Yangi Zelandiya Ukrainaga 16 million dollar miqdorida yordam ajratadi
Yangi Zelandiya Ukrainaga 25,9 million Yangi Zelandiya dollari (16,01 million AQSH dollari) miqdorida yordam berishni rejalashtirgan. Ikki yillik yordamning umumiy qiymati 61,8 million AQSH dollaridan oshadi. Bu haqda hukumat bayonotiga tayanib, RIA xabar berdi.
Ushbu yordam paketining qariyb 4 million dollari Kiyevga qurol sotib olish uchun Britaniya fondiga, 4,3 million dollari gumanitar yordamga, 1,8 million dollari Jahon bankining Ukrainani qayta tiklash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berish yuzasidan NATO davlatlariga murojaat qilgan edi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga yuborilgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini aytgan. Uning taʼkidlashicha, AQSH va NATO Ukrainadagi mojaroda nafaqat qurol-yarog‘ yetkazib berish, balki Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiyada harbiy kadrlar tayyorlash orqali ham bevosita ishtirok etmoqda.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘lar yuborilishi Rossiya—Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qilgan.