“Tolibon” Pokiston bilan chegaralarini abadiy yopishdan ogohlantirdi
Agar Afg‘oniston muvaqqat hukumati va Pokiston o‘rtasida kelishuvga erishilmasa, Afg‘oniston Pokiston bilan chegaralarini abadiy yopadi. Bu haqda “Tolibon” bayonotiga tayanib, Ava Press xabar berdi.
Torxam chegarasi bir necha kundan beri transport harakati uchun yopilgan, Pokiston matbuoti esa ikki davlat rasmiylari o‘rtasida Torxam o‘tish joyini qayta ochish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangani haqida yozmoqda. “Tolibon” Islomobodga olib boradigan ikkita muhim Torxam va Xarlachi o‘tish joylari butunlay yopilishidan ogohlantirgan.
Dan Pakistan gazetasiga ko‘ra, 16-yanvar kuni “Tolibon” va Pokiston rasmiylari o‘rtasida Torxam o‘tish joyini qayta ochish masalasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Afg‘oniston muvaqqat hukumati ikki tomon kelishuvga erishmasa, Torxam va Xarlachi chegaralarini Pokiston bilan abadiy yopishi haqida ogohlantirgan.
Sababi “Tolibon” Islomobod bilan muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortishini ma’lum qilgan.
Pokiston rasmiylarining yangi siyosatiga ko‘ra, Torxam chegarasidan faqat viza va pasport bilan o‘tish mumkin, aks holda haydovchilar harakatlana olmaydi. Pokistonning harakatlariga javoban “Tolibon” Pokiston yuk mashinalarining Afg‘onistonga kirishiga ruxsat bermagan.
“Tolibon” Pokiston xavfsizlik rasmiylariga yangi cheklovlar ular uchun maqbul emasligini, chunki ularga viza siyosati haqida oldindan hech qanday rasmiy xabar berilmaganini aytgan.
Shuningdek, “Tolibon” Pokistonda qolib ketgan barcha afg‘on yuk mashinalarining mamlakatga qaytishiga ruxsat berishni, so‘ngra asosiy darvozaga “sement” devori qurish orqali chegarani abadiy yopishini bildirgan.