Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

G‘azo sektoridan 7-oktyabr kuni Isroil tomon minglab raketalar otildi. Shu bilan birga HAMAS harakati quruqlikdan ham hujumlarini boshladi. Bu hujum kutilmaganda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, Isroil-Falastin o‘rtasidagi mojaro uzoq yillarga borib taqaladi. Lenta nashri hammasi qanday boshlangani va 2023-yilda qanday davom etayotganiga eʼtibor qaratdi.

Foto: Ahmad Hasaballah / Getty Images

Nima uchun Isroil va Falastin urishmoqda?

Bu ikki davlat o‘rtasidagi mojaro qariyb 75 yildan beri davom etib kelmoqda. Davlatlar o‘rtasidagi bu qarama-qarshilik dunyodagi eng uzoq davom etib kelayotgan bahslardan biri hisoblanadi. Buning asosiy sababi ikki davlat o‘rtasidagi hududiy nizolardir.

Isroil davlatining yuzaga kelishi

20-asr boshlariga qadar dunyo xaritasida Isroil davlati mavjud bo‘lmagan. Bunga qadar yahudiylar jahonning ko‘plab davlatlari diasporasida yashab kelishgan. Shu jumladan, Rossiya imperiyasida ham.

Rossiya imperiyasida yahudiylarga qanday munosabatda bo‘lishgan?

1791-yildan boshlab Rossiya imperiyasida “yahudiy turar joy liniyasi” mavjud bo‘lgan. Bu yahudiylarga konfessiya sifatida qonuniy va doimiy yashash huquqini bergan. Lekin ularga boshqa joylarda yashash qatʼiyan man etilgan. Belgilangan hududda ham baʼzi bir cheklovlar bo‘lgan. Bu holat 1917-yildan keyin bekor qilingan.

Dastlabki sionistik aholi punktlarini himoya qilgan, yahudiy xavfsizlik tashkiloti “Hashomer” aʼzolari.
Foto:  GPO / Getty Images

XIX asr oxirida Falastin turklar hukmronligi ostida bo‘lgan. Aynan o‘sha paytdan boshlab yahudiylar masalasi keskinlasha boshlagan. Bunga sabab Yevropada sionizmga (Quddusdagi Sion tepaligi nomidan olingan; Bibliya rivoyatlariga ko‘ra, bu yerda Dovud podshoning qarorgohi va Yaxvaning uyi bo‘lgan) bo‘lgan ishtiyoq tufayli. O‘sha kezlarda vujudga kelgan siyosiy sionistik harakatlar Falastin zaminida milliy yahudiy davlatini tuzishga undagan.

Birinchi jahon urushiga qadar Falastinda 85 mingga yaqin yahudiy yashagan. Ular asosan so‘nggi o‘n yillikda ko‘chib kelganlardan iborat bo‘lgan. Yahudiylar migratsiyasining birinchi katta to‘lqini 1881-yildan boshlangan. Keyinchalik bu jarayon Rossiya imperatori Aleksandr II ning o‘ldirilishidan keyin yana ham tezlashdi. Ikkinchi to‘lqin 1903-yilda Kishinyovdagi pogrom tufayli yuzaga kelganligi aytiladi. O‘shanda 49 ta odam o‘ldirilgan, yahudiylarga tegishli bo‘lgan mingdan ortiq uy va do‘konlar talon-toroj qilinib, yoqib yuborilgan. 1909-yilga kelib Falastinda birinchi yahudiy shahri vujudga keldi. Ilk davrlarida shaharda 800 ta odam yashagan.

Quddus ko‘chalarida pulemyotli britaniyalik mirshablar to‘planishmoqda. XX asr boshlari

Foto: George Rinhart / Corbis / Getty Images

Birinchi jahon urushi vaqtida Falastinni o‘z ichiga olgan Usmonli imperiyasi Germaniyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab yahudiy millatiga mansub aholini mintaqadan quvib chiqaradi. Bir necha yil davom etgan janglar natijasida Britaniya Falastinning katta qismini egallaydi. Yahudiy ko‘chmanchilarining yordami bilan nazoratni o‘z qo‘liga olishga muvaffaq bo‘ladi. Germaniyadan farqli o‘laroq, London yahudiylarga nisbatan iliq munosabatda bo‘ladi va 1917-yilda milliy uyni tiklashga yordam berishni vaʼda qiladi.

Falastinning bo‘linishi

Falastinda yahudiylarning tobora ko‘payib borishi arablarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Birinchi jahon urushidan keyin Germaniyada jadallashgan fashistlar mafkurasi tufayli yahudiylar migratsiyasi kuchaydi. Falastinga yahudiy qochqinlar oqimini kamaytirish uchun Britaniya 1939-yilda ularning immigratsiyasiga cheklovlar ham joriy qildi. Bu esa yangi tartibsizliklarga olib keldi. Yahudiylar arablarga ham, Britaniya maʼmuriyati vakillariga ham hujumlar qildi. Ular inglizlarning bu qarorini xiyonat deb qabul qilishdi.

Isroil askari Yom Kippur (mahshar) urushi vaqtida Suvaysh kanali g‘arbida raketa qoldiqlarini ko‘zdan kechirmoqda.
Foto: George Rinhart / Corbis / Getty Images

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin ham Buyuk Britaniya o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilishni istamadi. Shu sababli Falastindagi nizolar avj olishda davom etaverdi. Ijtimoiy tartibsizliklar shunchalik ko‘paydiki, Britaniya vaziyatni nazorat qilish uchun mamlakatga muntazam qo‘shin yuborishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, London mojaroga yechim topishga harakat qildi va 1946-yilda arab va yahudiy rahbarlari konferensiyasini tashkil qildi. Bu ham hech narsaga olib kelmadi. Kelasi yili Britaniya hukumati Falastin uchun mandatdan voz kechishga qaror qildi. Vaziyatni hal qilishda yordam so‘rab, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga (BMT) murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

1947-yil 29-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi Falastinni ikki davlat – yahudiy va arab davlatlariga bo‘lish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Shu bilan birga Quddus borasida nizolar bo‘lmasligi uchun uni xalqaro shaharga aylantirdi.

1948-yil 14-may sanasida Isroil Mustaqillik deklaratsiyasi imzolandi va Yahudiy davlati tashkil topgani bilan esda qoldi. Lekin ertasi kuni yangi tashkil topgan mamlakat hududida urushlar boshlandi.

Birinchi urushda qaysi arab davlatlar Isroilga bostirib kirdi?

  • Misr;
  • Transiordaniya;
  • Suriya;
  • Livan;
  • Iroq.

Shunday qilib, mojaro Falastindan tashqariga chiqdi hamda Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli qarama-qarshilikka aylandi. Urush natijasida yuz minglab arablar Isroilni tark etishdi, taʼqiblar sabab boshqa mamlakatlardan yahudiylar bu yerga ko‘chib kela boshladi. Natijada yosh mamlakat aholisi dastlabki 10 yilida 800 ming kishidan ikki millionga yetdi. Urush yahudiylarning nafaqat o‘z hududlarini qaytarib olishlari, balki yangi hududlarga ega bo‘lishi bilan yakunlandi.

Vaqt o‘tishi bilan Isroil rivojlanishda davom etdi. 1967-yildagi Olti kunlik urush paytida mamlakat yangi hududlar ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi:

  • Sharqiy Quddus;
  • Golan tepaliklari;
  • Iordan daryosining G‘arbiy Sohilning katta qismi;
  • G‘azo sektori. (2005-yildan boshlab Falastin nazoratiga o‘tgan)
  • Sinay yarimoroli. (1979-yilda Isroilning tan olinishi va sulh evaziga Misrga qaytarildi).

75 yildan keyin ham bir qator davlatlar, jumladan, Eron va Saudiya Arabistoni Isroilni tan olmayapti.

Germaniyaning Amerika bosib olgan hududidan yahudiy bolalar Falastinga yo‘nalgan kemaga chiqishni kutishmoqda. Frankfurt, 1946-yil.
Foto: George Rinhart / Corbis / Getty Images

Falastinning taqdiri

Mintaqada Isroil davlati tashkil topguniga qadar hech qanday arab davlati bo‘lmagan. BMT tomonidan ajratilgan hududlar avval Misr va Iordaniyaga qarashli bo‘lgan. So‘ngra olti kunlik urushdan keyin Isroil egalik qila boshlagan.

1964-yilda Arab davlatlari ligasining qarori bilan mintaqada yashovchi arablar manfaatini himoya qilish uchun “Falastin ozodlik tashkiloti” (FOT) tuzildi. Tashkilotni boshqa arab davlatlari ham qo‘llab-quvvatladi. 1967-yilda bo‘lib o‘tgan sammitda, ular Isroil davlatini tan olmaslik, u muzokaralar olib bormaslik haqida kelishib olishdi. Bir yildan so‘ng Falastin masalasi bo‘yicha nizom ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, Isroilni yo‘q qilish, mintaqadagi sionistlarga qarshi kurashish, shuningdek, Falastinning mandat chegaralarini tiklash ko‘zda tutildi.

1988-yil 15-noyabrda Milliy Kengashning sessiyasida mustaqil Falastin davlati tuzilishi eʼlon qilindi. Bu ramziy qadam edi, chunki Milliy Kengash hech qanday hududni nazorat qilmayotgan edi.

Shundan keyin Isroil-Falastin milliy maʼmuriyatiga Tel-Aviv tomonidan nazorat qilinadigan baʼzi bir hududlarni boshqarishga ruxsat beradi. Shundan so‘ng 1993-yili FOT va Isroil o‘rtasida “Oslo-1” bitimi imzolanadi. Unga ko‘ra, Falastinni o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Oradan ikki yil o‘tgach, tomonlar “Falastin va Isroil o‘rtasidagi Iordan daryosining g‘arbiy sohili va G‘azo sektoridagi vaqtinchalik kelishuv” deb atalgan, “Oslo-2” shartnomasini imzoladi. Aynan mana shu hujjatlar bugungi Isroil-Falastin munosabatlarida katta rol o‘ynamoqda.

Bu mojarolar 1999-yilda tugatilishi kutilgan edi, ammo unday bo‘lib chiqmadi. 2000-yillarning boshlarida tez-tez sodir bo‘lgan, hujumlar mojaroning yana kuchayishiga olib keldi. Natijada 2003-yilda Falastin milliy administratsiyasi nazoratidagi G‘azo sektori va Isroil o‘rtasida devor qurilishi boshlandi. O‘sha yili Isroil bosh vaziri bo‘lgan Ariel Sharon yahudiy aholi punktlarini ko‘chirish va FMA nazoratidagi hududlardan: G‘azo sektori va Samariyadan qo‘shinlarni olib chiqish rejasini taklif qildi.

Avraam Shapir tavalludining 70 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan bazmida yahudiylar, shayxlar va arab qabila rahbarlari bir-birlari bilan suhbatlashmoqda. Falastin, 1945-yil 1-yanvar.
Foto: Keystone-France / Gamma-Keystone / Getty Images

Qarshilikka qaramay, 2005-yil avgustida G‘azo va Samariyadan jami 25 ta aholi punkti olib chiqib ketilgan, 12-sentyabrda esa so‘nggi Isroil askari hududni tark etgan. Shunday qilib, G‘azo sektori va G‘arbiy sohil hududlari FMA nazoratiga o‘tdi. Bular Isroilning g‘arbi va sharqidagi ikkita alohida hudud bo‘lib, ular hozirgi kunga qadar Falastin davlati tarkibida.

BMTga aʼzo 138 ta davlat Falastin mustaqilligini tan oladi. Biroq mamlakat BMTning to‘liq aʼzosi maqomini ololmaydi, chunki Tashkilot Xavfsizlik Kengashining baʼzi doimiy aʼzolari: Fransiya, AQSH va Buyuk Britaniya tan olmaydi. Qolaversa, Falastin mustaqilligi Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari va Yaponiya tomonidan tan olinmagan.

Shu bilan birga, Falastinni rasman boshqaradigan FMA aslida hech narsani nazorat qilmaydi. 2007-yildagi fuqarolar urushidan so‘ng G‘azo sektori HAMAS nazoratiga o‘tdi. Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Iordan daryosining G‘arbiy sohilining 60 foizini esa Isroil nazorat qiladi.

HAMAS qanday tashkilot?

Urush o‘chog‘i bo‘lgan, G‘azo sektorida ikki milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi. Bu hudud kichik anklav bo‘lib, Falastinning eng yirik shaharlaridan biri. Hudud FMA nazorati ostida emas. Yahudiy harbiylari G‘azo sektorini tark etgach, HAMAS nazoratida.

Foto: Ahmed Jadallah / Reuters

Tashkilot 2006-yil yanvar oyi oxirida Falastin maʼmuriyatida bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan. Ular o‘sha paytda Falastinda hukmron partiya bo‘lgan Falastin milliy ozodlik harakati (FATX) siyosiy partiyasini chetlab o‘tishdi.

Tashkilotga 1987-yil 14-dekabrda Shayx Ahmad Yasin tomonidan asos solingan.

Harakatning mafkurasi 1988-yilda qabul qilingan Islomiy nizom asosida olib boriladi. Mintaqa Britaniya mandati ostida bosib olingan, chegaralarda Falastin davlatini tiklash maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan. Tashkilot mojaroni hal qilish bo‘yicha ilgari qabul qilingan har qanday kelishuvlarni tan olishdan bosh tortmoqda.

OAV xabarlariga ko‘ra, harakat jangchilari taxminan 10-12 mingdan iborat. Ularning bir necha yuz nafari Suriya va Eronda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgani aytiladi.

2023-yildagi Isroil-Falastin urushi haqida

HAMAS Isroilga 7-oktabrda mahshar urushining 50 yilligi munosabati bilan hujum qildi. Avvaliga G‘azo sektoridan Isroilga besh mingga yaqin raketa uchirildi, keyinchalik esa HAMAS jangchilari mamlakatga hujum qila boshladi. Ular 14 ta aholi punktiga bostirib kirib, tinch aholi va harbiylarni garovga olgani aytilmoqda.

Isroil va G‘azo o‘rtasidagi chegara devorining Isroil tomoniga buzib kirilishi. 2023-yil 7-oktyabr.
Foto: Mohammed Fayq Abu Mostafa / Reuters

HAMAS Isroilga qarshi harbiy operatsiyani “Al-Aqso toshqini” deb atadi. Aynan Al-Aqso yahudiylar va falastinliklar o‘rtasida tortishuvning asosiy nuqtasi hisoblanadi, chunki bu — joy musulmonlar uchun muqaddas. Tashkilot rahbari Muhammad Deifning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bu yerni tahqirlagan. Bundan tashqari, 2023-yil davomida Isroil harbiylari yuzlab falastinliklarni o‘ldirgan, shuningdek, asirlarni almashtirishdan bosh tortgan.

Hujumlar Isroil razvedkasi uchun kutilmaganda bo‘ldi. HAMAS hujumiga javoban Tel-Aviv G‘azo sektorida “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. 8-oktyabr kuni esa Isroil hukumati mamlakat urush holatiga o‘tganini eʼlon qildi.

”Hizbulloh” jangchisi islom olamining marhum yetakchisi Oyatulloh Humayniy portreti osilgan binodan pastga tushmoqda. Nabatiya, Livan, 2013-yil.
Фото: Hussein Malla / AP

Livanning “Hizbulloh” tashkiloti ham HAMAS harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, hujumlar boshladi. Bunga Tel-Aviv “Hizbulloh” obyektlariga zarbalar bilan javob berdi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »