Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Rossiya federal jazoni ijro etish xizmati xodimlari 17-fevralga o‘tar kechasi Aleksey Navalniyning jasadini koloniyaga uning advokat va yaqinlari kelguniga qadar u yerdan olib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.

Foto: instagram.com/navalny

Jurnalistlar Xarpedagi koloniyadan tuman markaziga boradigan yagona quruqlik yo‘li bo‘lgan Labitnangi va Salexard kesishmasidagi kameralardan olingan videoyozuvlarni o‘rgandi. Tasvirlarda to‘rtta mashinadan iborat kortej, shu jumladan federal jazoni ijro etish xizmatiga tegishli avtomashina aniqlangan.

Jurnalistlar voqea 16-fevraldan 17-fevralga o‘tar kechasi yarim tunda sodir bo‘lganini inobatga olib, Navalniyning jasadi IK-3 koloniyasidan aynan nimanidir yashirish uchun Salexard tomon olib ketilganini taxmin qilmoqda.

Ayni paytda, tibbiy ekspertlari Rossiya hukumati Navalniyning jasadini yorishni qancha kechiktirsa, uning tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani ehtimoli shunchalik kam bo‘ladi, degan fikrda.

17-fevral kuni Aleksey Navalniyning oilasi Xarpedagi koloniyada vafot etgan siyosatchining jasadini topish uchun urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Marhumning jasadi dastlab Labitnangiga olib ketilgan, biroq 16-fevral kuni kechqurun Salexard tuman klinik shifoxonasiga yetkazilgan.

Navalniyning onasi va u jazoni o‘tayotgan Xarpedagi koloniyaga kelgan advokat Salexard o‘likxonasiga jo‘natilgan. Ammo u yerda ularga Navalniyning jasadi yo‘qligini aytishgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi esa siyosatchining o‘limi sabablarini aniqlashda davom etishlari va keyingi haftadan tergovni yakunlamasliklarini aytmoqda. Salexard tez tibbiy yordam stansiyasi xodimiga ko‘ra, Navalniyning tanasida hayot davomida olingan ko‘karishlar topilgan, ammo ular kaltaklanishdan emas.

BBC bilan suhbatlashgan ikki yirik xorijiy reanimatologning aytishicha, murdani yorib ko‘rmasdan Navalniyning o‘lim sabablari haqida gapirish mumkin emas.

“Faqat o‘z vaqtida o‘tkazilgan autopsiya (murdani yorib ko‘rish) to‘satdan o‘lim sabablarini aniqlashi mumkin, uni imkon qadar tezroq, kamida 24 soat ichida o‘tkazish kerak edi. Bu to‘satdan o‘lim holatlarida amalga oshiriladigan muntazam qadamlar bo‘lib, autopsiyani amalga oshirish uchun biopsiya yoki boshqa testlar natijalarini kutishning hojati yo‘q.

Agar o‘limga massiv tromboemboliya, o‘tkir koronar sindrom, infarkt va boshqalar sabab bo‘lganida, Rossiyada allaqachon bu haqda bong urishardi. Rasmiylar murdani yorib ko‘rib, jasadni oilasiga topshirishi foydaliroq bo‘lardi: go‘yoki bizning bunga hech qanday aloqamiz yo‘q ma’nosida. Menga bir narsa aniqki, jasad topshirilmayaptimi, demak, yashiradigan narsa bor”, — deydi AQSHdagi Tufts tibbiyot markazining anesteziologiya va intensiv terapiya bo‘limi mudiri Konstantin Balonov.

Isroillik taniqli reanimatolog Mixail Fremderman marhumning tanasidagi ko‘karish tutqanoqdan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

“Bu savodsiz tibbiy taxmin, biz autopsiyani kutishimiz kerak”, — deydi u.

Balonovning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval Navalniy gapirgan va hazillashgani aks etgan suddan olingan videoda u og‘ir xastalikka chalingan odamga o‘xshamagan: uning ahvoli, videodan xulosa qilish mumkinki, adekvat edi.

“Odamlar kamdan-kam hollarda tromboemboliyadan o‘ladi. Agar u to‘satdan yurak to‘xtashiga olib keladigan bo‘lsa, bu simptomsiz tarzda sodir bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas”.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, o‘tkir koronar yetishmovchilikdan  tez-tez o‘lim sodir bo‘ladi, ammo bu tashxis qo‘yish uchun 24 soat ichida autopsiya o‘tkazilishi kerak. Balonovning fikricha, tashxisning ikkala varianti (tromboemboliya va o‘tkir koronar yetishmovchilik) ehtimoli past:

“Navalniyning jasadini autopsiya qilishni qancha kechiktirishsa, uning o‘limining tabiiy sababi shunchalik kamroq bo‘ladi”.

Mutaxassis siyosatchi zaharlanishdan o‘lgani ehtimolini yuqori deb hisoblaydi, ammo batafsil alomatlarsiz uning zahar tarkibini taxmin qilish mumkin emas.

“Zaharli modda organizmda ancha vaqt saqlanib qoladi, ayniqsa odam o‘lgan bo‘lsa, lekin 2020-yildan farqli o‘laroq, endi Navalniyning qarindoshlari tadqiqot uchun uning jasadini chet elga yubora olishi dargumon”, — deydi Balonov.

Aleksey Navalniy o‘limi

Rossiyalik siyosatchi, Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy 16-fevral kuni koloniyada vafot etdi. Rossiya qamoqxona xizmatiga ko‘ra, u “sayrdan keyin o‘zini yomon his qilgan va hushini yo‘qotgan”. O‘limga dastlab tromb yorilgani sabab bo‘lgani aytilgan.

“Ommaviy axborot vositalarida yozilayotgan va Jazoni ijro etish Federal xizmati tomonidan e’lon qilingan xabarda Aleksey Navalniy tromb yorilishidan vafot etgani aytilmoqda. Ammo buni hozircha tasdiqlab bo‘lmaydi, chunki bu kasallikni aniqlash uchun avval murdani yorib ko‘rish kerak”, — degan Navalniyni davolagan shifokor Polupanov.

O‘z navbatida, Tergov qo‘mitasi tergovchilar marhumning jasadini tekshirmoqchi.

“Aleksey Navalniyning jasadi zudlik bilan oilasiga berilishini talab qilamiz”, — deydi siyosatchining matbuot kotibi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »