Trampning yana bir raqibi AQSH prezidentligi uchun kurashdan chiqdi
Arkanzas shtatining sobiq gubernatori Asa Hatchinson o‘zining prezidentlik kompaniyasi yakunlanganini eʼlon qildi. Bu haqda u Twitter’da (hozirgi X) yozdi.
“Mening tajribali va yetakchi nomzod haqida haqiqatni aytadigan prinsipial respublikachi pozitsiyam Ayova shtatida ish bermadi”, — deb yozgan Hatchinson.
U saylovoldi tashviqoti paytida Respublikachilar partiyasini “2024-yilgi xavflar” haqida ogohlantirganini ta’kidladi.
15-yanvar kuni Ayova shtatida respublikachi saylovchilarning ichki partiya saylovlarida (kokuslar) bo‘lib o‘tdi. Hatchinson taxminan 1 foiz ovoz oldi va oxirgi o‘rinni egalladi. Kokuslarda birinchi o‘rinni sobiq prezident Donald Tramp (51 foiz), ikkinchi o‘rinni Ron DeSantis (21 foiz), uchinchi o‘rinni Nikki Heyli (19 foiz), to‘rtinchi o‘rinni Vivek Ramasvami (8 foiz) egalladi.
Ramasvami natijalarni sarhisob qilgach, musobaqani tark etdi. Tahlilchilarning fikricha, bu Trampga yordam beradi, chunki Ramasvami o‘z tarafdorlarini Trampni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
Kokuslardan avval AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yish niyatida bo‘lgan Nyu-Jersi shtatining sobiq gubernatori Kris Kristi saylovdan chiqishga qaror qilgandi.