Ukraina Rossiyaning Qora dengiz floti qarorgohiga zarba berishda Storm Shadow raketalaridan foydalangan — OAV
Ukraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrimning Sevastopol shahridagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga hujum qilish uchun Storm Shadow raketalaridan foydalangan. Bu haqda Ukraina harbiy-havo kuchlari Sky News’ga ma’lum qildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 22-sentabr kuni davomida Ukraina harbiylari Sevastopolga raketa zarbasi berganini, hujumni qaytarish vaqtida havo hujumidan mudofaa tizimlari beshta raketani urib tushirganini ma’lum qildi. Zarba oqibatida Qora dengiz flotining tarixiy shtab-kvartirasi shikastlangan. OAV o‘n besh kishi jarohatlangani, bir harbiy xizmatchi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Mixail Razvojayevning xabar berishicha, raketa bo‘laklari Lunacharskiy teatri yaqiniga tushgan. Flot shtab-kvartirasida yong‘in sodir bo‘ldi. Shahar markazidagi o‘nta tura joy binosining oynalari sindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Sevastopoldagi Qora dengiz floti qarorgohiga raketalardan birining urilishi lahzasi aks etgan video tarqaldi.
Storm Shadow — Britaniya va Fransiyaning havodan uchiriladigan qanotli raketasi, Fransiyada ular Scalp deb nomlanadi. Ularning uchish masofasi 250–500 km.
Ukraina armiyasi joriy yilning bahorida Buyuk Britaniyadan Storm Shadow’larni qabul qildi, yozda esa Fransiya raketalarini oldi. Ukraina Qurolli kuchlari ushbu raketalardan foydalanish uchun sovet samolyotlarini modernizatsiya qildi: ular Donbass, Zaporojye va Xerson viloyatlaridagi nishonlarga zarba berish uchun bir necha marta ishlatilgan.