgan Ozarbayjon Qurolli kuchlari korpusi qo‘mondoni o‘z vazifasidan chetlashtirilgan. Ozarbayjon tomoni bu ma’lumotni hali tasdiqlamadi.
21-sentabr kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Vladimir Putin bilan telefon suhbatida “Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar qo‘shinlarining fojiali o‘limi munosabati bilan uzr so‘radi va chuqur hamdardlik bildirdi”.