Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

“Fitna”, “Saodat” kabi seriallardagi roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Xonzoda Qambarova 12-mart kuni 25 yoshni qarshiladi. Xo‘sh, aktrisa, bloger va omadli biznes egasi bo‘lgan Xonzoda Qambarovaning muvaffaqiyat siri nimada? Keling, quyida bu kabi savollarga javob izlaymiz.

“Men tug‘ilganimda dadam kasodga uchragan”

 Xonzoda Qambarova san’atdan butunlay yiroq bo‘lgan oilada kenja farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Uning opasi va akasi bor.

Foto: Instagram

— Hayot insonni tarbiyalash bilan birga fe’l-atvoriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazar ekan. Bolaligimda uyatchan, yuvoshgina qiz bo‘lganman. Afsuski, oilamizdagi moddiy qiyinchiliklar sabab, bolalik gashtini ham his qilolmaganman.

Men tug‘ilmasimdan avval dadam tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, O‘zbekistonda “Volga” avtomobili sotish bilan shug‘ullangan ekan. Opam va akamning bolaligi asilzodalar singari o‘tgan. Men tug‘ilgach, dadamning ishi chappasiga ketib, kasodga uchragan. Xullas, moliyaviy qiyinchiliklar sabab bolaligim havas qilgudek o‘tmagan.

7 yoshimdan boshlab sut, qatiq sotib, mustaqil pul topishni boshlaganman. Aktrisa bo‘lgunga qadar shirinlik, xo‘jalik sovuni va kiyim-kechak ham sotib ko‘rganman, — deydi aktrisa.

“San’atkor bo‘lsang oyog‘ingni urib sindiraman”

Xonzoda Qambarovaning san’atkor bo‘lishiga birinchilardan bo‘lib otasi qarshilik qiladi. Ammo onasining qo‘llab-quvvatlashi sabab, u boshqalarga aytmay san’at kollejiga o‘qishga topshiradi.

Foto: Instagram

— Onam san’atga qiziqqan bo‘lsa-da, dadam bu sohani tanlashimni istamagan. Hatto maktabni bitirishim arafasida “San’at kollejiga hujjat topshirsang, oyog‘ingni sindiraman. Bir umr uyda o‘tirasan”, deb ogohlantirgan. Maktab shahodatnomasini olgach, onamga qo‘ng‘iroq qilib, “Qaysi kollejga hujjat topshiray?”, deb so‘raganman. “Bilmadim, ko‘ngling nima desa, shuni qil”, deb go‘shakni qo‘ygan. Onamning bu gapi kuch bag‘ishlab, Toshkent madaniyat kollejiga hujjat topshirganman. Rosti, kirish imtihonlariga umuman tayyorgarlik ko‘rmaganman. Shuning uchunmi, mening o‘qishga kirishimga hech kim ishonmagan. Imtihonga kirishdan avval internet orqali monolog nima ekanligini o‘qib olganman. Ijodiy imtihondan yuqori ball olib, drama aktyorligi bo‘limiga o‘qishga qabul qilinganimda hamma shokka tushgan. Ammo bu bo‘limda o‘qish nasib etmadi. Boisi drama aktyorligi bo‘limidagi mashg‘ulotlar shomga qadar davom etar ekan. Afsuski, oilaviy sharoit sabab uzoq vaqt o‘qishda qololmasdim. Chunki dadamning ishlari yurishmay qolgach, hammamiz ishlashga majbur bo‘lganmiz.

Foto: Instagram

Onam “Abu Saxiy” bozoridagi sotuvchilarga do‘konma-do‘kon yurib kosmetika sotardi. Akam o‘qishdan keyin yarim kechga qadar choyxonada ishlardi. Men esa ovqat qilish va onamga yordamlashishga mas’ul edim. Onam bilan og‘ir xaltalarni ko‘tarib, har bir do‘konga kirib “Kosmetika olinglar, nasiyaga ham beramiz”, deb chiqardik. Xullas, kechgacha o‘qish menga to‘g‘ri kelmasdi. Shunda kimdir an’anaviy xonandalik bo‘limida o‘qishni tavsiya qilgan. Chunki ularda dars tushdan keyin tugar ekan. Ana shu jihati ma’qul bo‘lgani uchun drama aktyorligi bo‘limida o‘qishdan voz kechganman. Ammo u paytda maqom qo‘shiqlar bo‘yicha o‘qish xayolimga ham kelmagandi, — deydi aktrisa va bloger Xonzoda Qambarova.

 “To‘ylarda 50 ming so‘m evaziga xonandalik qilardim”

Xonzoda to‘ylarga chiqib pul topishga majbur bo‘lgani va ba’zi paytlari bundan afsuslanishi haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Kollejning birinchi kursida o‘qiyotganimizda ustozlarimiz to‘yga olib chiqishgan. Adashmasam, o‘shanda 50 ming so‘m pul berishgandi. Mana shundan keyin to‘ylarga chiqib, bek-vokal xonandasi sifatida ishlab, pul topishim mumkinligini tushunganman. Ijaraga ko‘ylak olib, to‘ylarga chiqishga qaror qilganman. Chunki o‘sha paytda onam kun bo‘yi ishlab 50 ming, akam 30 ming topsa, men bitta to‘ydan 150 ming so‘m haq olardim. Ro‘zg‘orimiz yaxshilanayotganidan oila a’zolarim ham quvongan. Ammo men ba’zida bundan afsuslanaman. Chunki o‘quvchilik yillarimning eng shirin paytlari to‘ydan to‘yga yugurish bilan o‘tgan. Ammo to‘yning ham yaxshi tomonlari bor. Juda ko‘plab mashhur san’atkorlar ham to‘y xizmatlari sabog‘ini olib, mashhurlik cho‘qqisiga yetgan, — deydi Xonzoda Qambarova.

 “18 yoshimda mashina sotib olganman”

Aktrisa to‘ylardan olgan daromadini to‘plab, ilk mashinasini sotib olgani haqida ham eslab o‘tdi.

Foto: Instagram

— 17 yoshimdan boshlab, jamoa bo‘lib to‘y-tantanalarda ishtirok etardik. Bir yil davomida ishlab topgan pulimni yig‘ib, mashina olishga qaror qilganman. Chunki mashina oilamiz uchun juda kerak edi. 18 yoshimda Spark rusumli ilk mashinamni sotib olganman. Undan keyin to‘yimni o‘tkazganman, — deydi bloger Xonzoda Qambarova.

 “Oilali bo‘lgach rejalarim o‘zgardi”

Kino va seriallardagi rollari bilan san’at olamiga kirib kelgan Xonzoda Qambarova kelinlik uyidagi qarshiliklar sabab, vayner bo‘lishga majbur bo‘lgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram

 2014-yili “Men yolg‘onchiman” nomli filmda suratga tushganman. Bu hayotimda tub burilish yasagan. 2017-yili Zarina Nizomiddinova bilan “Saodat” serialida suratga tushib, bir million so‘m gonorar olganman. Undan keyin “Bravo” kulgi jamoasiga taklif etilganman. 2019-yili jamoa bilan katta sahnaga chiqish baxtiga muyassar bo‘ldim. Afsuski, kuz oyida turmushga chiqqanimdan keyin ijodiy rejalarim o‘zgardi. Kelinlarning syomkalarga borishi mumkin emasligini aytishgach, uyda vaynerlik faoliyatimni rivojlantirishga e’tibor qaratdim, — deydi aktrisa.

“Turmush o‘rtog‘imning oilasiga aktrisaligim yoqmadi”

Shu kungacha ko‘plab oilaviy muammolarga uchragan aktrisa nega turmush o‘rtog‘ini tanlagani va oilaviy nizolarni qanday yengib o‘tganini ochiqladi.

Foto: Instagram

— Avvaldan oila uchun san’atni tashlayman, degan fikr bo‘lmagan. Chunki men bolaligimdan karyera va oilasiga birdek e’tibor beradigan ayollarni hurmat qilganman. Turmush o‘rtog‘im uzoq yil Rossiyada yashagani va fikrlash doirasi yevropacha bo‘lgani uchun uni tanlagandim. Ammo oilasi sof o‘zbekona bo‘lgani uchun o‘rtamizda ba’zi tushunmovchiliklar bo‘ldi. Ya’ni ularga san’atkor ekanim va vaynlar suratga olishim yoqmadi. San’atni tanlab, kinosyomkalarda ishtirok etmasligim mumkin. Ammo sevimli ishim bilan shug‘ullanishimga ruxsat berishlarini istagandim. Chunki ayol kishi ham oilasi va farzandidan ortib, o‘zi uchun ham yashashi kerak-ku.

Foto: Instagram

Men boylikka uchgan yoki karyera uchun oilani bir chetga surgan inson emasman. Agar shunday bo‘lganida badavlat inson bilan tanishib, oila qurishni ham ortga surib yurgan bo‘lardim. Ammo bunday yashash menga to‘g‘ri kelmaydi.

Nizolar hatto sudga ajrim berishgacha borib taqaldi, men u insondan alohida ham yashadim. Ammo keyin o‘tirib hammasini ochiqchasiga gaplashib oldik. Bir-birimiz nima istashimizni bildik, keyin hammasini boshidan boshladik, — deydi Xonzoda Qambarova.

“Yaxshi rolni sotib olsa ham bo‘ladi”

Aktrisa nega seriallarda suratga tushmayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi.

Foto: Instagram

— Serial va kinolarda kam suratga tushayotganimning ikkita sababi bor. Yaxshi ssenariylar deyarli yo‘q, ba’zan nima haqida serial suratga olishayotganini ham bilishmaydi. Keyin serial gonorari juda kam. Bir necha oy suratga olinadigan serialda 10-15 million so‘m gonorar beramiz, deyishadi. Ammo men Instagram’dagi bitta reklama postini 1000 AQSH dollariga joylayman. Shu bois, deyarli rol ijro etishni istamayapman. Keyin ba’zi mashhur aktrisalar pul berib bo‘lsa ham yaxshi rollarni sotib olishyapti. Men ham shunday qilsam bo‘ladi, ammo “jiz” etadigan ssenariy yo‘q. Yaxshi rol bo‘lsa gonorarsiz ham suratga tushishga tayyorman, ammo hozircha bunaqasi uchramayapti.

“ ‘Aristokratlar’ni nega tanlagansiz?”

Ilk ijodini “Bravo” kulgi jamoasida boshlagan aktrisa keyinchalik nima uchun “Aristokratlar” jamoasi yigitlar bilan ijod qilayotgani haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram

— Jahongir bilan avvaldan tanishmiz. Bir-ikki marta “Aristokratlar” ko‘rsatuviga mehmon sifatida chaqirishgandan keyin “Jamoaga qabul qilasizlarmi, shunchaki ishtirok etib yuravermayman-ku?”, dedim. Bo‘lmasa, Otabek Mirzaxolov bilan gaplashib, yana “Bravo” jamoasida ishtirok etaman, deb rejalashtirgandim. Chunki “Bravo” jamoasining 2019-yilgi konsert dasturida ishtirok etib, tajriba orttirganman. Jahongir Xo‘jayev “Agar bizning jamoada ishtirok etsangiz, boshqa konsertlarda ishtirok etolmaysiz”, dedi.

Foto: Instagram

Shundan keyin “Aristokrat”lar jamoasini tanladim. Ammo hali “yarq” etib ko‘zga ko‘rinadigan rol ijro etganim yo‘q. Chunki jamoa katta rol berishdan avval meni sinashi, fe’l-atvorimni o‘rganishi kerak. Jamoa a’zolari kelayotgan yil boshida konsert berishni rejalashtirmoqda. Agar sog‘ligim ko‘tarsa, konsertda ishtirok etaman, — deydi Xonzoda Qambarova.

“Instagram’dan ko‘proq pul topaman”

Bugungi kunda bloger va vaynerlik eng daromadli sohalardan biri hisoblanadi. Aktrisalikdan ketib bor e’tiborini Instagram’ga qaratayotgan Xonzoda Qambarova qancha daromad topadi?

Foto: Instagram

— Hozirgi kunda barcha daromadim Instagram’dan deyolmayman chunki go‘zallik saloning va kelin ko‘ylaklari ijarasi bilan ham shug‘ullanaman. 18 yoshimda o‘z kuchim bilan Spark olib, 23 yoshimda esa Captiva xarid qildim. Undan keyin uy, mashina, xususiy biznes. Shundan daromadim haqida bilib olsangiz bo‘ladi. Hozir ham reklamalar ko‘p keladi, ammo avvalgidek ijodiy videolar olishga vaqtim yo‘q. Uchta bola bilan hech narsaga ulgurolmayman, — deydi Xonzoda Qambarova.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »