Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Mamlakatning yangi strategiyasini ishlab chiqish jarayonidamiz, u tayyorlanib, tasdiqlangandan so‘ng xalq hujjatiga aylanadi, dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi “Trend.az” nashriga bergan eksklyuziv intervyusida.

Foto: “Trend.az”
“2017-yil oxirida mamlakat bilan aloqalardagi o‘zgarishdan so‘ng, YTTB 2018-yilda o‘zining 5 yillik mamlakat strategiyasini tasdiqladi. U O‘zbekistondagi faoliyatimiz uchun qator operativ va strategik ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi”, — dedi u.

Aranitasining so‘zlariga ko‘ra, bu ustuvorliklar iqtisodiyotda xususiy sektorning rolini kuchaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish, shuningdek, sektorlar bo‘ylab yashil energiya va resurs yechimlarini ilgari surishdan iborat. Mintaqaviy va xalqaro hamkorlik hamda integratsiyani kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash ham bankning O‘zbekiston bilan hamkorligi asoslaridan biri bo‘lgan.

“YTTBning O‘zbekiston bo‘yicha strategiyasida mamlakatni isloh qilish yo‘lini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati rolini kengaytirish, ommaviy axborot vositalariga kengroq erkinlik berish va ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish zarurligi eʼtirof etilgan. Bankimiz O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettirib kelmoqda” — dedi u.

Yashil energiyaga o‘tish

Aranitasi YTTB O‘zbekistonning yashil energiyaga o‘tishini ham qo‘llab-quvvatlab kelayotganini qo‘shimcha qildi. Bank sarmoyasi YTTB va O‘zbekiston hukumati hamkorlikda ishlab chiqqan va 2050-yilgacha uglerodsiz energiya sektoriga erishishni maqsad qilgan uzoq muddatli dekarbonizatsiya rejasiga hissa qo‘shmoqda.

Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda umumiy o‘rnatilgan quvvati qariyb 900 MVt bo‘lgan uchta yashil quyosh elektr stansiyasini qurish uchun 205 million dollarlik moliyaviy paket ajratdi.

“Uchta loyiha ishga tushirilgach, 2200 GVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish, O‘zbekistondagi 1 milliondan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash hamda CO2 chiqindilarini yillik 1,2 million tonnagacha kamaytirish kutilmoqda”, — dedi u.

Aranitasining so‘zlariga ko‘ra, iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga muvofiq faoliyat yuritadigan YTTB O‘zbekistonning yashil energiyaga o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi.

“O‘tgan yili biz Buxoro viloyatidagi 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalari va Navoiy viloyatidagi 500 MVt quvvatga ega yashil shamol elektr stansiyasi kabi yirik qayta tiklanadigan energiya loyihalarini moliyalashtirdik”, — dedi u.

Bank shuningdek, yirik xalqaro ishlab chiqaruvchi ACWA Power kompaniyasiga kredit ajratish orqali Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirdi, dedi Aranitasi.

Transport sohasidagi hamkorlik

O‘zbekiston va Bank o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik haqida gap ketganda, Aranitasi YTTB mamlakatning, xususan, Xorazm viloyatidagi milliy avtomobil yo‘llari tarmog‘ini qayta tiklash, shuningdek, xususiy kompaniyalar bilan birgalikda logistika xablarini kengaytirishga ko‘maklashishini taʼkidladi.

“YTTB Toshkent — Samarqand yo‘lini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali davlat-xususiy sheriklik muhitini yaxshilashga ko‘maklashmoqda. Shuningdek, bizning bankimiz Xorazm mintaqaviy yo‘llari loyihasini imzolashdan keyingi texnik ko‘mak doirasida Elektr transport vositalarini quvvatlantirish infratuzilmasi strategiyasini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, biz ‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ aksiyadorlik jamiyati bilan islohotlar kun tartibi, elektrlashtirish va vagonlar parkini yangilash bo‘yicha salohiyatli hamkorlikni o‘rganmoqdamiz”, — dedi u.

O‘zbekiston hukumati barcha qo‘shnilar bilan transport aloqalarini faol rivojlantirayotganini, biroq dengizga chiqmaydigan davlat sifatida o‘zini qulay tranzit varianti sifatida ko‘rsatish uchun boshqa davlatlar orqali tranzit yo‘nalishlariga tayanishiga to‘g‘ri kelishini taʼkidlagan.

“Hozirda O‘zbekiston multimodal transportatsiyani (avtomobil va temir yo‘l orqali) amalga oshirmoqda: Xitoydan Qirg‘iziston orqali avtomobil bilan, keyin Transafg‘on yo‘nalishi yoki Turkmaniston va Eron orqali avtomobil bilan. Boshqa variantlar orasida O‘rta koridor yoki Turkmanboshi portidan foydalanish ham bor”. — ta’kidladi u.

Shu munosabat bilan mamlakatning asosiy yuk tashuvchisi bo‘lmish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida samaradorlikni oshirish uchun islohotlar o‘tkazishi zarur, dedi mutasaddi va Farg‘ona vodiysidagi, Buxoro va Xivaning muhim shaharlari o‘rtasidagi temiryo‘l uchastkalarini elektrlashtirish uchun katta sarmoyalar talab qilinishini taʼkidladi. Bu masala mamlakat bo‘ylab yo‘llarni qayta tiklashga ham tegishli. Bular qatorida O‘zbekiston tranzit va transportning uzluksizligini taʼminlash uchun harakat tarkibini modernizatsiya qilish va bojxona xizmatlarini yaxshilashi kerak.

Aranitasi Qozog‘iston yo‘nalishi respublikaning Kaspiy dengizidagi portlariga O‘zbekiston orqali yuk tashish uchun eng barqaror variant bo‘lib ko‘rinayotganini ta’kidladi.

“Ammo, ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tish punktlarida ko‘plab muammolar mavjud. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi har doim ham kemalar uchun qulay emas, shuning uchun O‘zbekiston rasmiylari muqobil yo‘llarni o‘rganishga intilmoqda”, — deya tushuntirdi u.

O‘zbekiston moliya sektorini qo‘llab-quvvatlash

Aranitasi YTTBning O‘zbekiston moliya sektorini qo‘llab-quvvatlashiga to‘xtalib, Markaziy Osiyoda ushbu sohani rivojlantirish uchun umumiy salohiyat juda yuqori ekanini taʼkidladi.

“Bu, ayniqsa, O‘zbekiston aholisining soni va bank xizmatlarining ancha pastligini hisobga olgan holda, dolzarbdir. Bank sektori bilan bir qatorda Markaziy Osiyodagi sug‘urta, lizing kompaniyalari va mikromoliyachilar kabi moliya institutlarini turli yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda”, — deb tushuntirdi u.

Aranitasining so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikdagi moliyaviy institutlarning yashil, inklyuziv va raqamli yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus ishlab chiqilgan dasturlar, jumladan, “Ayollar biznesi” va “Biznesdagi yoshlar” kabi maxsus harakatlar amalga oshirilmoqda.

“Ular ayollar tadbirkorligini rag‘batlantiradi va yosh ishbilarmonlar uchun ish imkoniyatlarini yaratadi. Eng so‘nggi dastur ayollar boshchiligidagi/ayollarga tegishli biznesni raqamlashtirishga qaratilgan”, — dedi rasmiy.

Yashil kun tartibi YTTB uchun ham birdek muhim, dedi Aranitasi va YTTB Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish dasturining (GEFF) O‘zbekistondagi asosi nafaqat yashil moliyalashtirishni rag‘batlantirish, balki O‘zbekiston Markaziy banki va hamkor banklarga Parij kelishuvi talablariga muvofiq iqlim xavfini yumshatish salohiyatini oshirishda yordam berishini qo‘shimcha qildi. 

YTTB Markaziy Osiyo bank sektoridagi ilg‘or tajribalarni mahalliy moliya institutlari bilan almashishga qaratilgan maslahat loyihalarini amalga oshirmoqda, jumladan trening va tadbirlar o‘tkazilmoqda, dedi YTTB vakolatxonasi rahbari.

“Bu ularga eng so‘nggi global sanoat tendensiyalari bilan aloqada bo‘lishga, fikr va tajriba almashishga yordam beradi. Biz mintaqadagi moliyaviy institutlar o‘rtasida ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) standartlari hamda yaxshi korporativ iqlim boshqaruvini (CCG) targ‘ib qilishda davom etmoqda”.

Hozirda YTTBning O‘zbekistonda 11 ta moliyaviy hamkorlari mavjud bo‘lib, ular yashil va inklyuziv kreditlash hamda mintaqalararo va xalqaro savdoni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »