Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

2023-yil noyabr oyida raqamli videoservislarda “Yigit so‘zi. Asfaltdagi qon” kriminal drama premyerasi bo‘lib o‘tdi. Serial 2023-yilning eng kutilgan va shov-shuvli voqeasiga aylandi. Quyida serialning yutug‘i nimada ekanligi va uning atrofidagi janjallar haqida ma’lumot beramiz.

Kitob asosida ishlangan serial

2020-yilda jurnalist Robert Gareyevning “Yigit so‘zi. 1970—2010-yillardagi kriminal Tatariston” kitobi nashr etildi. Svetlana Stivensonning bir necha yil oldin nashr etilgan “Tushunchalar bo‘yicha hayot. Rossiyaning ko‘cha to‘dalari” kitobidan farqli o‘laroq Gareyevning ishi akademik tadqiqot emas, balki o‘sha davrning hujjatli dalilidir.

Kitob ishtirokchilar va guvohlarning xotiralaridan iborat. 70-yillarning oxirlarida Tatariston ASSR poytaxtida o‘smirlarning ilk to‘dalari paydo bo‘ladi. Ular ko‘payib, kengayib hudud uchun kurashadi. Avvalgi pionerlardan tashkil topgan bu guruhlar poytaxt va boshqa yirik shaharlar uchun dahshatli tushga aylanib, “bosqin” uyushtirgan. “Ko‘cha bolalari” madaniyati, ularning tamoyillari va tushunchalari boshqa mintaqalarga tarqaladi va tez orada “yigit so‘zi” jumlasi butun mamlakat bo‘ylab yangraydi.

Kitob ham muallifning o‘zi kabi qattiq tanqidga uchraydi. Dunyo do‘st-dushmanga bo‘lingan, odamlar boshqa hududlarga kirishdan qo‘rqib, har bir o‘smir xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘sha og‘ir damlarni eslash ko‘pchilik uchun hamon alamlidir.

Real voqealarga asoslangan

Robert Gareyevning o‘zi 1990-yillarda uyushgan jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan. U o‘zini serialining bosh qahramoni “palto” laqabli Andrey (Leon Kemstach o‘ynagan) prototipi deb biladi. Yaxshi oiladan chiqqan a’lochi talaba o‘zini “ko‘cha bolalari” qatoriga qo‘yishga qaror qiladi. U ham mushtlashuvlar, qirg‘inlar va tadbirkorlarga uyushtirilgan hujumlarda qatnashgan. Gareyevning ta’kidlashicha, u jinoiy to‘dani katta yo‘qotishlarsiz tark etishga muvaffaq bo‘lgan — unga omad kulib boqadi. Keyinchalik u boshqa hududga ko‘chib o‘tadi, universitetga kiradi, sekin-asta shaharni va do‘stlar doirasini o‘zgartiradi.

“1991-yilda meni quvg‘in qilishdi — guruhdan chiqarib yuborishdi. Men boshqa hududga ko‘chib o‘tdim, universitetga o‘qishga kirdim — qiziqarli voqealar va odamlarga to‘la boshqa hayotni boshladim. 2001-yilda, 25 yoshimda Moskvaga ko‘chib o‘tdim. O‘shandan beri musiqa va klub boshqaruvchisi, dijey va yahudiylar muzeyida ekskursiyachi bo‘lib ishladim, ya’ni ko‘chadan uzoqda bo‘lgan ishlar bilan shug‘ullandim, — deydi Gareyev “Bu kitobni qanday yozganman” bo‘limida.

Lekin u ko‘cha o‘zining o‘yin qoidalarini qabul qilishga majbur qilgani haqidagi hikoyani unutolmadi. Gareyev ijtimoiy tarmoqda “Qozon fenomeni” guruhini ochadi, unda o‘sha voqealar guvohlari va ishtirokchilari o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Shundan keyin u hodisaning o‘zini tekshirishga qaror qiladi va balog‘atga yetmagan gangsterlarning ishlarini tekshirgan politsiya xodimlari, ularni himoya qilgan advokatlar va ushbu voqealarning bevosita ishtirokchilari bilan suhbatlashadi.

“Shaxsan o‘zim himoyalanish uchun guruhga qo‘shilganman. Ammo boshqa hududga ko‘chib o‘tganimda va shaharda musiqa haqida gaplashishingiz mumkin bo‘lgan boshqa submadaniyatlar va odamlar borligini bilganimda mana shular bilan qolishni xohladim. Kitobimda yoshlarning qanday qilib guruh a’zosi bo‘lishi haqida so‘zlab berishga harakat qilganman. Boshqalar ham hududida shunday guruhlarning turli yo‘llar bilan paydo bo‘lganini yaxshi eslaydi va bu haqda ko‘p gapiradi”, — deya kitob yaratish bosqichidagi rejalari bilan o‘rtoqlashadi Gareyev.

Bu badiiy to‘qima emas, og‘riqli haqiqat edi. Asar e’lon qilingandan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlariga savollar kelib tushadi, kitob mazmuni prokuratura tomonidan tekshiriladi. Lekin Rossiyada taqiqlangan (Rossiya Federatsiyasida ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan) AUE harakatining tashviqoti topilmaydi. Huquq-tartibot xodimlaridan keyin rejissorlar ham kitobga qiziqish bildiradi.

Ssenariy mualliflari tomonidan filmga moslashtirilgan versiya

Gareyevning so‘zlariga ko‘ra, aynan “Gorko”, “Eng yaxshi kun”, “Archa bayrami” kabi xitlari bilan tanilgan rejissor Jora Krijovnikov (haqiqiy ismi Andrey Pershin) kitobga qiziqish bildirgan va uni serialga moslashtirishni taklif qilgan. Ssenariy hammuallifi Andrey Zolotaryev (“Muz”, “Trigger”, “Sharpa”) bilan birgalikda kitob asosida sujet yaratadi, qahramonlar va personajlarni tanlaydilar. Hamma uchun rol bor edi: bolalar va ota-onalar, kattalar va kichiklar, do‘stlar va begonalar. Ikki bosh qahramonning obrazi ham shunday paydo bo‘ladi: “palto” laqabli Andrey va Qozon avtoritetlaridan birining ukasi Marat.

Filmda bosh qahramonlarning oilalari – 14 yoshli o‘g‘il bolalar, ularning do‘stlari va ular yashayotgan umidsiz haqiqat ham o‘z aksini topgan. “Massovka”larda yuzlab odamlar rol o‘ynagan. Tomoshabinlarni o‘sha davr muhitiga olib kirish uchun sahnalar batafsil o‘ylab chiqilgan.

“Bu noto‘g‘ri tanlov qilgan odamning asta-sekin jahannamga tushishi haqidagi hikoya”

Film naturalizm va mushtlashuv sahnalariga to‘la. Tegishli estetika rang yordamida qurilgan — hech qanday yorqin narsa yo‘q, faqat mavjudlikning xiraligi. Krijovnikov o‘sha davr xotiralarini jonlantirib, ssenariy yozish va suratga olishga hozirlik ko‘rayotganini aytadi. U o‘sha yillardagi dasturlar va filmlarni ko‘zdan kechiradi, gazeta va jurnallarni qayta o‘qiydi. Shunday qilib, rejissor tomoshabinni u yerga olib borish uchun o‘tgan davr bilan yaxshiroq tanishadi.

Suratga olish joyi — Yaroslavl

Dastlab ular Qozonda — o‘sha voqealar sodir bo‘lgan joyda suratga olmoqchi bo‘lishdi. Ammo respublika rahbariyati va jamoatchilik bundan xabardor bo‘lishi bilanoq Tatariston poytaxtida suratga olish taqiqlandi. Loyiha jamoasi tayyorgarlik bosqichida ham qiyinchiliklarga duch keldi. O‘shanda ham serial yoshlarning uyushgan jinoiy guruhlari qiyofasini romantizatsiya qilinishi va o‘smirlarni bunday “madaniyat” ilhomlantiradi, degan xavotirlar ko‘p edi.

2022-yilning noyabridan 2023-yilning fevraligacha rejalashtirilgan suratga olish ishlari zudlik bilan boshqa shaharga ko‘chirilishi kerak edi. Bir necha sabablarga ko‘ra Yaroslavl tanlandi. Birinchidan, u poytaxtga yaqin, bu bosh rol ijrochilari uchun ham qulay edi. Ikkinchidan, Yaroslavl Qozon singari Volga bo‘yida joylashgan. Uchinchidan, bu yerda 80-yillar atmosferasini beradigan ko‘plab joylar mavjud edi. Suratga olish ishlari mart oyida boshlanadi.

Yaroslavl ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, film voqealari Pyaterki, Rezinotexnika va Bragina, shuningdek, Frunzenskiy tumanidagi sanoat zonasi va Voljskaya qirg‘og‘ida suratga olingan. Lenin tumanidagi turar joy binosining hovlisidan ham bir nechta sahnalarda foydalanilgan. Mahalliy aholi hozirdanoq serial suratga olingan joylarga kelgan sayyohlar oqimidan shikoyat qilmoqda.

Bragin shahridagi Gromova ko‘chasidagi uy hovlisida aroqqa turnaqator navbat suratga olingan. Ammo aksariyat joylarni topish mushkul – suratga olish guruhi zamonaviylik belgilarini yo budkalar, xoh panjaralar bilan yashirish uchun bor kuchini sarflaydi.

Shunga qaramay, tomoshabinlar filmdagi ko‘plab xatolarni ham payqagan: kadrga tushib qolgan plastik derazalar, zamonaviy belgilar, yangi binolar. Ammo bu filmlarning joylashuvi bilan bog‘liq muammo, kinotanqidchilarning ta’kidlashicha: dekoratsiya qurish qimmat va mashaqqatli ish.

Yulduzlar va havaskorlar orasida kasting

Serialda yulduzli tarkibni rus kinosining eng talabgir aktyorlari — Ivan Yankovskiy, Yuliya Aleksandrova, Sergey Burunov tashkil qildi. O‘smirlar rollarini kinoga ilk qadam tashlayotgan yoshlar ijro etdi. “Palto” rolini rejissor va Real Boys yulduzi Anton Bogdanovning o‘gay o‘g‘li Leon Kemstach o‘ynadi. Yigit atigi 15 yoshda, lekin u allaqachon Bogdanovning “Faqat men sog‘man” filmida o‘ynagan.

Aktyor o‘gay otasi maslahatlari bilan unga ko‘p yordam berganini aytadi. Partnyorlari ham begona emasdi, masalan, Ivan Yankovskiy bilan oilaviy do‘st bo‘lib, u ham Leonni qo‘llab-quvvatlaydi.

Marat rolini Ruzil Minekayev ijro etgan. Dastlab 24 yoshli aktyor “Vova Adidas” (Ivan Yankovskiy), keyin “palto” roli uchun kastingdan o‘tadi. Shundan keyingina kasting direktori uni Marat roliga ko‘rib chiqishni taklif qiladi. Ruzil o‘smir sheriklaridan farqli o‘laroq, aktyorlik ma’lumotiga ega — u Qozon teatr maktabini tamomlagan. Hozir u GITISning rejissorlik bo‘limida tahsil olmoqda. Minekayev aktrisa bilan oila qurgan, juftlikning o‘g‘li bor.

Serialdagi asosiy o‘smir qiz rolini rejissor Aleksey Uchitel va aktrisa Yuliya Peresildning qizi ijro etgan. Mazkur rol 14 yoshli Annaning kinodagi debyuti emas. U 2018-yilda “Qoralama”, 2020-yilda “Birinchi qor”, 2022-yilda esa “Tibra” filmlarida rol o‘ynagan. Uning “Yigit so‘zi” filmidagi qahramoni maktab o‘quvchisi Aygul bo‘lib, u jinsiy zo‘ravonlikka uchraydi. Dahshatli sahnalarning ko‘pligi tufayli Annaning otasi dastlab suratga olishga qarshi edi. Ammo keyinroq hammasini muhokama qilib, loyiha yosh aktrisa uchun yaxshi tajriba bo‘ladi, degan xulosaga keladi.

Barcha reytinglarni buzgan serial

Hatto suratga olish bosqichidayoq film 2023-yilning eng kutilgan teleserialiga aylandi. Birinchi epizodlar allaqachon raqamli platformalarda chiqqan, NTV telekanali esa 2024-yilda sakkiz epizodli dramani televizorda ko‘rsatishni va’da qilmoqda. Netflix filmning adaptatsiya huquqlarini sotib olishni rejalashtirayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi, haqiqatdan shundaymi yoki yo‘q, hozircha noma’lum. Ammo Rossiyada “Yigit so‘zi. Asfaltdagi qon” seriali Koreyaning “Kalmar o‘yini” loyihasidan o‘zib ketdi. Mahalliy drama “Kinopoisk” reytingida eng yaxshi 100 talikka kirdi.

Loyihaning mashhurligini dalillarga asoslanganligi va yulduzli jamoa bilan izohlash mumkin. Loyihaga Fyodor Bondarchuk prodyuserlik qilgan. Film Toomuch Production kinokompaniyasi tomonidan NMG Studio bilan birgalikda Internetni rivojlantirish instituti ko‘magida ishlab chiqarilgan. Premyera 2023-yil 9-noyabrda onlayn kinoteatrlarda bo‘lib o‘tadi va darhol tanqidga uchraydi.

“To‘g‘risini aytsam, har doim xeyterlar pozitsiyasidan hayratda qolganman. Umuman olganda, ular bizning mashhurligimiz uchun ishlaydi. Qanchalik ko‘p munozaralar va bahslar bo‘lsa, filmni ko‘rishga va serial haqida o‘z fikrini shakllantirishga qaror qilish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Shuning uchun har qanday xeyter biz uchun ishlaydi”, — deydi Krijovnikov.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, serial yakuni qayta suratga olinadi. Suratga olish ishlari 2023-yil dekabr oyida boshlangan. Premyeradan keyin yoshlar serial qahramonlariga taqlid qila boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Maktab o‘quvchilari tom ma’noda “o‘z hududlarini bo‘lib olishni” boshlaydi. Irkutsk viloyatidagi o‘smir yigitga nisbatan bo‘lgan qonli mushtlashuv olovga moy quydi. Ayrim ommaviy axborot vositalari o‘smirning o‘ldirilishini serial bilan bog‘ladi. Loyiha jamoasi esa serial 80-yillarda sodir bo‘lgan voqealarni romantizatsiya qilmasligini, aksincha, ularning befoydaligini ko‘rsatmoqchi bo‘lganini ta’kidlaydi.

“O‘smirlarga serialni ko‘rishni maslahat bermagan bo‘lardim, chunki u 18+ va keyingi bo‘limdan boshlab u murakkablashadi, ularga bunday voqealarni tomosha qilish uchun juda erta. 1989-yildagi o‘smirlardan farqli o‘laroq, 2023-yilda o‘smirlar uchun musiqa, rep, bloglar, san’at, qo‘shiq aytish, rasm chizish, sport o‘yinlari kabi juda ko‘p qiziqarli mashg‘ulotlar bor. O‘zingizni band qilish uchun biror narsa topish osonroq. Iltimos, yaxshilik qiling, yaxshi ishlar qiling”, — deydi kitob muallifi va serial bo‘yicha maslahatchi Robert Gareyev.

Biroq Andrey Zolotaryev va Jora Krijovnikov serialni davom ettirish kerakligini ta’kidlab, loyihani “Cho‘qintirgan ota” kult filmi bilan taqqosladi.

Serialni nafaqat Rossiyada, balki postsovet mamlakatlarida ham tomosha qilishmoqda. Loyiha juda ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘ldi va uning taqiqlanishi mumkinligi haqidagi xabarlar tufayli tomoshabinlarning unga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »