O‘zbekiston “Huquq ustuvorligi” indeksida dunyo bo‘yicha yana 78-o‘rinni egalladi
World justice project xalqaro tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksining 2023-yilgi natijalari e’lon qilindi. Yangilangan reytingda O‘zbekiston 142 mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi.
Mamlakat 2021-yilda ushbu reytingda 85-o‘rinda edi. 2022-yilda bo‘lsa, yetti pog‘ona ko‘tarilib, 78-o‘ringa chiqib olgan. Mazkur reytingda ekspertlar davlatlarning qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan islohotlari samaradorligi va uning aholi kundalik hayotga ta’sirini baholaydi.
Indeksning “Korrupsiyaning mavjud emasligi” faktorida ham O‘zbekiston 0.47 ball bilan 66-o‘rinda qolmoqda.
Tashkilotning ma’lum qilishicha, mamlakatning korrupsiyaga oid ushbu faktordagi ko‘rsatkichlari so‘nggi 7 yil davomida muntazam ko‘tarilib kelmoqda. Xususan, 2016-yili O‘zbekiston 0.33 ball bilan 113 mamlakat orasida 96-o‘rinni olgan.
Mavjud 100 balldan 50 ball to‘plagan O‘zbekiston Shri-Lanka (77-o‘rin) va Hindiston (79-o‘rin) o‘rtasida joylashdi. MDH davlatlari orasida reytingdan eng yuqori o‘rinni Qozog‘iston egalladi (65-o‘rin), eng quyi pog‘ona esa Rossiyaga tegishli (113-o‘rin), Qirg‘iziston 103-o‘rinda joylashgan bo‘lsa, undan bir pog‘ona pastdan Belarus o‘rin olgan.
Reytingning eng yuqorisida Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya joylashgan. Oxirgi o‘rinlar bo‘lsa Venesuela, Kamboja, Afg‘oniston, Gaiti, va Kongo Demokratik Respublikasiga tegishli.
Iyul o‘rtalarida O‘zbekiston xalqaro so‘z va axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlovchi Article 19 tashkilotining so‘z erkinligi reytingida yuqorilagani to‘g‘risida xabar berilgandi. 2022-yil yakunlariga ko‘ra tuzilgan The Global Expression Report reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 161 ta davlat ichidan 133-o‘rinni egallagan. Shuningdek, O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida dunyoning 180 ta davlati ichida 137-o‘rinni egallab, 2022-yilgi reytingdagi o‘rnidan to‘rt pog‘onaga pastlagan.