Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Yaqinda o‘g‘lining nikoh to‘yidan oldin uyushtirgan 3 kunlik bazm tufayli Mukesh Ambani OAVda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Mehmonlar ro‘yxatida 1,200 kishi — ular orasida Bill Geyts, Mark Sukerberg va rafiqasi Pristsilla, Kanada sobiq bosh vaziri Stefan Harper, Avstraliya sobiq bosh vaziri Kevin Rudd, Disney bosh direktori Bob Iger va Ivanka Tramp ham bo‘lgan. Kechaning asosiy mehmoni Rianna esa, mish-mishlarga ko‘ra 7 million AQSH dollari evaziga tadbirda qo‘shiq kuylagan

Bugun esa oila boshlig‘i milliarder Mukesh Ambanining ta’lim olishi va biznesga kirib kelishi haqida ma’lumot beramiz.

Mukesh Ambani Yamanda tug‘ilgan, ammo keyinchalik oilasi bilan Hindistonning eng rivojlangan shaharlaridan biri bo‘lgan Mumbayga ko‘chib o‘tadi. O‘smirlik yillarida Ambani Mumbaydagi Hill Grange o‘rta maktabida o‘qiydi, so‘ng bakalavriat bo‘yicha kollejga o‘qishga kiradi. Malaka oshirish uchun Ambani Stenford universitetida MBA darajasi uchun ta’lim oladi. Faqatgina o‘qishni yakunlay olmaydi — otasi Mukeshni bilimlarini amaliyotda qo‘llashga va Reliance kompaniyasini rivojlantirishga yordam berishi uchun chaqirib oladi.

1980-yilda Mukesh Hindistonga qaytadi va bu qaror uning taqdirida burilish nuqtasi bo‘ladi. Olgan ta’limi bo‘lajak milliarderga kompaniyani shunday darajaga ko‘tarishga yordam berdiki, 1981-yilga kelib Reliance faqat neftni qayta ishlash va neft-kimyo mahsulotlari bilan cheklanmay, balki chakana savdo va telekommunikatsiyalar bilan ham shug‘ullanadi. Yosh tadbirkor rahbarligi ostida Reliance Jio Infocomm Limited eng yirik telekommunikatsiya sektorlaridan biriga, Reliance Retail Ltd. esa muvaffaqiyatli chakana savdo tarmog‘iga aylanadi.

Mukesh Ambani dunyoning eng badavlat odamlari bo‘yicha Forbes ro‘yxatiga kiradi va Hindistonning eng boy odami sifatida taniladi. Hozirda uning boyligi 115 milliard dollarga baholanmoqda. Mukesh bosh direktor va direktorlar kengashi raisi bo‘lib ishlaydigan Reliance kompaniyasi esa yiliga 100 million dollardan ortiq sof foyda keltiradi. Mukesh biznesdan tashqari sport sohasiga ham investitsiya kiritadi, masalan, u mamlakatdagi eng muvaffaqiyatli kriket jamoasi Mumbai Indians’ni sotib olgan va Hindiston futbol ligasining asoschisi hisoblanadi.

Mukesh Ambanining shaxsiy hayoti

Milliarderning hayot tarzi uning maqomiga munosib: Mukesh Ambani mamlakatning yirik xayriya qiluvchilaridan biri, ibodatxonalar quradi, hayvonlarni himoya qilish tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq Ambani ko‘p biznesmenlardan bir jihatda farq qiladi — u 40 yildan beri bir ayol bilan hayot kechirmoqda. 1985-yilda Mukesh va Nita Ambani raqs paytida tanishib qoladi. Keyinchalik ular oila quradi, yillar o‘tgach esa Nita uch farzandni dunyoga keltiradi. Juftlik hali ham barcha tadbirlarga birgalikda boradi.

Tijorat boyligi bilan bir qatorda, Ambani oilasi bir nechta ko‘chmas mulklarga egalik qiladi. Lekin Ambani oilasining asosiy boyligi Chikago me’morlari Perkins & Will tomonidan loyihalashtirilgan — 27 qavatli Antiliya uyidir. Uchta vertolyot maydonchasi, sportzal, kinoteatr va 160 mashina sig‘adigan garaji bilan bu bino 1 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng qimmat xususiy uylardan biri hisoblanadi. Biroq u yerda faqat Mukesh va uning rafiqasi emas, balki milliarderning onasi Kokilaben Ambani, shuningdek juftlikning uch farzandi — egizak o‘g‘illari Anant va Akash, hamda qizi Isha oilasi bilan yashashadi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »