Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

O‘zbekistonda prezident qarori asosida 2024-yil 1-fevraldan boshlab “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi” tashkil etildi. 31-yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan taqdimotda Savdo-sanoat palatasi va Soliq qo‘mitasi masʼullari 300 nafar tadbirkorga yangi tizim qanday ishlashi to‘g‘risida maʼlumot berdi, deya xabar qilmoqda “Daryo” muxbiri.

Reyting doirasida tadbirkorlik subyektlarining yuqori barqarorligi AAA, AA, A toifalari bilan, o‘rta barqarorligi BBB, BB va B toifalari bilan aniqlanadi. Shu bilan birga, qoniqarli barqarorlikka CCC, CC va C toifalari, quyi barqarorlikka D toifasi beriladi.

Foto: “Daryo”

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning aytishicha, barqarorlik reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari rag‘batlantiriladi.

Sherzod Kudbiyev
Foto: “Daryo”
“Reytingni tashkil qilishda soliq to‘lovchi tomonidan birinchi navbatda qonun bilan belgilangan fundamental vazifalarini bajarilishi inobatga olingan. Bu kamida 3ta B degan reytingni olib keladi”, — dedi qo‘mita rahbari.
Foto: “Daryo”

Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘ktam Rajabov AAA toifasini olgan tadbirkorlik subyektlariga qanday imtiyozlar berilishini maʼlum qildi.

“Ularga soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘idan hosil bo‘lgan salbiy farq summasini bir kun muddatda qaytarib beriladi.

Infografika: Soliq qo‘mitasi

Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Umid Safarov reyting baholash mezonlari 23 ta ekani va ular 3 ta guruhga bo‘linganini aytdi.

Umid Safarov
Foto: “Daryo”
“Ular — umumiy, ballarni kamaytiruvchi va rag‘batlantiruvchi guruhlardir. Umumiy guruhda 10 ta mezon bo‘lib, har biriga 10 balldan, jami 100 ball yig‘ish mumkin. Masalan, korxona xodimining oyligi respublikadagi eng kam ish haqidan kam bo‘lsa, tadbirkorlik subyekti 5 ballidan ayriladi. Oylik miqdori 25 foizga oshgan bo‘lsa, 2 ball, 25 foizdan 50 foizgacha o‘sgan bo‘lsa, 4 ball, 75 foizgacha 6 ball, 100 foizgacha bo‘lsa, 8 ball, 100 foizdan yuqori bo‘lsa, 10 ball qo‘shib beriladi”,—dedi mutaxassis.
Infografika: Soliq qo‘mitasi

Umid Safarovning tushuntirishicha, umumiy baholash guruhida soliq hisobotlarini belgilangan muddatda taqdim etilgani uchun ham 10 ball taqdim etiladi.

“Ikkinchisi ballarni kamaytiruvchi guruhdir. Bunda 9 ta mezon bor. Masalan, soliq qarzdorligi molning hisobidan undirilsa yoki tadbirkorlik subyektlarining kreditor qarzdorligini 12 oy davomida sud orqali undiruvga qaratilgan taqdirda baho 10 ballga kamaytiriladi. Uchinchi guruh — qo‘shimcha ballarni beruvchi, yaʼni rag‘batlantiruvchi. Bunda to‘rtta holatda tadbirkor 45 ball yig‘ishi mumkin. Agar xodimlar soni o‘tgan hisobot davriga nisbatan (oyligi eng kam ish haqidan ko‘p bo‘lishi talabi bilan) 10 foizga ortsa, 2 ball, 20 foizga ko‘paysa, 4 ball bilan baholanadi. Xodimlar soni 50 foiz va undan yuqori ko‘rsatkichga ortsa, korxonaga 15 ball beriladi. Shu bilan birga, QQS bir oylik soliq summasining o‘rtacha miqdoridan 10 foiz oshiq to‘lansa, 10 ball bilan baholanadi. Xuddi shu prinsip aylanmadan olinadigan soliqlar uchun ham belgilangan”, — dedi rais o‘rinbosari.
Infografika: Soliq qo‘mitasi

Muloqot chog‘ida mezonlar ishlashida inson omili qatnashmasligi, barchasi avtomatik amalga oshirilishi alohida taʼkidlandi. Yaʼni tadbirkor hisobot bersa yoki to‘lov qilganda uning ballari o‘zgarib boradi va bu jarayon onlayn tarzda kechadi.Yana bir muhim jihati tadbirkorlik subyektining reytingi quyi toifaga tushib qolsa ham unga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Reyting faqat yaxshi natijaga erishganlarni rag‘batlantirish uchun ishlaydi.

Muloqotda Savdo–sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Soliq qo‘mitasi bazasidagi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy hisob-kitoblari bilan tanishib chiqqanini aytdi. Palata rahbarining taʼkidlashicha, biznesda yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori va bu raqobatda salbiy taʼsir qilmoqda.

Davron Vahobov
Foto: “Daryo”

“Shunaqa tadbirkorlar borki, xodimlariga 114 ming so‘m oylik to‘larkan. Biznesda teng raqobat bo‘lishi kerak. Reyting tizimida mezon qanday aniqlaydi deyilsa, masalan, Qashqadaryo viloyatida 500 ta korxona bor. Ularning xodimlariga berayotgan o‘rtacha oyligi ko‘rinib turadi. Eng kam oylik 1 million 50 ming so‘m etib belgilangan. Ammo hozir hech kim O‘zbekistonda bir million so‘mga ishlamaydiku”, — deydi Davron Vahobov.

Foto: “Daryo”

Tadbirda reytingni belgilashda mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodlari muhimligi eslatib o‘tildi. Kodlar orqali tadbirkor qaysi sohada faoliyat yuritayotgani, jami aylanma mablag‘lari qanchaligi va boshqa ko‘rsatkichlar avtomatik baholanadi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmatining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, yuqorida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralari davlat korxonalari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »