Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov yig‘ilishida undan adolat talab qilib, o‘ziga nisbatan nohaqlik bo‘lganini aytgan maktab direktori yig‘ilishdan olib chiqib ketilib, qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda direktorning qamalishiga hokimlikning bosimi sabab bo‘lgani haqida turli xabarlar tarqaldi. 

Sudyalar oliy kengashi tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar bo‘yicha bayonot berdi. Unga ko‘ra, bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi maktab direktori U.Tursunovaga bog‘liq vaziyat muhokama qilinib, uning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishda ayblanib, javobgarlikka tortilishi mahalliy hokimlikning sudga bosimi ostida sodir bo‘lganiga oid fikrlar bildirilmoqda. 

“Sudyalar oliy kengashi holat o‘rganilganligini va  mazkur ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rib chiqilishida sudyalarga nisbatan bosim yoki sud ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmaganligini ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, U.Tursunovaga nisbatan ma’muriy  ish uning shikoyatiga asosan viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan. Ma’muriy ish materiallari Oliy sud kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi natijasida quyi sud qarorlari o‘zgartirilib, 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi 7 sutkaga keltirilgan. 

Kassatsiya instansiyasi qaroriga nisbatan (7-avgust holatiga) shikoyat kelib tushmagan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sariosiyo tumanidagi maktab direktori Umida Tursunova bilan tortishgani aks etgan.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbar Murodbek Davlatovning “Daryo”ga bildirishicha, tortishuv 26-iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida sodir bo‘lgan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Viloyat hokimi Umida Tursunovaga lavozimidan olinganini aytgach, direktor “mening nima aybim bor?” deb so‘raydi. “Eplolmaganing uchun, butun dunyoga sharmanda qilganing uchun”, deya javob bergan viloyat hokimi.

Foto: Videodan kadr
U yerda nima bo‘lganini siz qayerdan bilasiz? “Muhitni buzding”, deysiz, nima muhit buzilgan u yerda? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, shuncha yozganimizga indamaylik deb... Ahvolni o‘rganadigan odam yo‘q, bularning hammasining tili bir, — deydi Umida Tursunova viloyat hokimining dakkisi noo‘rin ekanini taʼkidlar ekan.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Voqea davomida maktab direktori “Viloyat hokimiga to‘g‘ri maʼlumot kiritilishi kerak. Yo‘qot, yo‘qot, yo‘qot, nima qilyapman men? Senlar maktabda xohlagan ishingni qilding, hech kim hech narsa qilmadi-ku?! Menga chora ko‘riladimi? Nimaga tashqariga chiqaman? Mana shu yerda turib oxirigacha eshitaman, prezidentga aytadigan gapim bor. Otsa, meni O‘zbekiston oldiga olib chiqib, otib tashlasin”, — deydi. Shundan so‘ng direktor ichki ishlar organi xodimlari tomonidan majlislar zalidan olib chiqib ketilgan.

Foto: Videodan kadr

Majlislar zalini tark etayotgan Umida Tursunova viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovga qarata “Hayf sizday viloyat hokimiga”, deydi.

Murodbek Davlatovning qo‘shimcha qilishicha, Umida Tursunova dastlab o‘qituvchilarga qo‘pol muomalasi sabab jamoatchilik nazariga tushgan. Shuningdek, u maktabga murojaatni o‘rganishga borgan jurnalistlarning kamerasiga shikast yetkazgan.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »