Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Mamlakatda umumiy o‘rta taʼlim maktablari direktorlarini tayyorlash va lavozimga tayinlash hamda ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. Bu haqda 15-yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova maʼlum qildi.

O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 26-maydagi farmoniga muvofiq, joriy yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta taʼlim muassasalari direktorlarini menejerlik kurslarida o‘qitish va sertifikatlash tizimini joriy etish belgilangan. Bu jarayonni amalga oshirish uchun hukumat nizom tasdiqlangan.

“Unga ko‘ra, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan umumtaʼlim maktablar direktorlari lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini berish tizimi joriy etilmoqda. Menejerlik kurslariga o‘qish uchun nomzodlar kamida bakalavr darajasiga ega bo‘lishi, belgilangan malaka talablariga javob berishi kerak. Taʼlimda menejmenti mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasiga ega bo‘lgan nomzodlar o‘quv kursida o‘qimasdan sertifikat olish bo‘yicha yakuniy sinovlarida ishtirok etishlari mumkin. Taʼlimda menejment ixtisosligi bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan nomzodlar uchun sertifikat ularning arizasiga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi”, — dedi Dilfuza Sobirova.

Qo‘shimcha qilishicha, nomzodlar (tinglovchilar) zamonaviy boshqaruv, jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish, moliyaviy savodxonlik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitiladi. O‘quv kurslarining davomiyligi 144 soat bo‘lib, bir oy davom etadi.

O‘quv mashg‘ulotlari nazariy, amaliy va maktab amaliyotidan iborat bo‘ladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar institutda, amaliyot esa maktab hamda taʼlim boshqaruvi idoralarida o‘tkaziladi.

Trening mashg‘ulotlari taʼlim menejmenti bo‘yicha kasbiy salohiyati yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilar bilan birga bugungi kunda taʼlim sifati, zamonaviy boshqaruv orqali maktabda ijodiy sog‘lom muhitni yarata olgan amaliyotchi maktab direktorlari tomonidan interaktiv usullarda olib boriladi.

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan nomzodlar ishtirokida yakuniy sinovlar o‘tkaziladi hamda undan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga sertifikat beriladi.

Menejerlik sertifikati elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va QR-kod qo‘yilgan holda elektron shaklda beriladi hamda sertifikat 5-yil davomida amal qiladi.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlar orasidan maktab direktori lavozimiga nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi. Endilikda nomzodlar faqat sertifikat mavjud bo‘lgan va mazkur nomzodlar zaxirasiga kiritilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan maktab direktorlariga (ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida) lavozim maoshining 50 foizi, maktab direktori o‘rinbosarlariga 30 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.

Umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan direktorlar har 5-yilda bir marta menejerlik sertifikatini olishi talab etiladi va sertifikatga ega bo‘lgan direktorlar uni olgan yildan boshlab uch yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.

“Shu o‘rinda taʼkidlab o‘tish joizki, menejerlik kurslarida nomzodlar shartnoma asosida jalb etiladi. Amaldagi maktab direktorlarini menejerlik kursida o‘qitish xarajatlari byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Maktab direktorlarining o‘qish davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi va amaldagi o‘rtacha ish haqi miqdorlari saqlab qolinadi, xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar asosiy ish joyidan to‘lanadi” — dedi Dilfuza Sobirova.

Menejerlik sertifikatiga ega bo‘lish talabi quyidagi taʼlim muassasalari direktori lavozimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi:

  • Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari;
  • sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalari;
  • ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • alohida sharoitlarda taʼminlash, tarbiyalash va taʼlim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16-yanvaridan boshlab menejerlik kursida taʼlim olish uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlanadi. Buning uchun nomzodlar maxsus portal (manager.uzedu.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tib, kurslarda ishtirok etish uchun ariza yuborishlari talab etiladi. Menejerlik kurslari 2024-yil 1-fevraldan boshlanadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »