Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

BNE IntelliNews biznes media kompaniyasi asoschisi Ben Aris “Daryo” muharriri Toni Krugerga bergan eksklyuziv intervyusida O‘zbekistondagi samarali iqtisodiy o‘zgarishlar va uning global miqyosdagi natijalari haqida gapirdi. Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati va iqtisodiy salohiyati butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratib, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarni C5+1 uchrashuvlari kabi tashabbuslarda faol ishtirok etishga undab kelmoqda. Intervyuda C5—Germaniya uchrashuvidagi joriy hamkorlik, so‘ngra O‘zbekiston prezidentining Iqtisodiy forumdagi ishtiroki muhokama qilindi. Markaziy Osiyo—Germaniya sammitida uzoq muddatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari alohida ta’kidlandi.

BNE IntelliNews asoschisi Ben Aris
Foto: “Daryo”

Yangi yetakchi, iqtisodiyotning yangi davri

Aris yigirma yildan ortiq vaqt davomida Markaziy Osiyo taraqqiyotini kuzatib keladi, u 2016-yil birinchi prezident Islom Karimovning vafotidan so‘ng O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin qanday o‘zgarishlar ro‘y berganiga guvoh bo‘lgan.

“Bilasizmi, O‘zbekiston qariyb 20 yildan beri qandaydir ma’yus holatda bo‘ldi. Karimov davrida hech qanday taraqqiyot bo‘lmagan, deyish noto‘g‘i. Mutlaqo. Taraqqiyot bo‘ldi. Iqtisodiyot ikki-uch barobar o‘sdi”, — dedi Ben Aris.
AQSHda Markaziy Osiyo—AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Uyqudagi devni uyg‘otish: O‘zbekistonning islohotlar va tiklanish yo‘li

Arisning fikricha, Mirziyoyev amalga oshirgan islohotlar O‘zbekistondagi vaziyatni turli jabhalarda: siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va mintaqaviy jihatdan yaxshilagan. Siyosiy jihatdan Mirziyoyev hukumatda oshkoralik va mas’uliyatlilikni o‘rnatib, jamoatchilik ishtiroki va ommaviy axborot vositalari erkinligiga imkon yaratdi. Iqtisodiy jihatdan u valyutani erkinlashtirdi, qog‘ozbozlikni qisqartirdi, davlat korxonalarini xususiylashtirdi, xorijiy sarmoyalarni jalb qildi. Ijtimoiy jihatdan esa prezident ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni oshirdi, shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlashni rag‘batlantirdi. Mintaqaviy nuqtayi nazardan Mirziyoyev qo‘shni davlatlar, xususan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan munosabatlarni yaxshiladi, savdo, energetika, suv va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni rivojlantirdi.

  • O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar impressiv iqtisodiy o‘sishga olib keldi, 2019-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,6 foizga o‘sdi: natijada O‘zbekiston iqtisodiyoti jahon miqyosida eng tez o‘sayotgan mamlakatlardan biriga aylandi.
  • O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi sezilarli darajada kamaydi: 2017-yildagi 12,8 foizdan 2019-yilda 11,4 foizga tushdi. Bu pasayish millionlab odamlarni qashshoqlikdan xalos qildi va turmush sharoitini yaxshiladi.
  • Islohotlar, shuningdek, o‘rta sinfning o‘sishiga yordam berdi: 2003-yilda aholining 15 foizini tashkil etgan ushbu sinf 2019-yilda 25 foizga ko‘paydi. O‘rta sinfning o‘sishi yangi iste’mol bozorini yaratdi, tovarlar va xizmatlarga talabni rag‘batlantirdi.
  • O‘zbekistonning islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari turli xalqaro ko‘rsatkichlar bo‘yicha reytinglarni yaxshilagan. Mamlakatda tadbirkorlik muhiti, shaffoflik va umumiy rivojlanishdagi ijobiy o‘zgarishlarni aks ettiruvchi “Biznes yuritishning qulayligi indeksi”, “Korrupsiyani idrok etish indeksi” va “Inson taraqqiyoti indeksi”da o‘sish kuzatildi.
Foto: “Daryo”

Rossiya, Xitoy va G‘arb bilan aloqalarni muvozanatlashtirish

Aris, shuningdek, Markaziy Osiyoning global geosiyosatdagi yuksalishiga yordam beruvchi tashqi omillarga to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, Ukrainada davom etayotgan urush G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga olib keldi, har ikki tomon ham bir-biriga qarshi sanksiyalar kiritdi. Sovuq urush davrida kapitalistik tizimda 3 milliard odam sotsialistik eksperimentda bo‘lgan. Biroq sotsialistik tajribaning muvaffaqiyatsizligi o‘sha 3 milliard odamning kapitalistik dunyoga qo‘shilishiga sabab bo‘ldi. Siyosiy tafovutlarga qaramay, umumiy maqsad — yagona bozorga global integratsiya. Hozirda bu jarayon ma’lum bo‘linishlarga duch kelmoqda. 

Arisning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo bu kontekstda o‘ziga xos muammolarga duch kelmoqda. Mintaqaning Rossiya va Xitoy bilan uzoq yillik madaniy, tarixiy va iqtisodiy aloqalari mavjud. Aris O‘zbekiston ichki va xalqaro investitsiyalar uchun jozibador mamlakatga aylanib borayotganini ta’kidladi. Mamlakat kapital bozorlarida ko‘plab kompaniyalar va investorlar mavjud imkoniyatlarga qiziqish bildirmoqda. Bu iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va rivojlangan bozor uchun mustahkam poydevor yaratish uchun juda muhim bo‘lgan jonli o‘rta sinfni yaratdi.

Aris O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy va G‘arb bilan aloqalarini muvozanatlashtirish muhimligini ta’kidladi. G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llayotgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston Rossiya bilan tarixiy va iqtisodiy aloqalarga ega. Arisning taʼkidlashicha, O‘zbekistondan Rossiya bilan aloqalarni butunlay uzishni talab qilish, ayniqsa, Yevropa va Amerikadan jiddiy sarmoya va savdo kamligi fonida mantiqsiz bo‘ladi.

Markaziy Osiyo integratsiyasida logistika va transport

Xitoyning Markaziy Osiyodagi yirik temiryo‘l loyihalari bilan ham qator muammolar yuzaga kelmoqda, bu esa geosiyosiy mulohazalarni talab etadi. Avvalo, milliard dollarlik loyihalar oddiy jarayon emas, ikkinchidan, Xitoyning moliyalashtirish bilan bog‘liq potensial qarz tuzoqlari haqida xavotirlar mavjud. Maqsad dengiz savdosi ustuvor bo‘lgan muqobil transport yo‘llarini o‘rnatish bo‘lsa-da, siyosiy nazorat va strategik ustunliklar quruqlikdagi yo‘llar orqali izlanadi. Dengizda yuk tashish iqtisodiy samarador bo‘lishiga qaramay, boshqa usullarning ham tijoriy asoslari yuqori. Ushbu loyihalarni yakunlash vaqt talab etadi. Rivojlanayotgan global iqtisodiyot va ta’minot zanjiridagi o‘zgarishlar logistikaga, jumladan, energiya bozorining Osiyo tomon siljishiga yanada ta’sir qiladi. Geosiyosiy omillar, iqtisodiy motivlar va moslashuvchanlik Xitoyning Markaziy Osiyodagi temiryo‘l tashabbuslari muvaffaqiyatini belgilaydi. Logistika va transport ushbu integratsiyada hal qiluvchi rol o‘ynaydi, chunki COVID-19 pandemiyasi ta’minot zanjirlarini tubdan o‘zgartirdi hamda moslashuvchanlik va samaradorlik zarurligini ko‘rsatdi.

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lining taklif etilayotgan yo‘nalishlari xaritasi
Foto: Reuters

Global energiya bozoridagi dinamik o‘zgarishlar ham logistika va transportga ham ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, Rossiya neft va gazni Yevropaga eksport qilishdan ko‘ra o‘z resurslarini Osiyo bozorlariga yo‘naltirdi.

Bunday sharoitlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni va AQSH bilan hamkorlikda C5+1 uchrashuvlarida faol ishtirok etdi. Ushbu uchrashuvlar Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga faol integratsiyalashgan holda mintaqaviy davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish istagini namoyish qiladi. Arisning ta’kidlashicha, global masalalarda Markaziy Osiyo endi chekkadagi mintaqa emas, balki tortishish markaziga aylangan.

O‘zbekiston prezidenti ishchi tashrif bilan Berlinda bo‘ldi
Foto: Prezident matbuot ximati

Arisning taʼkidlashicha, yaqinda O‘zbekiston rasmiylari bilan Germaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston faol ravishda ko‘p vektorli siyosat olib borayotgani, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa, Rossiya, Xitoy kabi turli davlatlar bilan hamkorlikka intilayotgani kuzatilgan. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyoga yangi qiziqish ko‘rsatib, asosiy e’tiborni mintaqa davlatlari bilan muloqotga kirishish va muhokamalarga qaratgan, bu esa Germaniya sarmoyasining oshishiga yo‘l ochadi. Germaniya tarixan sobiq Sovet Ittifoqi va Sharqiy Yevropaga katta qiziqish bildirib kelgan, uning bu hududlardagi tajribasi Markaziy Osiyoga ham taalluqlidir. Yevropada yuqori mavqega ega Germaniya Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilishda yetakchi o‘rinni egallamoqda. Bu Markaziy Yevropa davlatlari prezidentlarining qiziqishini uyg‘otib, sezilarli taraqqiyot, sarmoya va hamkorlikni rag‘batlantirmoqda.

O‘zbekistonning sarmoyaviy muhiti

O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan kuchayib bormoqda, chunki O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi bilan birga jiddiy suv inqiroziga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi haddan tashqari yuqori haroratni keltirib chiqaradi, uning oqibatlari butun dunyoda sezilmoqda. Aholisi ko‘p bo‘lgan O‘zbekiston investorlar uchun jozibador bozorni taklif etyapti. Misol uchun, Coca-Cola kabi transmilliy kompaniyalar katta iste’mol bozoriga kirish uchun mamlakatda zavodlar ochgan. Ammo shuni taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Qozog‘iston kabi davlatlarga nisbatan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning nisbatan pastligi tufayli hamon muammolarga duch kelmoqda. Pul topish darajasi qisqa muddatda daromad qilishga imkon bermasa-da, mamlakatning yosh va o‘sib borayotgan aholisi uzoq muddatli rivojlanish potensialini namoyish qiladi.

O‘zbekiston Nike, Adidas va H&M kabi taniqli kompaniyalarni o‘ziga jalb qilish uchun sharoit yaratmoqda
Foto: Pinterest

O‘zbekistonga dastlabki investorlarning kirib kelishi va ishlab chiqarish salohiyati

Sharqiy Yevropa tajribasiga o‘xshab, O‘zbekistonga Proctor and Gamble, Nestle va Filipp Morris kabi tez rivojlanayotgan isteʼmol tovarlari kompaniyalari ilk investorlar sifatida kirib kelmoqda. Ushbu kompaniyalar bozor ulushini egallashdan manfaatdor, ularni mamlakatning o‘sish potensiali jalb qilmoqda. Bundan tashqari, arzon ishchi kuchining mavjudligi Nike, Adidas va H&M kabi kompaniyalarni mamlakatda ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqishga undamoqda.

Markaziy Osiyoning yuksalishi yanada ko‘proq e’tirofga sazovor ajoyib voqeadir. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar alohida e’tiborga loyiq, chunki mamlakat turg‘unlikni yengib o‘tib, taraqqiyot va farovonlikka erishish qobilyatini namoyish etmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »