Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bugun, 22-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Hukumat soati”da energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga ko‘rilgan tayyorgarlik to‘g‘risida hisobot berdi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Vazirning aytishicha, joriy kuz-qish davrida O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 45 milliard kv/soatga yetishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 3,5 milliard kv/soatga ko‘p degani.

“Ushbu talabni qondirish uchun jami 42,6 milliard kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun IESlarga 8,5 milliard kubometr tabiiy gaz (kuniga 46,6 million kubometrdan), 2,9 million tonna ko‘mir (kunlik 15 ming tonna) yetkazib beriladi. Ko‘mirning 1,1 million tonnasi import hisobidan yetkaziladi. Shuningdek, kuniga 2500 tonna mazut yetkazish ko‘zda tutilgan. Qo‘shni davlatlardan 5,2 milliard kv/soat elektr energiyasi import qilinishi rejalashtirilgan”, — dedi vazirlik rahbari.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning taʼkidlashicha, o‘tgan yilgi anomal sovuq paytidagi gaz taqchilliklari hisob-kitob qilingan. Agar xuddi shunday ob–havo takrorlansa, qanday chora ko‘rilishi aniq belgilab olingan.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yanvarning eng sovuq kunlarida kunlik 273-280 million kv/soat elektr isteʼmoli kutilmoqda. Shundan 253-255 million kv/soatini ishlab chiqarish hisobidan taʼminlaymiz. Qolgan 19,4 million kv/soati import qilinadi. Agar defitsit mavjud bo‘lsa, avvalo uni elektr energiyasi eksportini kuniga 6 million kv/soat qisqartirish hisobidan qoplanadi. Shu bilan birga, mazut yoqilg‘isi sarfini kuniga 10 ming tonnagacha oshirib, qo‘shimcha 10 million kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hisobiga hamda elektrni iqtisod qilish orqali kuniga o‘rtacha 12 million kv/soat energiyani tejash hisobiga qoplanadi. Bunda 838 ta isteʼmolchilar yuklamasini tungi rejimga o‘tkazish hisobiga tig‘iz vaqtlarda 1450 megavatt quvvatni bo‘shatish imkoniyati paydo bo‘ladi”, — dedi u.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Vazir so‘zi davomida tabiiy gazga bo‘lgan talabni qondirish borasida bajarilgan ishlar to‘g‘risida ham gapirdi. Uning maʼlum qilishicha, kuz-qish davrida respublikada tabiiy gazga bo‘lgan talab 28 milliard kubometrni tashkil etishi (2022-yilgidan 2,5 milliard kubometr ko‘p) kutilmoqda.

“Ushbu talabni qoplash uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 16,2 milliard kubometr, xorijiy va qo‘shma korxonalar tomonidan 10 milliard kubometr tabiiy gaz qazib chiqarish taʼminlanadi. Xabaringiz bor, erishilgan kelishuvlarga asosan, qo‘shni davlatdan hamda shimoldan qo‘shimcha gaz import qilib, ichki bozorga yo‘naltirishni taʼminlayapmiz. Qishga tayyorgarlik doirasida yer osti omborlarida 3,5 milliard kubometr tabiiy gaz zaxirasi yaratildi”, — deya taʼkidladi vazir.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yilgi anomal sovuq davrida kuniga 21,6 million kubometr gaz taqchil bo‘lgan.

“Shuning o‘rnini qoplash manbalari bo‘yicha aniq hisob-kitoblar qilindi. Eng avvalo, yer osti gaz saqlash omborlaridan o‘tgan yili kunlik 18–20 million kubometr tabiiy gaz olingan bo‘lsa, bu yil kuniga 35–40 million kubometrgacha olish imkoni yaratildi. Anomal sovuq kunlari GTL zavodiga 5 million kubometr gaz berishni qisqartiramiz. Shu bilan birga, zapravkalarga ham gaz berishni 30 foizga qisqartirish hisobidan gaz defitsiti qoplanadi. Bu faqatgina anomal sovuq kunlarga rejalashtirilgan”, — dedi energetika vaziri.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 287 ta gaz konlari bo‘lib, shundan 123 tasi “O‘zbekneftgaz” tasarrufida. Mamlakatdagi umumiy gaz zaxiralarining hajmi 1,8 trillion kub metr. Shundan 50 foizi — 900 milliard kub metri “O‘zbekneftgaz” konlaridagi gaz zaxiralari hisoblanadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »