Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Milliarder” so‘zini eshitishimiz bilan ko‘z oldimizga shaxsiy samolyotlar, qimmatbaho sport avtomobillari va, albatta, hashamatli yaxtalar keladi. Ammo, tarix shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab muvaffaqiyatli tadbirkorlar hayotning bunday quvonchlarini o‘zlarining “top ro‘yxati”ga kiritmagan. Kapitalni tejash va oqilona sarmoya qilish dunyodagi eng boy va eng nufuzli odamlar tomonidan qo‘llanilgan asosiy qoida hisoblanadi

Genrietta Grin

 
 
Foto: Getty Images

Genrietta Grin haqli ravishda tarixdagi eng boy ayol bo‘lishdan tashqari yana bir nechta unvonlarga sazovor bo‘lgan, xususan, “Uoll-strit jodugari”, “Uoll-strit qirolichasi” va Ginnesning rekordlar kitobiga “eng ziqna va ochko‘z” sifatida kirgan. Grinlar oilasi badavlat edi, shuning uchun ayol (1834-yilda tug‘ilgan) bolaligidan moliya olamiga sho‘ng‘iydi. Xatarlardan qo‘rqmasdan, otasining boyligini foydali tarzda sarmoya qiladi va muvaffaqiyatga erishadi. Uning omadi va mahorati ayniqsa hayratlanarli edi, chunki 19-asrda erkaklar boshchiligidagi moliya olamida ayollarga o‘rin yo‘q deb ishonilgan. Biroq Genrietta Grin isrofgarchilikka bo‘lgan nafrati bilan ham mashhur bo‘lgan, bu ba’zida ziqnalikka ham olib kelgan. Uning shaxsiy mulki bo‘lmagan, ayol soliq to‘lamaslik uchun pansionatlarda yashashni afzal ko‘radi. Uning yagona kiyimi qora ko‘ylak va qora shlyapa edi, kiyimini faqat bir holatdagina — dog‘ bosib ketganda yuvish mumkin edi.

U buni sovun va issiq suvni tejash bilan izohlaydi. Aytgancha, Genrietta Grin isitish tizimidan foydalanmagan. Eng hayratlanarli voqea oyog‘ini jarohatlagan Genriettaning o‘g‘li bilan bog‘liq. Davolashga pul sarflamaslik uchun onasi bolani tekin kasalxonaga olib boradi. Shifokorlar ayolga pulli muolaja tavsiya qiladi, biroq u rad etib, o‘g‘lini o‘zi davolashga qaror qiladi. Natijada bolada gangrena paydo bo‘lib, oyog‘ini kesishga to‘g‘ri kelgan.

Uorren Baffet

Foto: Getty Images

Uorren Baffet dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 7-o‘rinni egallab turibdi va 2022-yil boshidan beri pul yo‘qotmagan, hattoki kapitalini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan yagona milliarder sanaladi.

Uorren Baffet hozir 91 yoshda va moliya olamining tirik afsonasi hisoblanadi. U o‘zining birinchi aksiyalarini 11 yoshida sotib oladi va darhol o‘z tajribasiga asoslanib, uni butun hayoti davomida boshqaradigan qoidani shakllantiradi: qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va kutish kerak, ularni faqat narx avvalgisidan bir necha baravar yuqori bo‘lganda sotish lozim.

32 yoshida Uorren Baffet allaqachon millionerga aylangan edi, 80-yillarda milliarderga aylanadi, 2008-yilda esa u Yer yuzidagi eng boy odam unvonini oladi. Ammo bunday misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat biz o‘rganib qolgan milliarderlarning pulga bo‘lgan munosabatiga zid edi, chunki uning asosiy qoidasi topgan pulini yuz foiz tejash, sarflamaslik, balki budjetni yanada oshirishga investitsiya qilish edi.

Milliarder 1958-yilda sotib olgan eski uyida yashaydi, “thrifty” — tejamkor davlat raqami bo‘lgan eski mashina haydaydi va fastfudda ovqatlanishni afzal ko‘radi. Birja narxlari pasayib ketganidan xabar topgach, gamburgerni bir dollarga arzonroq sotib olgani ham ko‘pchilikni hayratda qoldirgan. Faqat xayriya ishlari bundan mustasno — milliarder boshqa odamlarga moddiy yordam berishni “dunyodagi eng oddiy ish” deb ataydi.

Jon Pol Getti

Foto: Getty Images

1957-yilda Jon Pol Getti Forbes jurnaliga ko‘ra dunyodagi eng boy odamga aylanadi. Neft magnati o‘z binesini otasining puliga kichik yer uchastkasini sotib olishdan boshlaydi, keyinchalik bu hududda neft konlari topiladi, bu esa yigitning birinchi yutug‘iga olib keladi.

Jon Pol Getti inqirozlar paytida ajoyib instinkt va pul ishlash qobiliyatiga ega edi: u Birinchi jahon urushidan keyin ham, Buyuk depressiya davrida ham buning uddasidan chiqadi. O‘zining ajoyib muvaffaqiyatiga qaramay, milliarder pul sarflashda oqilona yondashuvi bilan ham mashhur edi. Erkak o‘z villasiga taksofonlar o‘rnatgan, shunda mehmonlar va xodimlar qo‘ng‘iroqlar uchun uy egasi hisobidan emas, balki o‘zlari to‘lashlari kerak edi.

Uning qanchalik ziqnaligi nabirasi, 16 yoshli Jon Pol Getti III ni o‘g‘irlab ketishganda yaqqol ko‘rinadi. Talab qilingan pul dastlab 17 million dollar edi, ammo bu pulni to‘lash milliarder uchun “dahshatli isrofgarchilik” bo‘lib tuyuladi. Ammo yigitchaning kesilgan qulog‘i va soch tolasi xasis boboga ta’sir qiladi, u 3 million dollar to‘lashga rozi bo‘ladi, lekin bir shart bilan: 2,2 million dollarni o‘z hisobidan, qolgan 800 mingni o‘g‘liga yiliga 4 foiz bilan qarzga beradi.

O‘g‘irlangan nabirasi qo‘yib yuborilgach, pul undirish maqsadida o‘g‘rilikni rejalashtirgan deb gumon qilib, nabirasi bilan gaplashmay qo‘yadi.

Ingvar Kamprad

Foto: Getty Images

1943-yilda o‘sha paytda atigi 17 yoshda bo‘lgan shvetsiyalik yigit dunyoga mashhur IKEA kompaniyasiga asos soladi. Ingvar Kamprad hashamatga befarq edi va eng muhimi, buni umuman yashirmasdi. Uning tejamkor yondashuvi mebeldan tortib choy paketlarigacha bo‘lgan hamma narsaga tegishli edi.

U ishlatilgan choy shamalarini tashlab yubormasdi, balki rangi qolmaguncha ishlatardi. Xuddi shu narsa soch turmagi uchun ham amal qilgan — milliarder sochini faqat eng tejamkor salonlarda kaltalatgan, arzon restoranlarda ovqatlangan va, albatta, faqat ekonom-klassda uchgan. qolaversa, mehmonxona belgisidagi yulduzlar soni 3 tadan oshmasligi kerak edi.

Ish masalasida ham Ingvar Kamprad juda qattiqqo‘l bo‘lgan. Xodimlar hujjatlarni qog‘ozning har ikki tomoniga chop etishlari kerak edi. Menejer soliqlarga bo‘lgan foizlarni minimallashtirishga harakat qilishar, ko‘pincha ba’zilarini chetlab o‘tishardi.

Sergey Brin

Foto: Getty Images

Dunyoga mashhur Google kompaniyasi asoschisi, AQSH fuqarosi Sergey Brin ham isrofgarchilik va dabdabali turmush tarzini xushlamaydi. Uning hayotidagi muhim voqea Stenfordda Larri Peyj bilan uchrashish edi: talabalar birgalikda internetda tashrif buyurilgan saytlarni qanday saralashni aniqlaydi, chunki taxminlarga ko‘ra, eng mashhurlari eng foydali bo‘lishi kerak edi.

Biznes-reja tuzgan yigitlar yaqinlari ko‘magida sarmoyador topib, kerakli miqdordagi mablag‘ni yig‘ishadi. 2004-yilda kichik algoritm asosida ixtiro qilingan Google kompaniyasi 20 milliard dollardan ortiqqa baholangan.

Bugungi kunda Sergey Brinning shaxsiy boyligi 109 milliard dollarga baholanmoqda va har bir yangi reklamadan so‘ng o‘sishda davom etmoqda. Biroq milliarder kundalik masalalarda, masalan, tashqi ko‘rinishiga unchalik e’tibor bermaydi.

Uning nomi bilan atalgan yaxtalari yoki ulkan qasrlari yo‘q. U uch xonali kvartirada yashaydi va o‘rta toifadagi Toyota mashinasini boshqaradi, metrodan ham tez-tez foydalanadi. Uning sevimli kiyimi bu — futbolka. Milliarder bir vaqtlardagi odatiga ko‘ra do‘kondagi narxlarga qarab narsa sotib olishini aytadi, garchi u bu odatidan bir necha bor qutulishga harakat qilsa ham.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »