Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Qirg‘izistonda bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov va oktyabr oyida o‘ldirilgan kriminal avtoritet Qamchi Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhiga aloqador turli darajadagi 180 dan ortiq davlat xizmatchisi o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. Bu haqda Kloop respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) matbuot markaziga tayanib xabar berdi.

Foto: Kabar

Boshqarma maʼlumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar jami 226 nafardan ortiq davlat xizmatchisi fosh etilgan. Bojxona organlarida 85 nafar xodim aniqlanib, ulardan 76 nafariga yaqini ishdan bo‘shatildi, Ichki ishlar vazirligida 26 nafar shaxs aniqlanib, ulardan 14 nafari mansabidan chetlashtirildi, mahalliy Kengashning 6 nafar deputati o‘z mandatlarini topshirdi, 65 nafar fuqaro tuman davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi lavozimidan chetlashtirildi. Yana bir qator boshqarma xodimlari ham ishdan bo‘shatildi.

 Davlat organlarini g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan vijdonsiz xodimlardan tozalash bo‘yicha bunday ishlar davlatimizning barcha jabhalarida bundan keyin ham davom ettiriladi, — deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida.

Noyabr oyi boshida MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorlik, korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun 202 nafar davlat xizmatchisi lavozimidan mahrum etilishini maʼlum qilgandi.

Bugungi kunda Rayimbek Matraimovga aloqador 92 nafar, Ko‘lbayevga aloqador 60 nafar xodimni aniqladik. Bundan tashqari, 50 nafar bojxona xodimi aniqlandi. Jami 202 nafar davlat xizmatchisi jinoiy tuzilmalar va uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqadorlik, shuningdek, korrupsiyaga aloqadorlik uchun ishdan olinadi, — dedi Tashiyev.

 “Rayim-million” laqabi bilan tanish Matraimov 2015-yildan 2017-yilgacha Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Umuman olganda, u bojxona tuzilmasida 10 yildan ortiq faoliyat yuritgan. Bu vaqt ichida u xitoylik tadbirkor Habibula Abduqodirning yashirin klani bilan birgalikda korrupsiya sxemasini tuzgan. Matraimovning kontrabandaga aloqadorligi jurnalistik tekshiruvda ma’lum qilingan.

Qirg‘izistonda 2020-yil oktabr oyida hokimiyat almashganidan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bojxonadagi korrupsiya bo‘yicha tergov boshladi, unga Matraimov ham aloqador sifatida tortildi. 2021-yil fevral oyida sobiq amaldor “Korrupsiya” moddasi bo‘yicha sudlandi. Matraimov tergov bilan shartnoma tuzib, davlatga 2 milliard som (24 million dollar) to‘lagani tufayli qamoqdan qutulib qoldi.

Qamchibek Ko‘lboyev — Qirg‘izistondagi eng mashhur kriminal  “boss”lardan biri edi. AQSH razvedka idoralari uni dunyodagi eng yirik narkobaronlar qatoriga kiritgan. Ko‘lboyevni hibsga olish yoki uning uyushgan jinoiy guruhi “moliyaviy oqimini buzish”ga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot e’lon qilingan.

Ko‘lboyev 4-oktyabr kuni xavfsizlik kuchlarining maxsus amaliyoti chog‘ida o‘ldirilgan. Ertasi kuni Tashiyev uyushgan jinoiy guruh aʼzolarini “jamiyatga qarshi bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan” har qanday shaxs qattiq jazolanishidan ogohlantirdi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »