Bayden AQSH prezidentlari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytdi
AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakat rahbarlari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bayden prezidentlar jinoiy ta’qibdan mutlaq immunitetga ega bo‘lishi kerakligining “birorta sababini o‘ylay olmasligini” aytgan. Shu tariqa u sobiq prezident Donald Trampning 2020-yilgi saylovlardagi o‘z mag‘lubiyatini bekor qilishga urinish bo‘yicha suddan daxlsizlik so‘rashiga munosabat bildirgan.
Tramp Oliy suddan masalani zudlik bilan ko‘rib chiqishni so‘ragan, biroq rad javobini olgan. Sobiq prezidentga avgust oyida tegishli ayblov qo‘yilgan. Himoya tomoni Tramp o‘zining prezident sifatidagi rasmiy vazifalari doirasida “saylov daxlsizligini ta’minlash” ustida ish olib borayotganini va shu sababli “prezidentlik daxlsizligi” bilan himoyalanganini ta’kidlab, jinoiy ishni tugatishga harakat qilgan, biroq sud advokatlarning dalillarini rad etgan.
Bu Trampga qarshi to‘rtinchi ish bo‘ldi. Boshqalari aktrisa Stormi Deniyelsga jim yurishi uchun pul to‘lash, 2021-yil yanvar oyida Kapitoliyga hujum va Oq uyni tark etgandan keyin maxfiy hujjatlar bilan noto‘g‘ri muomalada bo‘lishni o‘z ichiga oladi. Sobiq prezident o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va uning ta’qibini siyosiy deb atagan.