Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Sovet aktrisalarining go‘zalligi va iste‘dodi millionlab tomoshabinlarni quvontirgan. SSSR go‘zallari xalqaro kinofestivallarda qatnashib, G‘arb tomoshabinlarida zavq va hayrat uyg‘otgan. Ular olamshumul mashhurlikka erishishi mumkin edi, ammo ayrimlari nafaqat karyerasidan, balki go‘zalligidan ham mahrum bo‘lishgan.

Tatyana Samoylova

Tosh aktrisaning mahorati Kannda shov-shuvga sabab bo‘ladi. Kinofestivalda Mixail Kalatozovning “Turnalar uchmoqda” filmi katta muvaffaqiyat qozonadi. Va bosh rolni ajoyib ijro etgan Samoylova bir kechada Yevropa yulduziga aylanadi. Uning g‘ayrioddiy go‘zalligi, tabassumi va iste’dodi mashhur Gollivud rejissorlarini hayratda qoldiradi. Muvaffaqiyatdan ilhomlangan qiz aslida ijodiy faoliyatini xorijda davom ettirish haqida o‘ylardi. Afsuski, partiya mutasaddilari boshqacha fikrda edi.

Film chiqishidan avval bosh kotib Nikita Xrushchyov “Turnalar uchmoqda” filmi qahramoni Veronikani tanqid qiladi. Uning aytishicha, bu obraz sovet qizining axloqiy xarakteriga mos kelmaydi. Goskinodagi ba’zi shaxslar ham Tatyana Samoylovaning shon-shuhratiga ochiqchasiga hasad qilishardi. “Nashr qilinmagan maktub” va “Anna Karenina” filmlarida bosh rollarni o‘ynagan iste’dodli aktrisa yulduzi so‘nganini tushunadi. Ochiq kelishuvga ko‘ra, rejissorlar uni filmlariga taklif qilishni to‘xtatadi.

Tatyana chorak asr o‘tgach, teleseriallarda o‘ynash uchun ekranlarga qaytadi, ammo bu paytda u Pablo Pikassoning shaxsan o‘zi Parijda hayratga tushgan yorqin Tatyana Samoylovadan butunlay boshqa insonga aylangandi.

Natalya Kustinskaya

Natalya Kustinskayaning taqdiri, ehtimol, uning do‘stlari va qarindoshlari ishonganidek, yanada muvaffaqiyatli va baxtli bo‘lishi mumkin edi. Aktrisaning oltita muvaffaqiyatsiz nikohi va ko‘plab oshiqlari mashaqqatli mehnat va bolalarni tarbiyalash bilan band bo‘lgan sovet ayolining ko‘rinishiga qaysidir ma’noda mos kelmasligi mumkin edi. Ammo Natalya Kustinskaya juda chiroyli va maftunkor aktrisa bo‘lgan.

Kim biladi agar u Gollivudda bo‘lganida, uning taqdiri boshqacha kecharmidi. Axir Natalya Shon Konneri va Charlz Aznavur bilan birga “Sehrli tog‘” filmida rol o‘ynash uchun ajoyib imkoniyatga ega edi. Ammo partiya boshliqlari uning chet elga chiqishiga ruxsat bermaydi. Albatta, bu taqiq aktrisaning g‘ururiga tegadi.

Keyin esa uning karyerasini butunlay barbod qilgan voqea sodir bo‘ladi. Sohibjamol aktrisa tomonidan rad etilgan taniqli rejissorlardan biri qasos olishga qaror qiladi. U o‘zining yuqoridagi tanishlaridan foydalanib, Natalya Kustinskayaning katta kinodagi karyerasini to‘sib qo‘yadi. Bir vaqtlar mashhur bo‘lgan sovet yulduzi so‘nggi yillarini dahshatli qashshoqlikda o‘tkazadi. Uning muammolariga shaxsiy fojia ham qo‘shiladi: o‘g‘li Dmitriy noaniq sharoitda vafot etadi.

Regina Zbarskaya

Aktrisaning hayoti va o‘limi sirligicha qolgan, hech qachon oshkor etilmaydi. Sovet Ittifoqining eng go‘zal va sirli modellaridan biri Regina Zbarskaya 1961-yilda Parijda haqiqiy sensatsiyaga sababchi bo‘ladi. Yves Montand, Kristian Dior, Pyer Kardin va boshqa mashhurlar Reginaning go‘zalligidan hayratda qoladi. Umuman olganda, u jahon shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lardi. Ammo o‘z vatanida u haqda boshqacha fikrda edilar. Regina Kolesnikova (qizilik familiyasi), ba’zi manbalarga ko‘ra, Vologdada harbiy xizmatchi va rus tili o‘qituvchisi oilasida tug‘ilgan. Reginaning o‘zi esa ota-onasi akrobat va gimnastikachi bo‘lib, murakkab tryukni ijro etish paytida sirk gumbazi ostida vafot etganini aytadi. Aytishlaricha, 18 yoshgacha qiz bolalar uyida tarbiyalangan.

Moskvaga kelgan Regina bilimi, uch tilda ravon so‘zlashi bilan barchani hayratda qoldiradi, buning ustiga u sambo ustasi edi. Qiz bolalar uyi tarbiyalanuvchisidan ko‘ra ko‘proq zodagon xonimlarga o‘xshardi. Shuncha iste’dodi bo‘lgan go‘zal qiz, albatta, aktrisa bo‘lishni xohlardi. Regina VGIKning iqtisodiyot fakultetiga o‘qishga kiradi va keyinchalik filmlarda ikkita kichik rol o‘ynaydi. Bu uning aktyorlik karyerasini tugatadi, ammo uni butun mamlakat bo‘ylab mashhur qilgan boshqasi boshlanadi. Darvoqe, dars qoldirishiga qaramay, Regina hamma fanlarni osonlikcha o‘zlashtirardi.

Ko‘p o‘tmay Regina poytaxtdagi kechalarda mehmon bo‘ladi. Nazokatli sohibjamol erkaklarda qiziqish, ayollarda esa hasadni uyg‘otadi. Bir kuni Regina rassom va modelyer Vera Aralova bilan tanishib qoladi. Uning yordami bilan Butunittifoq modellar uyiga qabul qilinadi. Va qisqa vaqt ichida qorako‘z, qorasoch model mamlakat podiumlari malikasiga aylanadi. Noodatiy yevropcha tashqi ko‘rinish Reginani boshqa modellardan ajratib turadi.

Ehtimol, u taniqli grafik rassom Lev Zbarskiyni uchratmaganida mahalliy podium malikasining kelajagi muvaffaqiyatli va baxtli bo‘lar edi. Dastlab ular o‘rtasidagi nikoh ideal deb hisoblangan: yetti yil davomida Zbarskiy juftligi Moskva elitasining bezaklari edi. Aslida esa oilaviy hayotga allaqachon darz ketgandi. Regina bolali bo‘lishni xohlardi, Leo bunga qarshi edi. Hatto ajrashgandan keyin ham u Reginaga juda ko‘p muammolarni keltirib chiqaradi. Shunday bo‘lsa-da, Regina katta qiyinchilik bilan sevimli ishiga qaytadi va ichki podiumda muvaffaqiyatga erishishda davom etadi.

O‘sha yillarda Regina tasodifan o‘zidan yoshroq bo‘lgan yugoslaviyalik jurnalist bilan tanishib qoladi. Ular o‘rtasidagi sevgi munosabatlari uzoq davom etmaydi, lekin bu Regina uchun ayanchli oqibatlarga olib keladi. Jurnalist Germaniyada “Regina Zbarskaya bilan yuz kecha” nomli shov-shuvli kitobni nashr qiladi. Mashhur modelning karyerasi bir kechada barbod bo‘ladi va keyingi hayoti haqiqiy do‘zaxga aylanadi. U yolg‘izlikda vafot etadi, qayerda dafn etilgani ham noma’lum.

Lyudmila Marchenko

Qiz VGIKda uchinchi kursda o‘qib yurganida Lev Kulijanovning “Ota uyi” filmiga taklif qilingan. Bu Lyudmila Marchenkoning birinchi bosh roli edi. Film yosh qizga misli ko‘rilmagan shuhrat keltiradi. Uni “Sovet Odri Xepbyorni” deb atashgan. Shahlo ko‘zli nozik aktrisa rejissor Ivan Pirevni maftun qiladi. Mashhur rejissor uni o‘zining “Oq tunlar” filmiga taklif qiladi, filmda u sovet ayollarining yoqimtoyi Oleg Strijenov bilan partnyor bo‘lishi kerak edi. Lyudmila Marchenko oilali, o‘zidan 11 yosh katta bo‘lishiga qaramay, Oleg Strijenovni sevib qoladi.

Qizga ular o‘rtasidagi munosabatlar abadiy davom etadigandek tuyuladi. Ammo oraga Ivan Pirev ham suqilardi: u sohibjamol aktrisaga yetishish orzusida yonardi. Tez orada Strijenov Lyudmilaning homiladorligi haqida bilgach, sevgi hikoyasi tugaydi. Marchenko yashirincha abort qildiradi, natijada butun umr farzand ko‘rolmaydigan bo‘lib qoladi.

Shu bilan birga, Ivan Piryev aktrisaning ortidan qolmaydi, lekin har safar rad etiladi. Uning bunday munosabati mashhur rejissorni g‘azablantiradi. Bir kuni Lyudmila Marchenkoning dugonasi aktyor Vladimir Gusev uni geolog Valentin Berezin bilan tanishtiradi. Lyudmila Valentinni yoqtirib qoladi, chunki u o‘z kasbi haqida qiziqarli va obrazli gapirib, aktrisaga hayotida ko‘pni ko‘rgan, og‘ir damlarda suyanish mumkin bo‘lgan mard odamdek tuyuladi.

Marchenko va Berezinning bo‘lajak to‘yi haqidagi xabar Ivan Piryevga yetib kelganida “Sovet Odri Xepbyorni” hayotida hamma narsa birdaniga o‘zgaradi. U qasos olish uchun aktrisani kinodan chiqarib yuboradi.

Ammo uning karyerasi tom ma’noda sevimli geolog eri Valentin Berezin tomonidan barbod bo‘ladi. U xotinining Ivan Piryev bilan munosabati haqidagi mish-mishlarga ishonadi. Navbatdagi ekspeditsiyadan qaytgan Berezin mast holda Lyudmila Marchenkoni o‘lasi qilib kaltaklaydi. Shifokorlar taniqli aktrisaning hayotini zo‘rg‘a saqlab qolishadi, ammo buzilgan yuzi bilan u endi filmlarda rol o‘ynay olmasdi. O‘shanda Berezin juda qo‘rqib ketadi: agar Ivan Piryev bu voqeadan xabar topsa, baloga duchor bo‘lishini yaxshi bilardi.

Berezin Lyudmilani sodir bo‘lgan voqea avtohalokat oqibati ekanligini aytishga ko‘ndiradi. Ikki kundan so‘ng aktrisa erini uyidan haydab soladi: Berezinning xiyonati va noqonuniy bolasi borligi nihoyat hammasiga nuqta qo‘yadi. Lyudmila Marchenko 1997-yil yanvar oyida vafot etadi. Uning dafn marosimida bir nechtagina odam qatnashadi xolos: tasodifni qarangki, o‘sha kuni yana bir buyuk aktrisa Tamara Makarova ham dunyodan o‘tgan edi. Shon-sharaf va mashhurlik davrida do‘stlari bilan ko'ngilxushlik qilishdan ortmagan Lyudmila Marchenko butunlay yolg‘izlikda vafot etadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »