Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yaqinda UzAutoMotors beshta pozitsiyadagi Chevrolet Onix avtomobillarining narxlarini oshirgani, ammo ular sotuvda yo‘qligi xabar qilingandi. Kompaniya ilovasidan narxlari qimmatlashgan pozitsiyalardan uchtasi sotuvda paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman
 

“Chevrolet.uz” saytidagi yangilangan maʼlumotlarda Onix narxlari 19 foizgacha qimmatlashgani ochiqlangandi. Xususan, saytda Chevrolet Onix 4LT LTZ Turbo AT narxi 199,9 million so‘m (eski narx 185 million so‘m) ko‘rsatilgandi. Hozirda mazkur modeldagi avtomobil sotuvda mavjud.

Skrinshot: UzAutoMotors

Shu bilan birga, Chevrolet Onix Premier 1 narxi 207,3 million so‘mdan 211,9 million so‘mgacha, Chevrolet Onix Premier 2 narxi 214,7 million so‘mdan 219,6 million so‘mgacha qimmatlashgani aytilgandi. Ayni paytda ushbu pozitsiyalar ham sotuvda paydo bo‘lgan.

Narxi oshgan, biroq nisbatan arzonroq pozitsiyalar Onix 1LT MT (oshgan narxi 180,8 million so‘m) va Chevrolet Onix LS MT (oshgan narxi 176,9 million so‘m) sotuvga chiqarilmagan.

Kompaniya mazkur beshta pozitsiyadagi avtomobillar narxi oshirilgani bo‘yicha rasmiy izoh bergani yo‘q.

Avvaldan sotuvda mavjud bo‘lgan Chevrolet Onix 3LT MT 184,8 million so‘mdan, Chevrolet Onix Premier 2 Turbo AT Plus 221,6 million so‘mdan, Chevrolet Onix Turbo redline 230,6 million so‘mdan hozir ham sotilmoqda.

Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram'dagi kanalida narxlar oshirilishi yuzasidan munosabat bildirgan.

“Monopolist UzAutoMotors avtomobillar pozitsiyalar narxini bu haqda rasmiy xabar bermasdan turib oshirish yo‘lini tutganga o‘xshaydi. Vakolatsiz, buning ustiga rahbarsiz qolgan Raqobat qo‘mitasi monopolistning o‘zbekistonliklar ustidan o‘tkazishni boshlagan mazkur tajribasiga biron bir munosabat bildirgani yo‘q. Isteʼmolchilar narxlar oshganini oldingi va kompaniya saytidagi joriy narxlarni solishtiribgina bilishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Taʼkidlash lozimki, sanalgan pozitsiyalarning birontasi ochiq sotuvda yo‘q (alohida kelishib, topsa bo‘ladi)”, — deya fikr bildirgan iqtisodchi.

Otabek Bakirov narxlar oshirilganiga qaraganda tez kunda sotuvlar boshlanishini ham taxmin qilgandi. 

“Oktabrda Chevrolet Onix 3LT MT pozitsiyasining narxi 26 million so‘mga oshirilgach, 184,8 million so‘m narx bilan kontraktatsiyalar ochilgandi (2024-yil iyunga shartnoma tuzish mumkin). Ehtimolki, narxlari oshgan pozitsiyalar ertadan sotuvda paydo bo‘lib qolishi mumkin. Esda tutingki, endi Lacetti'dan arzon Onix rasman yo‘q. Tajribaxonaga aylantirilgan, bozor deyishga til bormaydigan tanlovsiz muhitimizni Qozog‘iston bilan solishtiring. Qardosh qo‘shnilarda o‘zimizning Chevrolet Onix 0 foiz badal bilan 7 yilga bo‘lib to‘lashga berilmoqda”, — deb yozgan iqtisodchi.

Joriy yilning 26-mayida eʼlon qilingan maqolamizda Onix Premier 1 va Premier 2 sotuvi boshlangani, o‘shanda mazkur rusumdagi avtomobillar uchun 1 ming 171 ta navbat mavjudligi va mashina tayyor bo‘lishini 1 yil kutish kerakligi keltirilgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yilda jami 80 ming dona Onix avtomobili ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Statistika agentligi xabari berishicha, UzAutoMotors joriy yilning 9 oyi davomida 22 ming 82 ta Onix avtomobili ishlab chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya Tracker va Onix 2023-yildan Spark va Nexia o‘rniga ishlab chiqarilishini maʼlum qilgan. Onix birinchi marta sotuvga chiqqan 2022-yil 1-noyabr kuni avtomobil uchun rekord darajadagi — 28 mingdan ortiq shartnoma imzolangan va navbatlar bir yilgacha cho‘zilgandi. Dastlab Onix 9-12 ming dollar atrofida sotilishi xabar qilingan. Ammo joriy yilning may oyi boshida shartnomalar to‘xtatilgunga qadar avtomobil 18 ming dollardan sotilgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »