Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Toshkent shahri havosi kun sayin yomonlashayotgani, poytaxt dunyoning havosi eng sifatsiz va salomatlik uchun zararli shaharlari qatorida tez-tez tilga olinayotgani jamoatchilikda xavotir uyg‘otmoqda.

“Daryo” muxbirining iqlimshunos Erkin Abdulahatov va “O‘zgidromet” direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev bilan suhbatida tobora jiddiylashib borayotgan muammoning sabablari, oqibatlari va yechimlari to‘g‘risida so‘z bordi.

Xavotirlar o‘rinlimi?

Erkin Abdulahatovning aytishicha, Markaziy Osiyo dunyoning chang bo‘ronlari ko‘p kuzatiladigan hududlaridan biri.

“Bizda azaldan chang bo‘ronlari bo‘lib kelgan. So‘nggi 150 yillik davrda chang–to‘zon hodisalari bilan bog‘liq xavf ortib boryapti. Buni o‘zimiz ham hayotda ko‘ryapmiz, his qilyapmiz. Hozir filmlardagidek chang–to‘zonlar yopirilishi odatiy holga aylanib qoldi. Mintaqamiz iqlimida boshqa hududlarga nisbatan isish ikki barobar yuqori. Qolaversa, bizda ko‘p yog‘in yog‘maydi. Tadqiqotlar mintaqada havodagi chang miqdori ortib borayotganini ko‘rsatmoqda”, — dedi mutaxassis.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sherzodxo‘ja Habibullayev iqlim o‘zgarishi atmosfera havosiga kuchli taʼsir o‘tkazayoganini taʼkidladi.

“Xavotirlar haqiqatan o‘rinli. Toshkent havosining ifloslanishiga bir tomondan Jizzax orqali kirib keladigan chang–to‘zonlar ham sabab bo‘lmoqda. Qurg‘oqchilik va kam yog‘in hisobiga chang ko‘tariladi. Buni avtomatik stansiyalarimiz ko‘rsatmoqda. Avvallari yog‘ingarchilik nisbatan ko‘proq bo‘lgani, fasllar meʼyorda o‘tgani hisobiga havodagi ifloslanish nisbatan kam bo‘lgan. Hozir esa vaziyat o‘zgardi”, — dedi “O‘zgidromet” rahbari.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Havo ifloslanishi bo‘yicha Toshkent birinchi o‘rinda emas”

Erkin Abdulahatov poytaxtda yozda havo ifloslanishi ko‘proq chang massasi ortishi bilan bog‘liq bo‘lishini, bu hodisa qishga ham ko‘chayotganini aytdi.

Erkin Abdulahatov
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
“Bugun yomg‘ir yog‘sa, ertaga havo yana isib ketishi, 10 kunlab yog‘in bo‘lmasligi, haroratdagi o‘tmishga nisbatan yuqori issiqlik tuproqdagi namlikni tortib oladi. Bu holat hatto qish oylarida ham yuzaga kelmoqda. O‘zbekistonda havoning ifloslanishi 1970-yildan beri o‘rganiladi. Mamlakatda Toshkent shahri havoning ifloslanishi bo‘yicha birinchi o‘rinda turmaydi. Avvalgi o‘rinlarni (5–10 yil ilgari) Navoiy shahri, Olmaliq, Farg‘ona, Angren hududlari egallagan. Yangi statistik maʼlumotlar eʼlon qilinsa, poytaxt havosi ifloslanishi bo‘yicha nechanchi o‘ringa chiqqanini ko‘rishimiz mumkin”.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sherzodxo‘ja Habibullayevning tahlil qilishicha, havo ifloslanishi ikki turga bo‘linadi. Ular — tabiiy va texnogen omillardir.

Sherzodxo‘ja Habibullayev
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
“Tabiiy omilni qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilik kamligi deb bilsak, texnogenda o‘z qo‘limiz bilan balansni ushlamasligimiz asosiy o‘rinda turadi. Yaʼni ishlab chiqarish tashkilotlari shaharga yaqin bo‘lgani, qurilishlar ko‘payishi, avtotransport vositalari soni oshgani va hokazolar. Masalan, yaqinda Toshkentda qor yoqqanda isitish tizimlari gaz quvvatiga qo‘shimcha tarzda mazut yoqilgani havoga jiddiy taʼsir qilgan. Ayrim joylarda isitish tizimini ushlab turish uchun ko‘mir ham yoqilgan. Gaz yetkazib berish zapravkalar uchun qisqartirilganda, Ai–80 benzinga ko‘proq kuch berilgani ham texnogen taʼsirni birdaniga oshirdi. Bizda havo sifatini ko‘rsatuvchi datchiklar “qizardi” (qizil zararli havoni bildiradi). Yaqin 10 kunlik ichida shunday holat kuzatildi. O‘tgan hafta shanba kuni datchik “yashil” holatiga o‘ta boshladi. Yaʼni texnogen taʼsirlar havo ifloslanishiga ko‘proq taʼsir qilmoqda”.
Skrinshot: Monitoring.meteo.uz

Qanday choralar ko‘rish kerak?

Erkin Abdulahatov muammoni bartaraf etish uchun eng avvalo atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbani topish kerakligini taʼkidladi.

“Havoni nima ifloslantiryapti, chang qayerdan ko‘tarilyapti aniqlash zarur. Agar tabiiy omillar taʼsiri kuchli bo‘lsa, cho‘l hududlarida yashil fitomassalar hosil qilish lozim. Elektromobilga sekin o‘tilyapti, bu juda ham kerak. Havo ifloslanishini oldini olish uchun ko‘plab ilmiy ishlar qilingan. Ularni amaliyotga joriy etish muhim. Zavod–fabrikalar mo‘rilariga filtrlovchi moslamalarni o‘rnatish va ularni doimiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish zarur. Havoni asosiy xavfli ifloslantiruvchi moddalar zavod–fabrikalardan chiqadi. Yangi tadqiqot ishlarida bunday zaharli havo saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkinligi aytilyapti. Bundan tashqari, ifloslangan havodan astma va allergik kasalliklar kelib chiqadi. Ko‘chada yursangiz havo ifloslanishining shahar aholisiga taʼsir qilayotganini real sezasiz. Chunki har 10 kishidan 2-3 kishida yo‘talish holatlari uchraydi. Bu havoning ifloslanish darajasi meʼyordan ortganidan ham dalolat beradi”.
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Erkin Abdulahatov fikriga ko‘ra, shaharda havo ifloslanish darajasi ortgani sari poytaxt aholisi boshqa hududlarga ko‘chib keta boshlaydi.

“Havo ifloslanishini kamaytirish uchun yashil iqtisodiyot tamoyillariga o‘tish talab etiladi. Poytaxtda yashillikni ko‘paytirish kerak. Hatto vertikal qurilishlarda balkonlarda ham yashil fitomassalar hosil qilish zarur. Katta daraxtlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha shamol kuchi va chang–to‘zon ko‘tarilishining oldini oladi. Lekin hozirgi holatda hech qanday choralar ko‘rilmasa, yaqin 5-6 yilda iqlim muhojirlari soni ko‘payadi. Avval shahar atrofiga ko‘chib ketish, keyin boshqa hududlarga ko‘chishlar soni ortadi. Muammoni hal qilishda juda katta masalalar turibdi”.
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Suhbat davomida Sherzodxo‘ja Habibullayev ham agar yetarli choralar ko‘rilmasa, poytaxtda holat og‘irlashib borishiga urg‘u berdi.

“Xalqaro iqlimshunoslar tahliliga ko‘ra, yashillikni ko‘paytirsak, suvni to‘g‘ri ishlatish, chiqindi chiqarishdan oddiy ovqatlanishimizgacha, ishlab chiqarish sohalarida ham, qayta ishlash jarayonida ham meʼyor ushlansa, hozirgi iqlim o‘zgarishidagi tendensiyani ushlab qolish mumkin. Bugungi holat davom etib tursa, vaziyat yanada og‘irlashadi. Hozirgi kun biz uchun g‘animatdek bo‘lib qoladi. O‘rta Osiyo uchun har yilgi havo harorati 1,5–3 darajaga ko‘tarilib bormoqda. Dunyoda esa harorat yiliga 2 daraja oshyapti. Yaʼni bizda yuqoriroq. Chunki cho‘lli hududlar ko‘p va suv kam. Shuning uchun biz qolganlarga qaraganda ko‘proq va tezroq harakat qilishimiz kerak. Barcha O‘rta Osiyo davlatlari birgalikda muammoni yengish uchun harakat qilishimiz lozim”.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »