Bugun,

  • USD12736.48
  • RUB137.6
  • EUR14193.53

Bu ayol sharqona kamtarlik va itoatkorlikni qachon ko‘rsatish va maqsadiga erishish uchun qanday harakatlanish kerakligini juda yaxshi biladi.

Foto: Getty Images

Ingliz tili darsidan Kaliforniyagacha

Vendi Deng boy oiladan chiqmagan. Uning oilasi oylik daromadi ikki yuz dollardan oshmaydigan Xitoyning kichik Syuchjou shahrida yashar edi. Manxettenning bo‘lajak yulduzi o‘sha paytda Vengge Deng ismli oddiy maktab o‘quvchisi edi. 70-yillarda Xitoy asta-sekin o‘zining “iqtisodiy mo‘jizasi”ga erishayotgandi, lekin hali fuqarolariga hech qanday qulaylik taklif qila olmasdi — masalan, o‘sha paytlarda Deng oilasida kechqurun “svet” va gaz bo‘lmasdi. Ammo yosh Venge, sinfdoshlarining eslashlaricha, bolaligidan dabdabali hayotni, yuqori mavqeni va Xitoydagi ko‘pchilik singari — erkin kapitalistik Amerikani orzu qilgan.

Qiz maktabda o‘qib yurgandayoq Amerikaga ketish rejasini ishlab chiqadi — cheksiz ingliz tili darslari va do‘stlari bilan bekorga vaqt o‘tkazmaslik rejasining asosi edi. Oxir-oqibat qizning kapitalistik tilni egallashi natija beradi. Kaliforniyalik biznesmenlar oilasi — Cherrilar Vengening shahriga kelganida, u darhol o‘zining xitoycha ismini amerikancha “Vendi”ga o‘zgartirib, ularga ko‘ngilli tarzda tarjimon bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Keyinchalik Cherrilar oilasi tufayli 20 yoshli Vendi Janubiy Kaliforniyaga ko‘chib o‘tadi, u yerda ofitsiant bo‘lib ishga kiradi, so‘ng Yel universitetiga o‘qishga kiradi. U a’lochi talaba bo‘ladi va ko‘plab aqlli kursdoshlaridan farqli o‘laroq, ajoyib karyera ham qurishning uddasidan chiqadi.

Merdok, Bleyr, Putin va Vendining boshqa “yigitlari”

Ko‘pchilik Amerika orzusida bilimi va aqli yordamida karyera qurgan bo‘lsa, Vendi erkaklar qalbiga yo‘l topib, boy bo‘lishga qaror qiladi. Ma’lumki, qiz Cherri xonimning sa’y-harakatlari tufayli AQSHga ko‘chib kelgan, xonim bu xitoylik qizni juda yoqimtoy deb bilgan. Keyinchalik janob Cherri Green Card olish uchun uning amerikalik birinchi turmush o‘rtog‘i bo‘ladi, buning natijasida qiz boy biznesmen Devid Vulf bilan tanishadi, uning oilasi maftunkor xitoylik ayolning Yeldagi qimmat MBA kurslari uchun pul to‘laydi.

Ularning ishqiy munosabatlari shu qadar tez rivojlanadiki, bir yil ham o‘tmay, 68 yoshli Rupert Vendiga turmush qurishni taklif qiladi

Vendi Deng Rupert Merdok bilan birga
Foto: Getty Images

Yel unga Gonkongdagi Star TV’da amaliyot o‘tash imkoniyatini beradi — keyinchalik kompaniyani eng boy mediamagnat, “ommaviy axborot vositalari qiroli” Rupert Merdok sotib oladi. Star TV’ni “o‘ziniki” qilish uchun kompaniyada oddiy stajyor bo‘lgan qiz doimiy ravishda xo‘jayinga maslahatlar bera boshlaydi (albatta, u Xitoyda biznesni qanday rivojlantirish haqida yaxshi bilardi). Vendi nihoyat Merdokka tarjimon bo‘lib oladi va uni yo‘ldan ozdirishga muvaffaq bo‘ladi. Ularning ishqiy munosabatlari shu qadar tez rivojlanadiki, bir yilga ham bormay 68 yoshli Rupert Vendiga turmush qurishni taklif qiladi. Shu bilan birga, Sohodagi hashamatli uy va boshqa ko‘chmas mulklari, Morning Glow yaxtasi, biznesi va ko‘p milliard dollarlik aktivlarini ham qo‘shib beradi.

Ammo Rupertning chiroyli rafiqasi unga qimmatga tushadi: to‘ydan bir necha hafta o‘tgach, “axborot qiroli” xitoylik ayolning oyoqlari ostida edi, qizig‘i, u hech qachon xotinidan shikoyat qilmaydi. Merdok uyidagi enaganing aytishicha, Vendi biznes, bolalar merosi va shunchaki mayda-chuyda narsalarni deb eriga tez-tez baqirib turgan. Ammo u turmush o‘rtog‘ini qachon himoya qilishni ham bilardi: masalan, Britaniya parlamentida Merdokning News of the World gazetasi tomonidan uyushtirilgan mashhur shaxslarning telefon suhbatini tinglash bo‘yicha sud jarayonida zalda kimningdir Rupertga qarshi aytgan ikki og‘iz so‘ziga javoban Vendi o‘rnidan sakrab turadi va haligi odamga tashlanib qoladi.

Foto: Getty Images

Merdok bilan turmush qurgach, xitoylik ayol birin-ketin biznes loyihalarida qatnasha boshlaydi: u kompaniyaning Xitoydagi filialini rivojlantiradi. Star TV telekanalining o‘z vatanida My Space tarmog‘ini ishga tushirishga yordam beradi. Keyinchalik Deng o‘zining prodyuser sifatidagi iste’dodini kashf etadi va ikkita film chiqaradi.

Detektivlar Merdokka Vendining Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri bilan bo‘lgan munosabati haqida dalillar yig‘ib berishadi

Xitoylik ayolning loyihalari milliarderlar — erining do‘stlari yordamisiz amalga oshmasdi, albatta, lekin Vendi ularning hech biri bilan qo‘lga tushmaydi, shuning uchun keksa Rupert xotirjam aqlli xotini bilan faxrlanishni davom ettirishi mumkin edi. Ammo 14 yildan keyin er-xotin nihoyat ajrashishga qaror qiladi. Detektivlar Vendi Merdokning xiyonatiga oid dalillarni eriga taqdim etishadi: ma’lum bo‘lishicha, uning rafiqasi Rupertning yaqin do‘sti va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyrga anchadan beri yaqin bo‘lgan. Albatta, Vendi ham, Bleyr ham buni tan olmaydi, lekin ilgari Vendining boshqa erkaklarga qilgan noz-karashmasiga ko‘z yumgan Rupertning harakatlariga qaraganda, xitoylik ayol va siyosatchi o‘rtasida shunchaki do‘stlikdan boshqa narsalar ham bo‘lgan.

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr.
Foto: Getty Images

Har holda Merdokdek odam bilan ajrashish Vendiga turmush qurishdan ham ko‘proq foyda keltiradi. U katta miqdorda tovon puli undiradi, hatto ikki qizi uchun ishonch fondidan ulush olishga muvaffaq bo‘ladi. Vendining Bleyr bilan bo‘lgan munosabati haqidagi mish-mishlardan so‘ng, OAV uning deyarli barcha nufuzli siyosatchilar bilan munosabatlarga ega bo‘lgani haqida yozadi — ular orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bor edi (keyinchalik Amerikaning Vogue jurnaliga bergan intervyusida Vendi u bilan tanish emasligini tan oladi).

Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Foto: Getty Images

Tanish orttirish borasidagi “iste’dodi”

Bir marta Vendi jurnalistlarga: “Hammaning e’tiborini jalb qilish uchun aqlli bo‘lish kerak”, degandi. Darhaqiqat, xitoylik ayol har doim kerakli odamlar bilan tanishish uchun yetarlicha aqlli edi: u shu yo‘l bilan Yelga kiradi, keyin Merdok kompaniyasida stajirovka o‘taydi, Rupertga turmushga chiqqach esa zodagon elitalardan biriga aylanadi.

Masalan, erining tanishlari tufayli u Ivanka Tramp bilan tanishadi. O‘sha paytda Ivanka bo‘lajak eri Jared Kushner bilan diniy kelishmovchiliklar tufayli ajrashgandi. Aynan Deng juftlikni o‘zi tashkil etgan yaxta sayohatida yarashtirib qo‘yadi. Biroz vaqt o‘tgach, Ivanka va Jared turmush quradi va Vendi oilaning qadrdon do‘stiga aylanadi (Ivanka hatto dugonasini otasining inauguratsiyasiga taklif qiladi).

Vendi Deng va Ivanka Tramp 2016-yilgi Kostyumlar instituti balida                                     
Foto: Getty Images

Bundan tashqari, Deng Roman Abramovichning sobiq rafiqasi Dasha Jukova bilan ham do‘stlashadi — hozirda ular Artsy qo‘shma badiiy loyihasini ham birgalikda olib borishmoqda. Deng Vladimir Putinni bilishini inkor etsa-da, Vendi Rossiya rahbarining ishonchli odamining oilasini juda yaxshi biladi.

Vendi Dasha Jukova bilan sayrda, 2017-yil 31-may                                                                 
Foto: Getty Images

Nima bo‘lganda ham, xitoylik ayol manfaat ko‘zlab tanishishda davom etayotganga o‘xshaydi, chunki endi “bechora xitoylik qiz” odamlar u bilan do‘stlashmoqchi bo‘lgan mavqega erishdi.

Mavzuga doir
Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?

O‘zbekistonda 23-mart kuni qanday ob-havo kutilmoqda?— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Qozog‘iston

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi

Qozog‘iston—O‘zbekiston chegarasida transport vositalari va odamlar to‘planib qolganiga izoh berildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »
Mahalliy (O‘zb)

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan korxona litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi— « Daryo News (Daryo Yangiliklari, Новости Daryo) »