Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Dueyn Duglas Jonson, “Qoya” laqabi bilan ham tanilgan, nafaqat Gollivudning eng yuqori maosh oladigan iste’dodli aktyori, balki biznesmen va prodyuserdir. Uning muvaffaqiyat tarixi butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarni hayratga soladi va ilhomlantiradi.

Dueyn Jonson 1972-yil 2-mayda Kaliforniyaning Heyvord shahrida, AQSHda tug‘ilgan.

Jonsonning bolaligi Yangi Zelandiyada o‘tadi, u Grey Linn tumanida joylashgan Richmond Road boshlang‘ich maktabida o‘qiydi.

Aktyor 14 yoshidan 17 yoshigacha o‘g‘rilik va mushtlashuvlar sabab bir necha marta hibsga olinganini tan oladi.

Dueyn Jonsonning bo‘yi hozir 196 sm. O‘rta maktabda o‘qiyotganida bo‘yi 193 sm va vazni 102 kg bo‘lgan. Ko‘plab sinfdoshlari uni maxfiy politsiya xodimi deb o‘ylagan.

15 yoshli Dueyn Jonson
Foto: Getty Images

U kurashchilar oilasida katta bo‘lgan, Jonsonning otasi va bobosi professional restler (kurash) bilan shug‘ullangan, buvisi esa polineziya professional kurashining ilk promouteri bo‘lgan.

Avvaliga Jonson FQB (Federal qidiruv byurosi)da ishlashni xohlaydi, shuning uchun u Mayami universitetining kriminologiya va fiziologiya fakultetida o‘qiydi.

Jonson ilk bor 1996-yilda WWEda Rokki Mayvia nomi ostida ringga chiqadi. Ushbu taxallus otasining ismi Rokki va bobosining familiyasi Mayvia birlashmasidan tashkil topgan.

Karyera va moliyaviy muvaffaqiyat

O‘z faoliyatini WWEda professional restler kurashchisi sifatida boshlagan Dueyn Jonson muxlislar mehrini qozonib, kino olamiga kirib keladi. Natijada turli janrdagi filmlarda — ekshndan komediyagacha tomoshabinlarning sevimli aktyori bo‘lib qoladi.

Hozirda Jonson Gollivuddagi eng boy odamlardan biri bo‘lib, aktyorlik mahorati, prodyuserlik va biznes loyihalari bilan daromad topmoqda.

O‘zining Seven Bucks Productions kompaniyasi orqali u o‘zi bosh rollarni o‘ynaydigan blokbasterlarni suratga olmoqda va boshqa yirik studiyalar bilan hamkorlik qilmoqda.

2024-yil boshiga kelib, aktyorning boyligi 500 million dollardan oshib ketdi. U pulini eksklyuziv avtomobillarga, ko‘chmas mulkka, samolyotlar sotib olishga va xayriya loyihalariga sarflaydi.

Jonson “Qoya” taxallusi ostida kurashib, 1996-yildan 2004-yilgacha mohir restler kurashchisi sifatida nom qozongan. U o‘z faoliyati mobaynida tarixdagi eng kassabop kurashchilardan biri bo‘lgan.

Stiven Kolbertga bergan intervyusida aytishicha, dastlab u har bir match uchun 40 dollar olgan. Kurashchilik karyerasi yakunlangach, Jonson kurash yulduzidan kino yulduziga o‘tishning qiyin bosqichini boshdan kechiradi.

U 2001-yilda “Mumiya 2” filmidagi roli uchun 5,5 million dollar gonorar olib, muvaffaqiyatga erishadi. Uning shon-shuhrati va gonorari “Forsaj” filmidan keyin yanada oshadi.

2018-yilda Jonson 124 million dollar ishlab topib, Forbes ro‘yxatida eng ko‘p gonorar oladigan aktyorga aylanadi.

U shuningdek, sobiq rafiqasi Deni Garsiya bilan Seven Bucks Productions kompaniyasini boshqaradi.

Ular mazkur studiyani ajrashganlaridan keyin 2012-yilda tashkil etgan. Seven Bucks orqali ular Jonsonning eng yirik hit filmlarini suratga oladi.

Jonsonning cho‘ntagida bor-yo‘g‘i yetti dollar bo‘lgan vaqtlar xotirasi uchun prodyuserlik kompaniyasi Seven Bucks nomini olgan.

2016-yil boshida Under Armour aktyorning asosiy homiysiga aylanadi, ammo u yagona homiy emasdi.

2016-yilda u kompaniya bilan o‘zining “DJ Inspired” kiyimlar tarmog‘ini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. 2018-yil iyun oyida uning 130 dollarlik krossovkalari 30 daqiqada sotilib ketadi.

Aktyor Ford va Apple bilan ham shartnomalar tuzgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u birgina shu kelishuvlardan yiliga 15 million dollar ishlab oladi.

Jonson har qanday film uchun kamida 20 million dollar talab qila oladigan aktyor hisoblanadi.

U o‘zning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida faol ravishda reklama oladi —  “Qizil ogohlantirish” filmini akkauntida e’lon qilgani uchun Netflix Jonsonga 1 million dollar to‘lagan.

Shuningdek, u Teremana Tequila va o‘zining gazlangan ichimliklar brendi Zhao Energy bilan hamkorlik qilish orqali ichimliklar sanoatiga kirib bormoqda.

2020-yil mart oyida Jonson Tequila kompaniyasiga asos soladi va qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishadi.

O‘sha yilning iyun oyida Jonson Zhao Energy ichimligini ishlab chiqaradi. 2021-yilgi CNBC hisobotiga ko‘ra, ichimlik 26 000 dan ortiq chakana savdo do‘konlarida va 100 000 dan ortiq tarqatish punktlarida sotiladi.

Oilasi va sevimli mashg‘ulotlari

Gollivud aktyorining ikkinchi rafiqasi — uning musiqiy prodyuseri Loren Xashian bilan 2019-yilda turmush quradi.

Juftlik 2019-yil 18-avgust kuni Gavayida nikohdan o‘tadi. Ularning to‘yi dengiz qirg‘og‘ida, ziyofat va ajoyib gullar bilan bezatilgan joyda bo‘lib o‘tadi. To‘y yopiq eshiklar ortida, faqat er-xotinning yaqin qarindoshlari ishtirokida o‘tkaziladi.

Dueynning Loren bilan munosabati aktyorning sobiq rafiqasi Deni Garsiya bilan ajrashganidan keyin ma’lum bo‘ladi. Sobiq er-xotinning 10 yillik nikohidan 21 yoshli Simone ismli qizi bor.

Ajralish chog‘ida Dueyn va Deni imzolagan qo‘shma bayonotda shunday deyilgan:

Munosabatlarimizning ba’zi jihatlari o‘zgargan bo‘lsa-da, ikkalamiz ham bir-birimizning hayotimizda juda muhimmiz.

Biz biznes manfaatlarimiz, xayriya ishlarimizni ilgari surish va boshqarishda davom etamiz, eng muhimi, farzandimizni mehribon ota-ona sifatida birga tarbiyalaymiz.

Biz so‘nggi 17 yilni er-xotin sifatida birga o‘tkazish baxtiga muyassar bo‘ldik. Endi hayotimizning qolgan qismini qadrdon do‘st va biznes sherik sifatida birga o‘tkazishga umidvormiz.

Hozirda 50 yoshli sobiq kurashchi ko‘p vaqtini rafiqasi Loren Xashian va uch farzandi — Simone, Yasemin va Tiana bilan o‘tkazadi.

Dueyn Jonsonning sevimli mashg‘uloti — bu mashq qilish va sport zalida ishlashdir. Uning fitnesga bo‘lgan ishtiyoqi futbolchi, kurashchi va aktyor sifatidagi muvaffaqiyatiga poydevor bo‘lgan. Bundan tashqari, uning hobbilariga musiqa tinglash, film tomosha qilish va baliq ovlash kiradi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »