Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Markaziy bank boshqaruvi 14-dekabrdagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Regulyatorning qayd etishicha, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, ushbu tendensiyaning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Yuqori yalpi talab sharoitida inflyatsiyani 2025-yilda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish vazifasi nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.

Inflyatsiya darajasi oktyabr—noyabr oylarida pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Ushbu pasayish o‘tgan yilgi yuqori baza taʼsiri, import narxlarining oshiruvchi hissasining kamayishi, yuridik shaxslar uchun energiya tariflari oshirilishi taʼsirining hali to‘liq yuzaga chiqmaganligi hamda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilayotganligi bilan izohlanadi.

Prognozlarga ko‘ra, 2024-yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflyatsiya darajasi 8-9 foiz oralig‘ida shakllanishi kutilmoqda. Ayni paytda, xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentatsiya fonida inflyatsiyani oshiruvchi tashqi xatarlar hamda tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha kutilayotgan navbatdagi tuzatishlar taʼsirlarining keyingi choraklarda namoyon bo‘lish ehtimollari saqlanib qolmoqda.

Bazaviy inflyatsiya — yil boshidan sekinlashish dinamikasini ko‘rsatib, noyabr oyida yillik 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, ayrim tovarlar bo‘yicha oshiruvchi bosimlar taʼsiri kuzatilmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayishiga erishish maʼlum bir muddatni talab etadi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada, 13-14 foiz atrofida shakllanishda davom etmoqda.

“Global inflyatsion jarayonlar yaxshilanishining sekin kechayotgani hamda jahon iqtisodiyoti rivojidagi kutilmalarning va xalqaro xomashyo bozorlaridagi narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi kelgusi choraklarda ham tashqi moliyaviy sharoitlar, xususan, tashqi resurslar hisobiga moliyalashtirish shartlarining qatʼiyligicha qolishi borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy faollik asosan yuqori yalpi isteʼmol talabi va xususiy investitsiyalarning o‘sishi hisobiga taʼminlanmoqda. Isteʼmol talabini davlat xarajatlari va chakana kreditlash hajmlarining oshishi qo‘llab-quvvatlamoqda. Taklif tomonidan iqtisodiy o‘sishning drayveri, yalpi ichki mahsulot o‘sishining qariyb yarmini taʼminlovchi xizmatlar sohasi bo‘lib qolmoqda. Ish haqi va aholi real daromadlari o‘sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qolishi kelgusida isteʼmol faolligini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Yuqorida keltirilgan omillar inflyatsion jarayonlarning barqaror pasayishini taʼminlash bilan bog‘liq xatarlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Markaziy bank boshqaruvi ushbu sharoitlarda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichiga erishish uchun nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildi”, — deyiladi bank xabarida.

Ta’kidlanishicha, inflyatsiyaning pasayib borishi holatida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz saqlab qolinishi pul bozoridagi real foiz stavkalarining mo‘tadil saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu esa kreditlash surʼatlarining muvozanatlashuvi sharoitida, jamg‘arish faolligida joriy dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiladi hamda tashqi moliyalashtirishning qimmatlashuvi fonida ichki moliyaviy manbalardan kengroq foydalanish imkoniyatini oshiradi.

Shuningdek, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori o‘sish surʼatlari davom etishi kutilmoqda. Kelgusida uzoq muddatli narxlar barqarorligiga erishish budjet taqchilligining qisqarishi va iqtisodiyotga bozor tamoyillarini qo‘llash ko‘lamining kengayish surʼatlari bilan bog‘liqligi tobora dolzarb bo‘lib boradi.

Markaziy bank inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit sharoitlarni yaratish va makroprudensial choralarni kuchaytirishni davom ettiradi hamda kelgusi yangilanayotgan maʼlumotlarni hisobga olib inflyatsiyaning prognozi va kutilmalari asosida asosiy stavka bo‘yicha qarorlarini qabul qiladi.
  • Markaziy bank boshqaruvining 2023-yil 26-yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavka yillik 15 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgandi
  • 2023-yil 16-martda asosiy stavkani yillik 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 14 foiz darajasida belgilandi. Shundan buyon asosiy stavka o‘zgarishsiz qolib kelmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »