Qashqadaryoda Isuzu avtobusining gaz balloni portlab ketdi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida yo‘lovchi avtobusining gaz balloni portlab ketgani yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 15-oktyabr kuni soat 16:50 larda Muborak tumani hududidan o‘tuvchi Qarshi—Buxoro ichki yo‘lida Isuzu usumli avtobus yo‘lovchilar bilan harakatlanib ketayotgan vaqtda avtobusning gaz ballonida yorilish sodir bo‘lgan.
Oqibatda 4 nafar fuqaro o‘rta og‘ir darajada tan jarohatini olib, tuman tibbiyot shifoxonasiga yotqizilgan, qolgan fuqarolarga ambulator va psixologik yordam ko‘rsatilgan. Hodisa natijasida hech kim halok bo‘lmagan.
Gaz ballonlarining portlashiga bog‘liq holatlar
May boshlarida Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi gaz quyish shoxobchasida Nexia-2 mashinasiga o‘rnatilgan gaz ballonida portlash sodir bo‘lgandi. Fevral oxirlarida esa Samarqanddagi metan zapravkada Nexia-3 gaz balloni portlashi oqibatida bir nafar ishchi halok bo‘lgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi zapravkada Nexia-2 ning, Andijondagi gaz zapravkada esa Damas’ning gaz balloni portlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.