“Tolibon” jamoat faoli bo‘lgan ikki ayolni hibsdan ozod qildi
Afg‘onistonda hokimiyatni nazorat qilayotgan “Tolibon” harakati ijtimoiy faol Juliya Parsini uch oylik hibsdan so‘ng ozod qildi. Bu haqda 18-dekabr kuni Aamaj News nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Parsi “Tolibon” tomonidan afg‘on ayollariga nisbatan diskriminatsiyaga qarshi bir necha bor namoyishlarda qatnashgani uchun hibsga olingan. “Tolibon” jangchilari ayol va uning o‘g‘lini uyidan olib ketgan.
15-dekabr kuni toliblar yana bir ijtimoiy faol Neda Parvonini ozod qilgani ma’lum bo‘ldi.
U turmush o‘rtog‘i va 4 yoshli o‘g‘li bilan shu yilning sentyabr oyi o‘rtalarida hibsga olingan. Qamoqda Parvoni ruhiyati bilan bog‘liq psixologik muammolarga duch keldi.
Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, “Tolibon” ayollarga nisbatan diskriminatsiya siyosatini izchil davom ettirdi. So‘nggi ikki yil ichida ular ayollar uchun juda ko‘p cheklovlar kiritdi, xususan, ularga ko‘p sohalarda ishlash, mashina haydash yoki filmlarda rol o‘ynash taqiqlandi. Qizlarning oliy o‘quv yurtlarida, oltinchi sinfdan keyin maktablarda o‘qishi taqiqlandi.
Afg‘onistondagi ijtimoiy faollar vaqti-vaqti bilan diskriminatsiyaga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazadi.