Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul “Daryo” bilan suhbat vaqtida Rossiya va Ukrainaning iqtisodiy holatiga to‘xtalib o‘tib, qaysi davlatning iqtisodiy ahvoli uzoq davom etishi, kutilayotgan urush xarajatlarini ko‘tara olishi haqida gapirdi.

Ekspertning qayd etishicha, Rossiya oltin valyuta zaxirasining tagi ancha ko‘rinib qolgan.

“Katta urush uchun katta pul kerak. Urush boshlanganida Rossiyaning oltin valyuta zaxirasi 600 milliard dollar edi. Ukrainada esa bu ko‘rsatkich 48 milliard dollarni tashkil etgan. Yaʼni Ukrainaning oltin valyuta zaxirasi Rossiyaning oltin valyuta zaxirasidan 15 barobar kam edi. Bugun Rossiya 600 milliard dollarlik oltin valyuta zaxirasining 300 milliard dollarni (bu pullar urush boshlangach, Yevropa banklari tomonidan muzlatilgan – tahr) oldirib qo‘ydi. Qolgan qismi urush uchun sarflandi. Hozir Rossiyaning oltin valyuta zaxirasi 125 milliard dollarni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki raisi Elvira Nabiullinaning qarori bor. Unga ko‘ra, Rossiya Markaziy banki barcha chet el bilan tijorat qiluvchi va valyuta hisob raqami ochgan korxonalarning ishlagan valyuta (yaʼni dollar nazarda tutilmoqda – tahr) pulini o‘zi belgilagan kurs bo‘yicha sotib oladi. Bugun Rossiya mana shu yo‘l bilan oyoqda turibdi. 2022-yilda Rossiyada 1 AQSH dollari 48 rublga tushgan edi. Bugun 1 AQSH dollari 92 rublni tashkil qilmoqda. Yaʼni 2023-yilda Rossiya rubli salkam 2 barobarga qadrsizlandi. Shuningdek, tovar inflyatsiyasi ham oshib ketmoqda”, – deydi iqtisodiy tahlilchi.

Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul
Foto: “Daryo”

Ekspert so‘zida davom etib, Ukrainaning iqtisodiy holati va G‘arbning 2024-yilda Ukrainaga berishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yordami haqida gapirdi.

“Endi Ukrainaning iqtisodiy ahvolini tahlil qilsak. Ukrainaga xalqaro kuchlar tinimsiz yordam bermoqda. 2022-yilda Ukraina jami 70 milliard dollar moliyaviy yordam oldi. Shuning hisobiga Ukrainaning iqtisodiy ahvoli Rossiyaning iqtisodiy holatiga nisbatan durustroq. Hozir Ukrainaning oltin valyuta zaxirasi 35 milliard dollar. Bundan tashqari, Rossiya Markaziy bankining remoliyalash stavkasi 16 foiz, Ukrainada esa bu ko‘rsatkich 15 foiz. Bu ko‘rsatkich qancha baland bo‘lsa, iqtisodiy ahvol shuncha abgor bo‘ladi. Mana shu ko‘rsatkichlar bilan qaraydigan bo‘lsak, urush oqibatida Rossiya ko‘proq holdan toydi. Uning puli Ukrainaga nisbatan tezroq tugamoqda. Rossiya 2024-yilda oltin valyuta zaxiralarini ushlab qolishi uchun o‘z pulini 2 barobar devalvatsiya qilishi kerak. Ukrainada esa devalvatsiya bor yo‘g‘i 16 foizni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, Ukrainaning 52 ta davlatdan iborat do‘stlari bor. Rossiyaning kimi bor? To‘g‘ri, Ukraina G‘arbdan hozir yordam ola olmayapti. Amerikada respublikachilar partiyasining tashabbusi tufayli AQSH Kongressi Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordam paketini to‘xtatib qo‘ydi. Lekin bu yordam paketi 2024-yilning 9-yanvardan so‘ng Kongress tomonidan maʼqullanishi mumkin. Agar AQSH Kongressi Ukrainaga yordam berishni rad etsa, G‘arbning ikkinchi yo‘li mavjud. Buni Estoniya ilgari surmoqda. Aytilishicha, agar Yevro Ittifoqi Vengriyaning pozitsiyasi tufayli Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan 50 milliard yevroni bermasa, Estoniya hukumati har bir davlatdan pul yig‘moqchi”, – deya taʼkidladi Shuhrat Rasul.

Iqtisodiy tahlilchining fikricha, 2024-yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush pozitsion tarzda kechadi. Agar bu yil Ukraina G‘arbdan F-16 samolyoti va Taurus raketa komplekslarini olsa, urushda ustunlikka erishishi mumkin.

Suhbat davomida
Foto: “Daryo”

2024-yilda Ukraina Rossiya o‘rtasida pozitsion urush davom etadi. Pozitsion urushda kimning harbiy qurollari ilg‘or bo‘lsa, o‘sha tomon ustunlikka erishadi. Bu borada Ukraina Rossiyadan ustun. Bu yil Ukraina G‘arbdan F-16 samolyotlarini olmoqchi. Bu bombardimonchi samolyot “Game Change” deb ataladi. Yaʼni bu qurol o‘yin qoidalarini o‘zgartiruvchi. Rossiyaning samolyotlari modernizatsiya qilingan F-16 samolyoti bilan raqobat qila olmaydi. F-16 samolyotining raketalari Rossiya samolyotining raketalaridan 2 barobar uzoqroq uchadi. F-16 samolyotining radarlari esa 200 kilometr masofani nazorat qiladi. Rossiya radarlari bo‘lsa 120 kilometrni. F-16 samolyotlari uzoq masofadan rus samolyotlarini qoqib tashlaydi. Agar Ukraina F-16 samolyoti va Taurus raketalarini olsa, urushda ustunlikka erishishi mumkin”, – dedi ekspert.

Biroq suhbatning boshqa qatnashchisi, siyosatshunos Oybek Sirojov yuqoridagi fikrlarga qo‘shilmasligini va urushda hamma narsa pulga bog‘liq bo‘lmasligini aytdi.

“Hamma narsani pul hal qiladi, degan fikrga qo‘shilmayman. Pul muhim rol o‘ynaydi, lekin bu urushni faqat pul hal qiladi degani emas. Chunki urushda belgilangan strategiya, yuritilayotgan siyosat va tashqi kuchlar taʼsiri muhim rol o‘ynaydi. Masalan, G‘azo sektorida boshlangan beqarorlik Ukraina urushini mutlaqo o‘zgartirib yubordi. Bundan tashqari, G‘arbda saylovlar urushga bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun “urush taqdirini pul hal qiladi”, degan fikrdan men yiroqman. Chunki tarixda puli oz bo‘lsa-da, to‘g‘ri siyosat orqali g‘alaba qozongan davlatlar yetarlicha topiladi”.

Siyosatshunosning fikr bildirishicha, urushda qurollarning sifat darajasi bilan birgalikda, uning miqdori ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Harbiy qurollar masalasiga to‘xtalsak. Bu yerda gap qurollarning qay darajada sifatli bo‘lishida emas, balki uning miqdoriga ham bog‘liq. Misol uchun, nimaga Ukraina qarshi hujumda muvaffaqiyatga erisha olmadi? Sababi, G‘arb tomonidan Ukrainaga yetarli qurol berilmadi. Hozir Ukrainaga 20 dona F-16 samolyoti berilishi kutilmoqda. 20 dona F-16 samolyoti urushni o‘zgartira olmaydi. Shu nuqtai nazardan, bu yerda gap qanday qurol berilayotganida emas, balki uning miqdorida. Agar G‘arb Ukrainaga yetarli miqdorda qurol bersa, shunda urush taqdiri o‘zgarishi mumkin”, – deydi siyosatshunos.

Siyosatshunos Oybek Sirojov
Foto: “Daryo”

Siyosatshunos Oybek Sirojov hali Rossiya jamiyati urushni o‘z tanasida his qilmaganini va G‘arb yordamining kechikishi urush taqdirini o‘zgartirib yuborishini taʼkidladi.

“Nima uchun Ukraina keyingi vaqtlarda Rossiya shaharlariga raketa zarbalarini ko‘paytirdi? Chunki hali Rossiya jamiyati urushni o‘z tanasida his qilganicha yo‘q. Bu Ukraina uchun juda katta muammo. Masalan, Putin bir necha marta “bizga hech kim hujum qila olmaydi” deb bayonotlar bergan. Bu shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning ham nozik tomonlari mavjud.

Shuhrat aka yuqorida Yevropa pul yig‘ib, Ukrainaga yordam berishi haqida fikr bildirdilar. To‘g‘ri, Yevropa Ukrainaga pul yig‘ib berishi mumkin. Lekin bu yerda vaqt masalasi bor. Chunki urushda bir kun ham ko‘p narsani hal qiladi. Shunga o‘xshash ko‘plab faktlar masalani u yoki bu tomonga o‘zgartirishi mumkin”, – dedi Oybek Sirojov.

Suhbatning to‘liq shaklini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.



Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »