Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Ivan Vasilyevich kasbini o‘zgartiradi” filmida kelishgan o‘g‘ri Jorj Miloslavskiy, “Oltin buzoqcha”da Shura Balaganov kabi betakror rollarni qoyilmaqom tarzda ijro etgan Leonid Kuravlyov hayoti haqida ma’lumot beramiz.

Qiyin o‘tgan bolalik

Bo‘lajak aktyor urush boshlanishidan 5 yil oldin Moskvada tug‘ilgan. Uning otasi samolyot zavodida mexanik, onasi esa sartarosh edi. 1941-yilda onasi tuhmatga qolib, aksilinqilobiy faoliyat uchun 58-moddaga binoan hibsga olinadi. Ayol shimolga jo‘natiladi, keyinchalik o‘g‘lini ham Murmansk viloyatiga yuborishadi — ona-bola kazarmada yashaydi. Faqat 10 yildan keyingina Valentina Kuravlyova Moskvaga qaytib keladi.

Bo‘lajak aktyor maktabda unchalik yaxshi o‘qimaydi, VGIKda o‘qish xohishi ham unda kutilmaganda paydo bo‘lgan. Unga xolavachchasi shu universitetni tanlashni maslahat bergan, chunki kirish imtihonlarida matematika talab qilinmagan. Kuravlyovning omadi birinchi martadayoq kulmaydi: ikki yildan so‘ng u nihoyat talaba bo‘ladi. Birinchi yili o‘qishga kirolmaganida, u o‘yinchoq ishlab chiqaradigan zavodga ishga kiradi, lekin u yerda uzoq vaqt ishlolmasligini aniq bilardi.

Kino olamiga yo‘l

VGIKda o‘qiyotgandayoq Kuravlyov debyut qiladi. Uning ekrandagi birinchi chiqishi Aleksandr Gordon va Andrey Tarkovskiyning “Bugun ishdan bo‘shatishlar bo‘lmaydi” filmidagi roli edi. O‘qishni tugatgandan so‘ng, Leonid Vyacheslavovich kinoda faol rol o‘ynaydi va uning qahramonlari hech kimni befarq qoldirmaydi. Ko‘p qirrali aktyor tom ma’noda har qanday rolni qoyilmaqom tarzda ijro eta olardi: u komediya va dramalarda ham birdek mahoratli edi.

1964-yilda Vasiliy Shukshinning “Shunday yigit bor” filmidagi Pavel Kolokolnikov rolidan so‘ng, Kuravlyov nihoyat yulduzga aylanadi — uning o‘zi bu personajini sevimli qahramonlaridan biri deb ataydi.

“Viy” filmining suratga olish maydonchasida Kuravlyov katta fojianing oldini oladi: Natalya Varley uch metr balandlikda joylashgan tobutdan yiqiladi. Aktyor o‘zini yo‘qotmay, uni ushlab qoladi.

Hammasi bo‘lib xalq artisti 200 dan ortiq obraz yaratgan, uning ekrandagi so‘nggi chiqishi 2015-yilda Aleksandr Andranikyanning “Hammasi murabbo” komediyasidagi bosh rol edi.

Bir umrlik sevgi

16 yoshida Kuravlyov o‘zining yagona sevgisini uchratadi: u konkida uchish maydonchasida 13 yoshli Nina bilan tanishadi. Sakkiz yil o‘tgach, ular turmush quradi va 2012-yilda Ninaning vafotigacha birga yashashadi. Leonid Vyacheslavovich hech qachon xotinidan ayrilganiga ishonmaydi. Aktyor tom ma’noda hayotga bo‘lgan ishtiyoqini yo‘qotadi — u Ninani sog‘inganini yashirmaydi.

Kuravlyovning xotini unga doimo so‘zsiz ishongan va u hech qachon uni aldamagan. Nina maktabda ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan va keyinchalik direktor vazifasini bajargan.

Aktyor har doim rafiqasining undan aqlliroq ekani, hammaning e’tibori unda bo‘lishini aytishdan uyalmaydi. Uning yonida shunday ajoyib ayol borligidan faxrlanadi. Er-xotinning ikki farzandi —1962-yilda qizi Yekaterina va 1978-yilda o‘g‘li Vasiliy dunyoga keladi.

Qizi Shukinskiy maktabini tamomlagan va “Eng jozibali va latofatli” filmida rol o‘ynagan. Ammo keyinchalik kasbini o‘zgartirishga qaror qiladi va psixolog bo‘ladi. Yekaterina turmushga chiqmagan, farzandlari ham yo‘q. Aktyorning o‘g‘li yaqin do‘sti Vasiliy Shukshin sharafiga nomlangan. U iqtisod yo‘nalishida ta’lim olib, biznes bilan shug‘ullanadi. Hozirda uning uch o‘g‘li bor va u oilasi bilan baxtli hayot kechirmoqda.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »