Isroil G‘azoga hujumni davom ettirdi, HAMAS Ashkelonga zarba berdi — so‘nggi ma’lumotlar
HAMAS kuchlari va Isroil armiyasi o‘rtasida 7-oktyabr kuni ertalab boshlangan janglar uchinchi kun ham davom etmoqda. The Times of Israel nashri Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmatiga tayanib, G‘azo sektori bilan chegaradagi kamida oltita shahar va hududlarda janglar ketayotgani haqida xabar berdi. Isroil tomoni HAMASning 400 dan ortiq jangchisini o‘ldirganini da’vo qilmoqda. Isroil armiyasidagi yo‘qotishlar oshkor qilinmagan.
9-oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoriga zarba berishda davom etdi – HAMAS va “Islomiy jihod”ning 500 dan ortiq obyektlariga, jumladan, sakkizta qo‘mondonlik markaziga hujum qilindi, dedi Isroil harbiylari. Shuningdek, ular HAMASning yuqori martabali aʼzosini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgani aytildi, ammo tafsilotlar ochiqlanmadi.
HAMAS Isroilning Ashkelon shahriga ommaviy raketa hujumi uyushtirganini ma’lum qildi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS Ashkelonga 100 ga yaqin raketa otganini aytmoqda. OAV yozishicha, hujum uch qavatli binoga zarar yetkazgan, qurbonlar bor. HAMAS Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroporti tomonga ham raketa otgan.
Isroil mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagarining aytishicha, “Isroil armiyasi HAMAS egallab olgan barcha hududlarni o‘z nazoratiga qaytardi”. Armiya yuz minglab zahiradagi askarlarni urushga jalb qilmoqda. Shu bilan birga, Haaretz nashrining yozishicha, xalqaro aviakompaniyalarning Isroilga parvozlarni to‘xtatish qarori tufayli xorijdagi ko‘plab zahiradagi askarlar charter reyslarida mamlakatga qaytishni tashkil qilish uchun WhatsApp guruhlarini yaratgan, boshqalari esa Isroilning El Al aviakompaniyasi bilan muzokaralar olib borishga urinmoqda. Keyinroq Isroil armiyasi 48 soat ichida 300 ming zahiradagi askarni safarbar qilgani aytildi.
Isroil 48 soat ichida G‘azo sektorida quruqlikdagi operatsiyani boshlashi mumkin, deb yozadi The Washington Post Amerika rasmiylariga tayanib. Nashr xabariga ko‘ra, Isroil AQSHdan Livan haqida, u yerda faoliyat yuritayotgan “Hizbulloh” va boshqa guruhlar bo‘yicha razvedka ma’lumotlarini ham so‘ragan.
9-oktyabr kuni ertalabki holatga ko‘ra, hujumlarda Isroilda 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 2 382 kishi yaralangan. Isroil janubidagi G‘azo sektori bilan chegaradosh Kibbuts Reim hududidan musiqa festivaliga uyushtirilgan hujum oqibatida halok bo‘lgan kamida 260 kishining jasadi topilgan. Reimda halok bo‘lganlar umumiy statistikaga kiritilganmi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.
Al-Jazeera telekanali Falastin sog‘liqni saqlash idoralari vakillariga tayanib, harbiy harakatlar boshlanganidan buyon G‘azo sektorida 493 kishi halok bo‘lgani, 2750 dan ortiq falastinlik yaralangani haqida xabar berdi.
HAMAS 130 dan ortiq odamni garovda ushlab turganini ma’lum qildi. 8-oktyabr kuni kechqurun harakat vakili Muso Abu Marzuk HAMAS Isroilga hujum paytida 100 dan ortiq odamni garovga olganini aytdi. Falastinning “Islom jihodi” guruhi rahbari Ziyod an-Nahala esa o‘z jangchilari 30 ga yaqin isroillikni asirga olganini aytdi. U garovga olinganlar orasida boshqa mamlakat fuqarolari bo‘lsa, ular falastinlik mahbuslar Isroil qamoqxonasidan ozod etilganidan keyingina uyga qaytishini ta’kidladi.
8-oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi HAMASning Isroilga hujumi munosabati bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Yopiq yig‘ilishdan so‘ng Xavfsizlik kengashi hech qanday bayonot qabul qilmadi, chunki kengash a’zolarining hammasi ham HAMAS’ning Isroilga hujumini qoralamagan, deb yozadi CNN.