O‘zbekistonda toifaga ega maktab o‘qituvchilari soni maʼlum bo‘ldi
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi maktablarda faoliyat yuritayotgan toifaga ega o‘qituvchilar soni 282 424 nafarni tashkil etadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik departamenti direktori Sardor Rajabov maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Sardor Rajabovning aytishicha, hozirda respublikadagi 10 104 ta maktabda 525 737 nafar o‘qituvchi dars bermoqda.
“Oliy toifali o‘qituvchilar soni 53 914 nafarni, birinchi toifalilari 101 751 nafarni, ikkinchi toifalilari 126 759 nafarni tashkil qiladi. Mutaxassislar soni esa 177 122 nafar”—dedi vazirlik masʼuli.
Abdulla Avloniy nomidagi milliy–tadqiqot instituti rektori Abduvali Ismoilov yiliga necha nafar o‘qituvchi malaka oshirishini aytdi.
“Har yili 500 ming nafarga yaqin maktab o‘qituvchisi malaka oshiradi. Shundan 40 foizi mustaqil taʼlim tarzida, 60 foizdan ortig‘i anʼanaviy tarzda malaka oshirmoqda. O‘qituvchilar 7 haftalik (36 soat) malaka oshirish kursiga majburiy jalb qilinadi”—dedi institut rahbari.
Ma’lumot uchun, ayni paytda vazirlik tizimidagi maktablarda qariyb 6,3 million nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.