Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

14-fevral oqshomida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov Rossiya TIVga chaqirildi.  Qayd etilishicha, bunga O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘janing bloger Kirill Altman muallifligidagi “Alter Ego” dasturiga bergan intervyusi sabab bo‘lgan. Suhbatda Sh. Qudratxo‘ja o‘zi yashaydigan mamlakat tilini bilmaydiganlarni mashhur iqtibosga tayanib “bosqinchilar yoki ahmoqlar” deb atagan.

Rossiya TIV ushbu fikrni “o‘ta haqoratomuz va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb baholagan. Bu ham yetmaganidek, Moskva Toshkentdan rasmiy izoh ham so‘ramoqda.  “Daryo” shu mavzuda jamoatchilik faoli va bloger Nikita Makarenko bilan suhbatlashdi.

Intervyuda Sherzodxon Qudratxo‘ja Rossiya to‘g‘risida yoki rus tiliga qarshi fikr bildirmagan. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya nima uchun Qudratxo‘janing so‘zlarini “haqoratomuz va mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb baholamoqda?

– Birinchi galda, Sherzodxon Qudratxo‘ja bu bizning ichki ishimiz ekanligini taʼkidladi. Rossiya esa ushbu so‘zlarni Zaxar Prilepinning so‘zlariga javob sifatida ko‘rmoqda. Biroq Prilepin O‘zbekistonni to‘g‘ridan to‘g‘ri bosib olish haqida gapirgan edi. Bu Sherzodxon akaning shaxsiy fikrlari. U Rossiyaga nisbatan hech qanday javob emas. Rossiya o‘zini rus tilining “himoyachisi” sifatida ko‘radi. Men uchun rus tili ona til hisoblanadi. Lekin menga rus tilini “himoya” qilayotgan Rossiyaning yordami kerak emas. Hozirda butun dunyo bu “himoyachi”larning Ukraina shaharlarida qanday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda hech qanday til masalasida mojaro yo‘q. Bizning o‘zbek millati juda ham tinchlikparvar millat hisoblanadi. O‘zbekistonda istagan tilda suhbatlashish mumkin. Masalan, Samarqand va Buxoroda tojik, ingliz, o‘zbek va rus tillarida bemalol suhbatlasha olasiz. O‘zbekiston suveren mamlakat. Hozir ko‘ryapsizki, dunyoda juda yomon jarayonlar sodir bo‘lmoqda. So‘nggi vaqtlarda rus propagandistlari O‘zbekistonga ko‘p marta hujum qilmoqda. Bunga qarshi bizga strategiya zarur va Rossiya hamda boshqa davlatlarning bizga maslahatlari kerak emas!

Suhbat davomida
Foto: “Daryo”

Sherzodxon Qudratxo‘ja siyosatchi emas, u universitet rektori. Va u kishining chiqishlarida men hech qanday haqorat ko‘rmayapman. Jamiyatda turli xil odamlar bo‘ladi.

–  O‘zbekiston Rossiyaning so‘roviga javob berishi kerakmi?

– Men O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi qanday yo‘l tutishini bilmayman. Lekin o‘ylashimcha, Rossiyaga hech qanday rasmiy javob berishimiz kerak emas. Bu bizning ichki ishimiz. Zaxar Prilepin bilan Qudratxo‘janing chiqishlari bir-biriga bog‘liq emas. Sherzodxon Qudratxo‘ja gaplari umumiy, uning so‘zlari Rossiyaga yo‘naltirilmagan.

Siz ko‘pincha rus tilida post yozasiz. Lekin O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Rossiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilganidan keyin, Telegram kanalingizda o‘zbek tilida post yozdingiz. Sizni o‘zbek tilida post yozishga nima ilhomlantirdi?

– O‘zbekistonning 95 foiz aholisi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu shu yurtga va millatga bo‘lgan hurmat. Men ko‘chada biror-bir o‘zbek bilan tanishsam, birinchi navbatda o‘zbek tilida gaplashaman. Bu men uchun muammo emas. Agar siz kimdir bilan suhbatlashmoqchi bo‘lsangiz, birinchi galda o‘sha yurtning ona tilida so‘z boshlaysiz.

Jurnalist Sardor Ali
Foto: “Daryo”

O‘zbekistonda xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rganishga yaxshi darslik yo‘q. Bu muammo haqida men bir necha marotaba o‘z kanalimda yozganman. Eng qizig‘i, o‘zbek tilini o‘rgatadigan maktablar ham yo‘q. Mana shu katta muammo.

So‘ngi vaqtlarda rus propagandasi juda kuchayib ketdi. O‘zbekiston hukumati rus propagandasiga qarshi kurashish uchun nima qilishi kerak?

– Tashqi propagandaga qarshi faqat bittagina dori mavjud. Bu – kuchli media. Agar davlatda kuchli media bo‘lmasa, jamiyatda katta bo‘shliq yuzaga keladi. Tashqi propaganda esa shu bo‘shliqdan foydalanishga harakat qiladi. Hozir O‘zbekistonda senzura bor va jurnalistika ancha murakkab kasb.

Propagandaga qarshi kurash uchun mafkura ham kerak. O‘zbekiston birinchi prezidenti davrida (1991—2016-yillar) “Ma’naviyat va maʼrifat” degan mafkura bor edi. Bugun bu mafkura juda eskirdi. Bu hech kimga qiziq emas.

Bloger Nikita Makarenko
Foto: “Daryo”

Sizningcha, O‘zbekistonda jamiyatni jipslashtiradigan qanday mafkura bo‘lishi kerak?

– O‘zbekistonliklarga kuchli mafkura va buning ichida kuchli bir qancha yo‘nalishlar zarur. Kuchli bo‘lish uchun qobiliyat, mehnatsevarlik va intellektuallik jihatlari kerak. Men O‘zbekiston fuqarosiman. Rossiya menga vatan emas. O‘zbekiston tarixida Rossiya bosqini mavzusida ko‘p ochilmagan sirlar mavjud. Bizga tarix borasida diskussiya kerak.

Agar mening talaffuzimda ayrim xatolar yuz bergan bo‘lsa, buning uchun uzr so‘rayman. O‘zbek tili juda ham chiroyli va boy til. Keyingi safar ham siz bilan o‘zbek tilida suhbat qilamiz, — dedi suhbat so‘ngida bloger Nikita Makarenko.

Suhbatni jurnalist Sardor Ali olib bordi

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »