Ilon Mask AQSH prezidentlik saylovlarida Jo Baydenga ovoz bermasligini ma’lum qildi
Dunyoning eng boy odami, SpaceX kompaniyasi asoschisi Ilon Mask bo‘lajak prezidentlik saylovlarida AQSHning amaldagi prezidenti Jo Baydenga ovoz berishni rejalashtirmayotganini aytdi.
Tadbirkor X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Oq uyning amaldagi egasini qo‘llab-quvvatlashni istamasligi haqida yozgan.
Milliarder o‘zining CNBC telekanaliga bergan intervyusiga bag‘ishlangan post ostida tegishli izohni e’lon qildi. Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Mask 2020-yilgi saylovlarda Baydenga ovoz berganini tan oldi.
“Bu safar Baydenga ovoz berishimni tasavvur qila olmayman”, dedi tadbirkor.
AQSHda prezidentlik saylovi 2024-yil 5-noyabrga belgilangan. Donald Tramp mazkur saylovda Respublikachilar partiyasidan nomzodini ilgari surgan. Unga amaldagi davlat rahbari Jo Bayden raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.